Shimoliy qutbdagi “ulkan Oy” videosi: haqiqatmi yoki montaj?

Videodan skrinshot

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda go‘yoki Shimoliy qutb doirasida Rossiya, Alyaska  va Kanada oralig‘ida suratga olingan video tarqaldi (1, 2). Ushbu lavhada Oy Yerga juda yaqin masofada 30 soniyalik yo‘lni bosib o‘tib, bir necha soniya davomida Quyoshni to‘sib qo‘ygani aks etadi. Izoh qismda yozilishicha, yiliga bir marta 35 soniya davomida Oy Yerga maksimal yaqinlashganda u ulkan bo‘lib ko‘rinadi va shundan so‘ng darhol 5 soniyalik to‘liq Quyosh tutilishi sodir bo‘ladi. Biz videoda haqiqatan ham mo‘jizali takrorlanuvchi holat aks etganmi yoki bu shunchaki montaj ishimi – aniqlashga harakat qildik. 

Hukm: Yolg‘on

Shimoliy qutbdagi “ulkan Oy” videosi: haqiqatmi yoki montaj?

Skrinshot orqali qidiruvda bu video animatsiya orqali yaratilgan ish ekanligini aniqladik. U ukrainalik kompyuter grafikasi (CG) bo‘yicha mutaxassis Aleksey Patrevga tegishli bo‘lib, u bu videoni o‘z sahifalariga joylagan. Aleksey muntazam ravishda o‘zining ijtimoiy tarmoq sahifalariga shunga o‘xshash animatsiyalarni joylab boradigan (Instagram, TikTok) mutaxassisdir. Yuqoridagi videoning asli muallifning YouTube platformasidagi blogiga 2021-yil 2-iyunda yuklangan. 

Shimoliy qutbdagi “ulkan Oy” videosi: haqiqatmi yoki montaj?

Asl video joylangan sahifa

Shuningdek, videodagi tasvir haqiqatga mos kelmasligini Shimoliy qutb quruq oʻtloq sifatida koʻrsatilganidan ham bilish mumkin, holbuki da’vodagi taxminiy hudud (Rossiya, Alyaska  va Kanada oralig‘i) aslida Arktika okeanidagi doimiy harakatlanuvchi dengiz muzliklarida joylashgan va quruqlikdan uzoqdir. 

Aslida, Oy Yerdan juda uzoq masofada (taxminan 30 ta Yer sig‘adigan masofada) joylashgan, shuning uchun uning videodagidek ulkan ko‘rinishi ehtimoldan yiroq. «Live Science» ilmiy yangiliklar saytiga ko‘ra, agar Oy haqiqatan ham videodagidek Yerga yaqinlashsa, natijasi  falokatli bo‘ladi: uning kuchaygan tortishish kuchi (gravitatsiyasi) okeanda ulkan to‘lqinlarni keltirib chiqarib, orollar va pasttekislikdagi qirg‘oq hududlarini vayron qilishi, shuningdek, kuchli zilzilalar va vulqon otilishlariga sabab bo‘lishi mumkin ekan.
Yuqoridagi video izohida Oyning Yerga yaqin kelishini faqat perixelion nuqtasida (yoki perigey nuqtasi) ko‘rish mumkinligi aytilgan. Bu yerda haqiqatda mavjud bo‘lgan perigey hodisa asl haqiqatda bo‘lmagan video bilan dalillanmoqda. Perigey nuqtasi bu Oyning o‘z orbitasi bo‘ylab harakatlanayotganda Yerga eng yaqin kelgan nuqtasini bildiruvchi atamadir. Bu tabiiy astronomik hodisa bo‘lib, Oyning Yerni aylanib chiqish yo‘li mukammal doira emas, balki biroz cho‘zilgan (elliptik) shaklda ekanligi sababli yuzaga keladi. Perigey sodir bo‘lganda, Oy osmonda odatdagidan biroz kattaroq va yorqinroq bo‘lib ko‘rinadi (buni «Super Oy», “Supermoon” deb ham atashadi, so‘nggi marta bu holat 2025-yil 5-noyabr kuni kechqurun sodir bo‘lgan).

Shimoliy qutbdagi “ulkan Oy” videosi: haqiqatmi yoki montaj?

NASA’ning Oyni kuzatish uchun yaratilgan interaktiv xaritasiga asosan solishtirish

«Super Oy» hodisasi paytida Oy o‘zining eng yaqin orbital nuqtasida (perigeyda) bo‘ladi va Yerga 356 989 km (taxminan 235 000 mil) masofagacha yaqinlashadi, bu esa uning eng uzoq nuqtasidagiga (apogeyga) qaraganda 14% gacha kattaroq va 30% gacha yorqinroq ko‘rinishiga sabab bo‘ladi. Taqqoslash uchun, Oyning Yerdan o‘rtacha masofasi odatda 384 400 km (238 855 mil)ni tashkil etadi. Uning perigeydagi (eng yaqin) masofasi o‘rtacha 363 300 km bo‘lsa, apogeydagi (eng uzoq) masofasi o‘rtacha 405 500 km (252 000 mil)ga teng.