Omega-3 biologik faol qo‘shimchasi cho‘chqa yog‘idan olinadimi?

Facebook’dagi postlardan birida Omega-3 biologik faol qo‘shimchasi (BFQ) cho‘chqa yog‘idan tayyorlanishi haqidagi da’vo tarqalmoqda. 

HUKM: YOLG‘ON 

Eykozapentayen kislotasi (EPA) va Dokozageksayen kislotasi (DHA) — bu inson miyasi va yurak-qon tomir salomatligi uchun hayotiy ahamiyatga ega bo‘lgan Omega-3 yog‘ kislotalarining ikki asosiy turidir. Oziq-ovqat qo‘shimchalari (BFQ) tarkibidagi bu qimmatli yog‘lar bir necha asosiy manbalardan olinadi:

  • Baliq moyi (yog‘li baliqlar, masalan, treska jigaridan);
  • Krill moyi (mayda dengiz qisqichbaqasimonlari);
  • Mikrosuv o‘tlari (vegetarian va veganlar uchun mo‘ljallangan manba). 

Shuni ta‘kidlash kerakki, odatda EPA va DHA yog‘lari cho‘chqa mahsulotlaridan olinmaydi. Barcha tibbiy va iste’molchi yo‘riqnomalarida ham ushbu kislotalarning manbalari sifatida baliq, krill va suv o‘tlari qayd etiladi.

Omega-3 kabi biologik faol qo‘shimchalarning (BFQ) yumshoq kapsulalari, odatda, kollagenni qayta ishlash (gidroliz) orqali olinadigan jelatindan tayyorlanadi. Tibbiyot va ozuqaviy qo‘shimchalar uchun jelatin ishlab chiqarishda asosan uchta manba kollagenidan foydalaniladi:

  1. Qoramol (sigir terisi va suyaklari);
  2. Cho‘chqa (terisi);
  3. Baliq (terisi). 

Ishlab chiqaruvchilar ushbu manbalardan birini mahsulotning narxi, texnik talablari va qaysi bozor uchun mo‘ljallanganiga qarab tanlaydilar. Shu sababli, ba’zi kapsulalar cho‘chqa jelatinidan tayyorlangan bo‘lishi mumkin, biroq qoramol yoki baliq jelatini ham xuddi shunday keng qo‘llaniladi. Mahsulotning aniq tarkibi, jumladan jelatinning kelib chiqish manbasi, har doim idish yoki quti yorlig‘idagi «Tarkibi» (Ingredients) bo‘limida ko‘rsatilishi shart.

Ayniqsa, aholisining aksariyati musulmon bo‘lgan Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari bozorlarida «Halol» (Halal) sertifikatiga ega bo‘lgan, ya’ni tarkibida cho‘chqa mahsulotlari bo‘lmagan (sigir yoki baliq jelatinidan tayyorlangan) qo‘shimchalarga talab yuqori va ular keng tarqalgan.

Tekshirib ko‘rish maqsadida dorixonalarda sotilayotgan «NOW» brendining «Omega-3/Fish Oil» mahsulotini namuna sifatida o‘rganib chiqdik:

Omega-3 biologik faol qo‘shimchasi cho‘chqa yog‘idan olinadimi?

O‘rganish uchun olingan Omega-3/Fish Oil maxsuloti qadog‘i

 Mahsulot yorlig‘ida uning asosiy faol moddasi — «Fish Oil Concentrate» (Baliq moyi konsentrati) ekani va u «anchous, sardina, tunes» kabi baliq turlaridan olingani ko‘rsatilgan. Bu — yog‘ning o‘zi cho‘chqa terisidan olinmasligini tasdiqlaydi. Eng muhimi, «Other ingredients» (Boshqa tarkibiy qismlar) bo‘limida «Softgel Capsule» (yumshoq kapsula) «bovine gelatin (BSE-free)», ya’ni «qoramol jelatini»dan tayyorlangani qayd etilgan.