Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, “bo‘g‘im og‘riqlaridan o‘n kunga qolmay xalos qiladigan” vosita mavjud.
Faktchecknet.uz ushbu xabarning haqiqatga qay darajada mos kelishini tekshirib ko‘rdi.
HUKM: YOLG‘ON
Xabarda “batafsil o‘qish uchun” degan izoh ostida yana bir reklama matniga havola keltiriladi. Unda tibbiyot fanlari doktori, professor Alisher Qodirovichning maslahatlari haqida so‘z boradi. Biroq na O‘zbekistonda professor ilmiy unvonida tasdiqlanganlar ro‘yxati, na global qidiruv tizimida bunday ism-sharifli professor haqidagi ma’lumotlar uchramaydi.
Shuningdek, material sarlavhasidagi artrit va artroz 3 yilda nogironlikka olib kelishi mumkin mazmunidagi manipulyatsion matn qo‘llanilgan bo‘lib, aslida to‘g‘ri parvarish holatlarida bu kasalliklar nogironlikka sabab bo‘lmaydi, biroq uni 10 kunda davolashning ham imkoni yo‘q.
Reklama materiallarida “Sustafleks” vositasi bo‘g‘im og‘riqlarini 3 kunda yo‘qotuvchi vosita sifatida ta’riflanadi. Bir qancha dori vositalari haqida ma’lumot beruvchi veb-saytlar ushbu vositani biologik faol qo‘shimcha (BAD) sifatida qayd etadilar.

Shuningdek, SSV huzuridagi “Farmasevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” Davlat muassasasining Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiyot texnikalari uchun berilgan muvofiqlik sertifikatlari monitoringining yagona axborot tizimida bu nomdagi ro‘yxatga olingan mahsulot uchramaydi.

Shuningdek, “Sustafleks” formulasi Sovet Ittifoqi davrida, 1980-yillarning oxirida yaratilgan. Tadqiqotlar O‘zbekiston SSR va O‘rta Osiyoning boshqa respublikalarida olib borildi” deyiladi reklama matnlarida. Lekin bu tadqiqotlar manbalariga havolalar berilmaydi. Mahsulotning rus tilidagi reklama matni ham mavjud bo‘lib, unda ham manbasiz tadqiqotlar haqida eslab o‘tilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, vosita ishlab chiqaruvchisi “Top pharm service” MCHJ bo‘lib, u “boshqa toifalarga kiritilmagan oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish” maqsadida Toshkent viloyati Toshkent tumanida ro‘yxatdan o‘tgan. Uning rahbari A.G. Mixliyev O‘zbekiston kriket federatsiyasi rahbari ham hisoblanadi.

Keltirilgan ma’lumotlar rasmiy registr.stat.uz manbasi bilan asoslangan.