AQShda fosh etilgan yahudiylarning yashirin tunnellari

Ijtimoiy tarmoqlarda faol tarqalayotgan xabarlarga ko‘ra, “AQSHdagi sinagoga ostidan tunnel tarmog‘i topilgan, tunnel ichidan qonli karavotlar va bolalar aravachasi kabi materiallar qo‘lga kiritilgan”.

Factchecknet.uz AQShda topilgan tunnel bilan bog‘liq xabarlarni tekshirib ko‘rdi.

HUKM: YOLG‘ON, MANIPULYATSIYA

“Google FactCheck Tools” taqdim etgan 10 ga yaqin faktchek maqolalar sinagogaga aloqador xabarlar yolg‘on ekanligini ta’kidlaydi. Bundan anglashiladiki, o‘xshash mazmundagi xabar butun dunyo bo‘ylab tarqalgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Nyu-Yorkning Kraun-Hayts tumanida yahudiylarning Xabad harakati qarorgohi joylashgan. Dekabr oyida ushbu sinagoga ostida maxfiy va noqonuniy yer osti yo‘li qazilgani aniqlangan. Mas’ullar noqonuniy qazilgan tunnel sinagoga va unga yondosh boshqa binolarga zarar yetkazgan yoki yo‘qligini tekshirmoqchi bo‘lganida, ichkaridagi yahudiylar qarshiligiga uchragan.

Xabarlarga ko‘ra, bu yer osti yo‘lidan Nyu-Yorkdagi yahudiylarning kichik qismini tashkil etadigan xasidlar koronavirus cheklovlari vaqtida sinagogaga borish uchun foydalangan. Xabad harakati vakili Motti Seligsonning so‘zlariga ko‘ra, yer osti yo‘lini qazish sinagoga yonidagi ko‘p qavatli uyning bo‘sh yerto‘lasidan boshlangan. 

Tunnelni qaziganlar bu ish orqali harakatning sobiq yetakchisi Menashem Shnerson tomonidan bir paytlar ilgari surilgan “kengaytirish” rejasini amalga oshirganini iddao qilgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, yerto‘ladagi sinagoga allaqachon torlik qilib qolgan va uni kengaytirish kerak bo‘lgan. 

Hodisa davomida 19-22 yoshlardagi 9 kishi ushlanib, olib ketilgan. Yana uch kishiga mayda bezorilik bo‘yicha ish ochilgan.