Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, quyidagi 5 ta mahsulotni isitib yeyish mumkin emas. Bular:
- Guruch;
- Ismaloq;
- Qo‘ziqorin;
- Tuxum;
- Tovuq go‘shti.
Factchecknet.uz ushbu xabar haqiqatga qanchalik mos kelishini tekshirib ko‘rdi.
HUKM: ROST
Ayni mazmundagi xabarlar ingliz tilidagi nashrlarda bir necha bor tarqalgan (1, 2, 3, 4, 5). Xususan, Londondagi Grinvich universiteti qoshidagi Tabiiy resurslar instituti doktori Steysi Duvenaj “The Sun” nashri bilan ayni masaladagi fikrlarini o‘rtoqlashadi: “Oziq-ovqat isrofgarchiligining oldini olish umidida qolgan ovqat ko‘pincha ikkinchi marta iste’mol qilish uchun saqlab qo‘yiladi. Biroq ovqatdan zaharlanishning oldini olish va uning ozuqaviy xususiyatlarini saqlab qolish uchun yegulikni tayyorlash va isitishda ehtiyot bo‘lish kerak”.
Maqolada mutaxassis isitib iste’mol qilishda ehtiyot bo‘lish kerak bo‘lgan to‘qqizta mahsulotni sanab o‘tadi:
1. Guruch. “Kuzatuv ro‘yxatida birinchi o‘rinda guruch qo‘shilgan har qanday taom turadi. Buning sababi, pishmagan guruch tarkibida “Bacillus cereus” deb ataladigan bakteriya mavjud bo‘ladi. Ovqat pishirish jarayonida harorat ta’sirida ko‘p holda bu bakteriya o‘ladi, biroq ayrim hollarda u spora shaklida yashashi mumkin”, – dedi doktor Duvenaj. “Bu sporalar pishirish jarayonida omon qolishi mumkin va keyin guruch xona haroratida qolganda “uyg‘onishni” boshlaydi”, – deya qo‘shimcha qiladi u.
2. Tuxum. Doktorning so‘zlariga ko‘ra, tuxumni to‘liq qizdirmaslik kerak. Xususan, oqsilga boy mahsulotni faqat sovuq holda, pishirishdan keyin 24 soat ichida iste’mol qilish kerak. “Tuxum pishirishga qulayligi, arzonligi va sog‘liq uchun foydaliligi sababli butun dunyo bo‘ylab keng iste’mol qilinadi, ammo ortib qolgan tuxumlarni qayta isitmaslik kerak. Bunday qilish oqsillarning oksidlanishiga olib keladi, bu esa oziq-ovqatda saraton qo‘zg‘atuvchi moddalarning paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin”, – deydi doktor.
3. Qo‘ziqorin. “Qo‘ziqorinni qayta isitish ulardagi oqsil va ozuqa moddalarini yo‘q qilishi mumkin”, – deydi doktor. Shuningdek, isitish qo‘ziqorinning mazasiga ham salbiy ta’sir qiladi. Agar u uzoq vaqt davomida xona haroratida qolsa ham kishida oshqozon og‘rig‘i yoki boshqa ovqat hazm qilish muammolarini keltirib chiqarishi mumkin.
4. Ismaloq. Ismaloq va karam kishi organizmi uchun foydali, to‘g‘rimi? Doktor Duvenajning so‘zlariga ko‘ra, agar siz ularni qayta isitadigan bo‘lsangiz, ularning foydali xususiyatlari qolmaydi. Nitratga boy sabzavotlar sog‘lom ovqatlanishning bir qismini tashkil qilishi kerak, ammo ertasi kuni ularni isitishdan qochish kerak. “Yuqori haroratda qizdirilganda yoki qayta qizdirilganda bu sabzavotlar tarkibida kersinogen birikmalar bo‘lgan nitrozaminlar hosil bo‘lishi mumkin”, – deya qo‘shimcha qiladi ekspert. Olimlar bu birikmalarni qizilo‘ngach, oshqozon va nazofarengeal saratoni xavfi ortishi bilan bog‘lashdi.
5. Tovuq. Umuman olganda, tovuqni qayta isitish u qadar ham yomon emas, agar siz kerakli haroratni tanlay olsangiz. Doktor Duvenaj shunday deydi: “Mavjud bakteriyalarni o‘ldirish uchun bo‘lakning eng qalin qismida 75 gradusli umumiy haroratga erishish kerak. To‘liq isitish uchun haroratni tekshirishda go‘sht termometridan foydalanish maqsadga muvofiq”.
Buyuk Britaniya Oziq-ovqat standartlari agentligiga (FSA) ko‘ra, tovuqni qayta isitish shunchaki qizdirish emas, balki yana pishirishni anglatadi. Taomni har doim bug‘lanib ketguncha qizdirish kerak (buni faqat bir marta qilish mumkin).
6. Kartoshka. “Kartoshka butun dunyo bo‘ylab ovqatlanish jarayonidagi asosiy ingrediyent hisoblanadi; u arzon hamda vitaminlar va minerallarga boy. Ammo qayta qizdirilganidan so‘ng tanamiz kartoshkani hazm qilishga qiynaladi”, – deydi doktor Duvenaj. Bundan tashqari, agar kartoshka bir necha soat davomida qoldirilsa, unda “Clostridium botulinum” va boshqa bakteriyalar paydo bo‘lishi mumkin. “Clostridium botulinum” tomonidan ishlab chiqariladigan zararli toksinlar qayta isitish vaqtida o‘lmaydi”, – deydi mutaxassis. Kartoshkaga xos bo‘lmagan bu zaharli moddalar sabab bo‘lgan botulizm asab, miya va orqa miyaga hujum qiladigan hayot uchun xavfli kasallikdir.
7. Dengiz mahsulotlari. “Qayta isitiladigan dengiz mahsulotlarini xavfsiz iste’mol qilish mumkin, ammo tayyorlash va pishirishdan keyingi saqlashda ehtiyot bo‘lish kerak”, – deydi doktor Duvenaj. Bunday mahsulotlarni imkon qadar tezroq muzlatgichga qo‘yish va 24 soat ichida iste’mol qilish kerak. Agar ba’zi turdagi baliqlar muzlatgichda saqlanmasa, gistamin ishlab chiqishi, bu iste’molchilarda noxush reaksiyaga olib kelishi ehtimoli bor. Bular ko‘ngil aynishi, qusish, diareya, og‘izda yoqimsiz hid, qizil toshma, qichishish va past qon bosimi kabilar bo‘lishi mumkin. Bu, ayniqsa, “Scombridae” va “Scomberesocidae” oilasiga mansub baliqlarda keng tarqalgan: orkinos, skumbriya va bonito shular jumlasidandir.
8. Yog‘. “Zaytun, zig‘ir urug‘i yoki kolza yog‘ida pishirilgan ovqatni qayta isitish chipslar kabi mahsulotlarda akrilamid ishlab chiqarishga olib kelishi mumkin”, – dedi doktor Duvenaj. “Laboratoriya sinovlari shuni ko‘rsatadiki, ovqat tarkibidagi akrilamid hayvonlarda saratonga olib keladi va odamlarda ham xuddi shunday bo‘lish ehtimoliga ega, – deydi FSA. “Biz barchamiz iste’mol qiladigan akrilamid miqdorini ehtiyot chorasi sifatida kamaytirishni tavsiya qilamiz,” – deya qo‘shimcha qiladi agentlik.
9. Bolalar ovqati va suti. Nihoyat, chaqaloq ovqatlari, ona suti va formulalar faqat bir marta qizdirilishi kerak. Bolalar ovqati qayta qizdirilsa, u kerakli haroratga yetmasligi mumkin, bu bakteriyalarning omon qolishiga sabab bo‘ladi. Ko‘krak suti va formulasini qayta isitmaslik kerak, chunki bu jarayon ozuqa moddalarini yo‘q qilishi mumkin. Formula (sun’iy sut) tayyor bo‘lgandan keyingi ikki soat ichida muzlatgichda saqlansagina, uni qayta isitish kerak.