Telegram kanallarida OIV yuqtirganlik uchun jinoiy javobgarlik mavjudligi haqidagi xabarlar eʼlon qilindi.
Factchecknet.uz sayti bu xabarni tekshirdi va ma’lumotlar qanchalik asosli ekanini oʻrgandi.
HUKM: ROST
Xabar mazmuniga koʻra, OIV (Odam immuniteti tanqisligi virusi) kasaliga chalingan insonlar oʻzlari atayin kasallikni tarqatishlari yoki yuqtirish xavfini keltirib chiqarishlari jinoiy javobgarlikka tortilishiga asos boʻladi. Agarda OIVga chalingan va bundan oʻzining ham xabari boʻlmagan holatda bemorlar kasallik tarqatuvchisiga aylansa, jinoiy javobgarlikka tortilmaydi.
OIV inson organizmining kasallikka chidamlilik tanqisligini keltirib chiqarubchii virusdir. OIV inson tanasiga kirganda, birinchi navbatda immunitet tizimining hujayralariga yuqadi va zararlaydi (CD4+ T-limfotsitlar, makrofaglar va dendritik hujayralar). Natijada, hujayralar asta-sekin nobud boʻladi. OIV faqat immunitet hujayralariga salbiy taʼsir qilganligi sababli, inson tanasi oddiy sharoitlarda oson davolanadigan infeksiyalarga qarshi tura olmaydi.
OIV tana suyuqliklari, shu jumladan qon va jinsiy a’zolar sekretsiyasi orqali yuqadi, shuningdek, homiladorlik, tug’ish va emizish paytida onadan bolaga yuqishi mumkin. Infektsiyani yuqtirishning asosiy yo’llari – himoyalanmagan jinsiy aloqa va ifloslangan shprits, igna va boshqa tibbiy asboblardan foydalanish. Virus o’pish, quchoqlash, qo’l berib ko’rishish yoki shaxsiy gigiena vositalarini baham ko’rish yoki ovqat va suv ichish kabi oddiy kundalik aloqa orqali yuqmaydi.
OIV yuqtirganlik uchun qanday javobgarlik bor?
OIV yuqtirganlik uchun Jinoyat Kodeksining 113-moddasiga asosan javobgarlik mavjud. Unga koʻra:
- Bila turib, boshqa shaxsni OIV kasalligi/OITSni yuqtirish xavfi ostida qoldirish yoki unga OIV kasalligi/OITSni yuqtirish — besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
- Shaxsning kasb yuzasidan o‘z vazifalarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi oqibatida boshqa shaxsga OIV kasalligi/OITSni yuqtirishi —bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatdan to‘rt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Shunga doir bir holatda buxorolik ayol OITSga chalinganidan 2017-yilda xabar topgan. Qonunda belgilangan tartibda dispanser nazoratiga olingan va kasallikni bila turib boshqalarga yuqtirmaslik haqida ogohlantirilgan. Lekin u ogohlantirishga qaramay, kasallikni 40 nafarga yaqin kishiga yuqtirgan. Sud hukmiga ko‘ra, u 6,5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.
Bungacha erkak va ayollarning OIVga chalinganini bila turib, uni boshqalarga qasddan yuqtirgani bilan bog‘liq ko‘plab holatlar aniqlangan (1, 2, 3).
OIV global sog’liqni saqlash muammosi bo’lib qolmoqda: virus bugungi kunga qadar 40,4 million kishining hayotiga zomin bo’ldi va butun dunyo bo’ylab tarqalishi davom etmoqda. Shu bilan birga, qator mamlakatlarda ilgari ko‘rsatkich pasayib borayotgan bo‘lsa, endilikda yangi infektsiyalar sonining o’sish tendentsiyasi kuzatilmoqda.