Jonivorlarning noodatiy xatti-harakatlari, masalan, itlarning bezovta hurishi kabilar zilzila alomarlati bo‘lishi mumkin, degan mazmundagi gaplar tez-tez quloqqa chalinadi. 22-yanvardan 23-yanvarga o‘tar kechasi Olmaota, Chimkent va Qozog‘istonning boshqa shaharlarida sezilgan zilziladan so‘ng qozog‘istonliklar zilzila boshlanishidan oldin uy hayvonlarining noodatiy xatti-harakatlarini (1, 2) muhokama qila boshladilar. Internetda ilonlarning teshiklaridan sudralib chiqayotgani aks etgan videolar ham paydo bo‘ldi. Post tagsarlavhalarida “hayvonlar zilzila boshlanishidan oldin sezishadi” mazmunidagi fikrlar bitilgan.
Ushbu hodisa ortidan factcheck.kz nashri jonivorlarning g‘ayritabiiy harakatlarining zilzila bilan bog‘liqligini tekshirib ko‘rdi.
HUKM: HUKMSIZ
2023-yil boshida sodir bo‘lgan dahshatli zilzilalardan so‘ng Turkiya va Suriya (1, 2, 3) aholisi ham shunga o‘xshash voqealarni aytgan. Umuman, hayvonlarning seysmik sezgirligining eng qadimgi dalillari miloddan avvalgi 373-yilga to‘g‘ri keladi. Rim muallifi Aelianus Yunonistonning Helikos shahrida vayronagarchilikka olib kelgan zilziladan oldin sichqonlar, ilonlar va ko‘poyoqlarning u yerdan chiqib ketishini tasvirlaydi.
Hayvonlarning g‘alati xatti-harakati zilzilani bashorat qilishga qanday yordam berganining yana bir yorqin misoli 1975-yilda Xitoyning Xaychen grafligi aholisini evakuatsiya qilish voqealari bilan bog‘liq. Bu jarayon aholi ilon va kalamushlarning ommaviy ravishda teshiklaridan sudralib chiqayotganini payqashganidan keyin boshlangan. Keyinchalik ro‘y bergan 7,3 magnitudali zilzila natijasida atigi bir necha kishi jarohatlangan, 150 ming nafardan ortiq odam qutqarilgan. Ammo hayvonlarning xavotirli xatti-harakatlari sodir bo‘lgan bo‘lsa-da, hukumatning aholini evakuatsiya qilish to‘g‘risidagi qaroriga hayvonlar emas, balki bir qator kuchsiz silkinishlar, ya’ni ba’zida kattaroq zilziladan oldin sodir bo‘lgan silkinishlar ta’sir ko‘rsatgan.
Umuman olganda, hayvonlarning xatti-harakatlari yaqinlashib kelayotgan zilzilaning ishorasi ekanligiga ishonish juda keng tarqalgan. Internetda siz ommaviy axborot vositalarida (1, 2) va ijtimoiy tarmoqlarda (1, 2) ushbu mavzu bo‘yicha ko‘plab kontent topishingiz mumkin. Shu bilan birga, ba’zi guvohlarning hikoyalari hayvonlarning zilziladan oldin o‘zini odatdagidek tutishini ko‘rsatadi. Masalan, Instagram’dagi postdan ma’lum bo‘lishicha, Olmaotadagi mushuklar boshpanasidagi hayvonlar 23-yanvar kuni tun bo‘yi osoyishta uxlashgan, hatto silkinishga hech qanday reaksiya bildirmagan ham.
Hozirgi vaqtda hayvonlar zilzilalarni samarali bashorat qila olishini ko‘rsatadigan keng ko‘lamli, yuqori sifatli tadqiqotlar mavjud emas. Ba’zi hayvonlar, albatta, tektonik faollikning ba’zi prekursorlariga javob beradi. Ammo fanda hozirda mavjud bo‘lgan yuqori sifatli ma‘lumotlar hayvonlarning juda kichik namunasi bo‘yicha olingan va tadqiqotchilarning o‘zlari bu borada aniq bir xulosaga kelishmagan.
Hayvonlarning zilzilalarni bashorat qilish qobiliyati haqidagi xabarlarning asosiy manbalari hayvonlar, qushlar va hasharotlarning “g‘ayrioddiy xatti-harakatlari”ga ishora qiluvchi guvohlardir.
Biroq bu yerda g‘ayrioddiylik holati juda noaniq: ba’zi hayvonlar bezovtalanib, tovush chiqarishni boshlaydilar, boshqalari esa, aksincha, qotib qolishadi. Bundan tashqari, bunday dalillar har doim vaziyatni retrospektiv tarzda baholaydi va hayvonning xatti-harakati boshqa tashqi omillar emas, balki zilzilaning oldindan sezilishi ta’sirida ro‘y berganini ishonch bilan aytib bo‘lmaydi.
Amerika Seysmologik Jamiyatining 2018-yilgi jurnalida chop etilgan maqolada 160 ta zilzila paytida 130 xil hayvon turlarining g‘alati xatti-harakatlarining 700 ta dalillari tahlil qilingan. Maqola mualliflari to‘plangan ma’lumotlarning sifati hayvonlarning seysmik sezgirligini tasdiqlash yoki rad etishga imkon bermaydi, degan xulosaga kelishgan.
Olimlarning ta’kidlashicha, bir qator forshoklar (asosiy zilziladan oldinroq kuzatiladigan kuchsizroq yer silkinishi) ko‘pincha hayvonlarning g‘ayrioddiy xatti-harakatlari haqidagi xabarlarga to‘g‘ri keladi. Bundan xulosa qilishimiz mumkinki, hayvonlar zilzilalarni bashorat qilmaydi, balki seysmologik stansiyalardagi sensorlar kabi allaqachon sodir bo‘layotgan hodisalarga reaksiya bildiradi.
Hayvonlarning zilzilalarni bashorat qilish qobiliyatiga oid tadqiqotlar 2016-2017-yillarda Italiyaning seysmik faol hududida olib borilgan. Maks Plank instituti olimlari oltita sigir, beshta qo‘y va ikkita itga datchiklar ulab, hayvonlarning 18 ming yer osti tebranishlari paytidagi xatti-harakatlarini tahlil qilishgan. Natijalarga ko‘ra, uy hayvonlari okrugda qayd etilgan sakkizta zilziladan yettitasida 45 daqiqa oldin “g‘ayrioddiy faol” bo‘lishgan. Biroq tadqiqot juda kichikligi va olimlar zilziladan oldin hayvonlarning faol xatti-harakatlariga qanday omillar ta’sir qilganini aniqlay olmaganligi aniq xulosalar qilishga to‘sqinlik qiladi. Tadqiqot mualliflari natijalardan hozirgi bosqichda zilzilalarni bashorat qilishda foydalanish mumkin emas, degan xulosaga kelishgan.
Seysmik sezgirlikning ehtimoliy mexanizmlari
Shu bilan birga, hayvonlarning seysmik sezgirligiga qanday omillar ta’sir qilishi mumkinligi haqida juda ko‘p taxminlar mavjud. Italiyaning Akvila shahridagi zilziladan oldin qurbaqalar qanday qilib ommaviy ravishda suv havzalarini tark etganini kuzatgan britaniyalik olimlar hayvonlarning xatti-harakatlariga suv tarkibidagi o‘zgarishlar ta’sir qilishi mumkinligini taxmin qilishgan.
Hayvonlarning xatti-harakatlariga ta’sir qiluvchi boshqa ehtimoliy omillar:
- hayvonlarga yerning eng kichik tebranishlarini, xususan, zilzila paytida birinchi bo‘lib tarqaladigan P-to‘lqinlarini his qilishiga imkon beruvchi taktil sezuvchanlikning oshishi;
- zilzilalar oldidan elektromagnit tebranishlarga sezgirlik;
- ba’zi zilzilalar paytida radon va karbonat angidrid kabi yer osti gazlarining chiqishini aniqlay oladigan o‘tkir hid hissi.
Biroq hozirgi vaqtda hayvonlarning ushbu hodisalarga munosabatini tasdiqlovchi ilmiy tadqiqotlar mavjud emas.