Bankomatlardan naqd pul yechish komissiya foizi 1,5%  bo‘ldimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda bankomatlardan naqd pul yechib olish uchun komissiyalar oshirilishi haqidagi xabar paydo bo‘ldi. Biroq, keyinchalik vaziyat o‘zgardi.

Bankomatlardan naqd pul yechish komissiya foizi 1,5%  bo‘ldimi?

Factchecknet.uz vaziyatni kuzatib bordi va feyk xabar qanday paydo bo‘lganligi va unga nisbatan qanday munosabat bildirilganini (spoiler – tezkor reaksiya bo‘ldi) aytib beradi. 

HUKM: FEYK

Ommaviy axborot vositalarida ham, ijtimoiy tarmoqlarda ham komissiya miqdori oshirilgani haqidagi ma’lumotlar rad etildi.

Ma’lum qilinishicha, tarqatilgan ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Milliy kartalardan naqd pul yechib olish uchun komissiya hali ham bir foiz miqdorida undiriladi. Xalqaro kartalardan pul yechib olish esa 1,5 foiz komissiya bilan amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, ba’zi banklar o‘z mijozlariga bankomatlarda 0,5% darajasida naqd pul olish xizmatlarini taklif qilishadi.

Yangilik xabarlarida logotipi paydo bo‘lgan SQB Bank matbuot xizmati ham bu xabarga javob qaytardi.

“Mahalliy kartalardan (UzCard, Humo) naqd pul yechib olish komissiyasi summaning 1 foizini, xalqaro to‘lov kartalaridan naqd pul yechib olish (shu jumladan, kobeyjing bank kartalari) komissiyasi summaning 1,5 foizini tashkil qiladi. Ushbu tariflar bank boshqaruvining 2023-yil 26-avgustdagi qarori bilan tasdiqlangan bo‘lib, bugungi kunda komissiya miqdorini oshirish bo‘yicha qaror qabul qilinmagan”, — deyiladi xabarda.

Keyinroq Telegram kanallari feyk yangiliklar (1, 2, 3, 4) haqida ogohlantira boshladi, baʼzilari esa xabarga yangilanish qoʻshib, bu foiz xalqaro kartalarga taalluqliligini aniqlashtirishdi.