Mandarinlar semirtirishi rostmi?

Internetda kuniga 300 grammdan ortiq (taxminan 2-3 dona) mandarin iste’mol qilish semirish yoki jigar bilan bog‘liq muammolarga olib kelishi mumkinligi haqida mish-mishlar mavjud. Keling, bunday bayonotlar uchun biron bir asos bormi yoki yo‘qligini ko‘rib chiqaylik.

HUKM: YOLG‘ON

Ilmiy dalillar buning aksini ko‘rsatadi. Mandarinlar, boshqa tsitrus mevalari kabi jigar salomatligiga ijobiy ta’sir qiladi.

Masalan, randomizatsiyalangan klinik tadqiqotlar natijalari shuni ko‘rsatadiki, mandarin sharbatini ichish surunkali kasalliklarga chalingan bemorlarda jigar saratoni xavfini kamaytirishi mumkin, mandaringa o‘xshash xususiyatlarga ega apelsin esa alkogolsiz yog‘li kasalliklarga chalingan odamlarda jigar yog‘ini kamaytirishga yordam beradi. Bu mandarinlar jigarga zarar yetkazishdan ko‘ra uning faoliyatini yaxshilashini anglatadi.

Mandarinlar past kaloriyali bo‘lib, ko‘p miqdorda suv va toladan tashkil topgan, shuning uchun tezda to‘yinishga yordam beradi.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, tsitrus mevalari yog‘ massasini kamaytirish va tana massasi indeksini pasaytirish orqali tana vaznini nazorat qilishga yordam beradi. Albatta, har qanday oziq-ovqatni ortiqcha iste’mol qilish kaloriya miqdorining oshishiga olib kelishi mumkin, ammo mandarinlarni me’yorida yeyish bunday xavf tug‘dirmaydi.

Mandarinlar semirtirishi yoki jigar muammolariga olib kelishi mumkinligi haqidagi da’vo ilmiy jihatdan isbotlanmagan.

Aksincha, bu mevalar me’yorida ratsionga kiritilsa, salomatlik uchun foydali bo‘lishi mumkin.