Ba’zi davlatlar JSSTning havo bo‘yicha standartlariga rioya qilmayotgani rostmi?

Yanvar oyida Ekologiya vazirligi O‘zbekistonda atmosferadagi mayda zarrachalar miqdorini hisobga olgan holda havo sifati milliy standartlari ishlab chiqilishini ma’lum qilgandi.

“JSST standartlariga ko‘ra, PM2.5 ning o‘rtacha yillik miqdori 5 mkg/m3, o‘rtacha kunlik miqdori 15 mkg/m3 ni tashkil qiladi. Dunyoning hech bir davlatida ko‘rsatkichlar JSST tavsiya qilgan standartlarga javob bermaydi, ko‘plab mamlakatlar o‘z milliy standartlarini qabul qilgan”, — deyiladi hisobotda.

HUKM: YOLG‘ON

“IQAir”ning 2022-yilgi Jahon havo sifati hisobotiga ko‘ra, oltita davlat PM2.5 (yillik o‘rtacha 5 mkg/m3 yoki undan kam) bo‘yicha JSST ko‘rsatmalariga javob beradi: Avstraliya, Estoniya, Finlyandiya, Grenada, Islandiya va Yangi Zelandiya.

Ekologiya vazirligi xabarida boshqa davlatlar tomonidan qabul qilingan milliy standartlar ham qayd etilgan.

“AQSh va Meksikada norma 12 mkg/m3, Belarus va Yaponiyada 15 mkg/m3, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida 25 mkg/m3, Rossiyada 20 mkg/m3, Xitoyda 35 mkg/m3, Hindistonda 40 mkg/m3 hisoblanadi. Janubiy Koreyada PM2.5 standarti yo‘q”, — deya qo‘shimcha qildi ekologik idora.

Janubiy Koreyada havo sifati standartlari mavjud, bu kuniga 15 mkg/m3, yiliga 35 mkg/m3. Rossiyada xabarda aytib o‘tilganidek 20 mkg / m3 emas, balki yiliga 25 mkg/m3.
EPA veb-saytiga ko‘ra, AQShning yangi standartida havodagi mayda zarrachalar PM2.5 ning ruxsat etilgan yillik o‘rtacha kontsentratsiyasini 12 mkg/m3 dan 9 mkg/m3 gacha pasaytirildi.