Shokolad iste’mol qilish va akne (husnbuzar) o‘rtasidagi bog‘liqlik o‘nlab yillar davomida muhokama qilinadi. Bunday mazmundagi materiallar hali ham chop etilmoqda. Ko‘pchilik bu bayonotga ishonadi, ammo fan nima deydi?
HUKM: QISMAN ROST
Faktlarni afsonalardan ajratish uchun tadqiqotlarni ko‘rib chiqamiz. Shokoladdan akne paydo bo‘lishiga ishonish balki undagi shakar va yog‘ miqdorining ko‘pligi bilan bog‘liq bo‘lib, bu o‘z navbatida shunday fikr yuzaga kelishiga hissa qo‘shadi. XX asr o‘rtalarida olib borilgan tadqiqotlar bunday bog‘liqlikni ko‘rsatdi, lekin u ko‘pincha epizodik xarakterga ega bo‘lib, qat’iy ilmiy metodologiyaga tayanilmagan.
So‘nggi tadqiqotlar parhez va akne o‘rtasidagi aloqadorliklar haqida ko‘proq ma’lumot berdi. Yuqori glikemik indeksli ovqatlar, masalan, shirinliklar, qonda shakar darajasini oshirishi mumkin, bu esa insulin ishlab chiqarishni ko‘payishiga olib keladi. Insulinning yuqori darajasi yog‘ ishlab chiqarishni va yallig‘lanishni rag‘batlantirishi munkin va akne paydo bo‘lishiga xizmat qiladi. Biroq, shokoladning o‘zi turiga qarab (masalan, qora yoki sutli shokolad) yuqori glikemik indeksli oziq-ovqat emas.
2016-yilda Oziq-ovqat va diyetologiya akademiyasi jurnalida chop etilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, ba’zi ovqatlanish odatlari, shu jumladan sut va shakarni ko‘p iste’mol qilish akne paydo bo‘lishini kuchaytirishi mumkin. Shokoladning roli noaniq bo‘lib qolmoqda, chunki u ko‘pincha shakar va sut mahsulotlaridan tashkil topgan. 2014-yilda 14 nafar erkak kishi ishtirok etgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, 100% kakao mahsulotlarini iste’mol qilish ba’zi odamlarda husnbuzarlar chiqishini kuchaytiradi, bu kakaoning ba’zi tarkibiy qismlari akne paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkinligini ko‘rsatdi.
Ba’zi odamlar akne paydo bo‘lishiga bilvosita hissa qo‘shishi mumkin bo‘lgan sut yoki qo‘shimchali shakar kabi shokolad mahsulotlarida uchraydigan ingredientlarga ta’sirchan bo‘lishi mumkin. Shakar miqdori past va kakao kontsentratsiyasi yuqori bo‘lgan qora shokolad sutli shokoladdan farqli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Ushbu mavzuni sharhlash uchun biz kosmetolog va plastik jarroh Mahmudova Shahloga murojaat qildik.
“Shokolad tabiatan allergen mahsulot hisoblanadi va akne keltirib chiqarishi mumkin, ammo bu organizmga bog‘liq. Ko‘plab mutaxassislar bunday muammolarning oldini olish uchun parhez tavsiya qilishadi, ammo men shokoladni butunlay cheklamaslikni maslahat beraman, chunki uning organizm uchun foydali bo‘lgan boshqa xususiyatlari ham bor. Eng yaxshisi, uni me’yorida iste’mol qilishdir.”
Dermatologlar shokolad va akne o‘rtasidagi bog‘liqlik munozarali ekanligiga qo‘shiladilar. Noto‘g‘ri ovqatlanish husnbuzar paydo bo‘lishiga hissa qo‘shishi mumkin bo‘lsa-da, hech qanday oziq-ovqat, shu jumladan shokolad ham yolg‘iz o‘zi akneni keltirib chiqarmaydi. Aksincha, genetika, gormonlar va ovqatlanish kabi umumiy omillar muhimroq rol o‘ynaydi.