Prezidentning “Muzeylarda xizmatlar sohasini rivojlantirish to‘g‘risida”gi 261-son qaroriga ko‘ra, muzeylarning marketing siyosati va xizmatlar sohasini kompleks rivojlantirish, tayyorlangan noyob muzey ashyolari va kolleksiyalarning replikatsiyalarini xarid qilish uchun qulay platformani joriy etish vazifasi belgilangan. Bu loyihani amalga oshirish orqali muzey to‘plamlaridagi boy tarixiy va madaniy merosimizni keng targ‘ib qilish, sotish hajmini 80 foizga oshirish, jalb etiladigan potensial xaridorlar sonini 10 karra ko‘paytirish, replikatsiyalarni realizatsiya qilishda inson omilini 100 foizga kamaytirish orqali xatoliklar va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish hamda shaffoflikni ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Shu maqsadda shop.museum.uz respublika muzeylarining onlayn do‘konlari tarmog‘ini ishga tushirish vazifasi belgilangan edi. Vazifa ijrosi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi huzuridagi Madaniy meros agentligiga topshirilgan.
Factchecknet.uz vazifa qay darajada bajarilganligini tekshirib ko‘rdi.
HUKM: QISMAN BAJARILGAN
http://shop.museums.uz veb-manzilida respublika muzeylarining onlayn do‘konlari tarmog‘i ishga tushirilgan. Saytda mahsulotlarni sotib olish uchun ro‘yxatdan o‘tish kerakligi aytiladi. Biroq texnik tomondan ro‘yxatdan o‘tish tizimida muammolar mavjud.
Shuningdek, Prezident qarorida noyob muzey ashyolari va kolleksiyalarining replikatsiyalarini sotish ko‘zda tutilgani holda saytdagi katalogda yirik summadagi mahsulotlar (katta ehtimol bilan, eksponatning asl nusxasi) joy olgan.

Saytda muzeylar ro‘yxati bo‘limida ko‘rsatilgan sahifalarga o‘tishning iloji yo‘q, havolalar ishlamaydi.

Shuningdek, saytda loyihaning turli ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga ishora sifatida keltirilgan ikonkalar hech qanday manzilga olib o‘tmaydi, ya’ni ishlamaydi. Saytda keltirilgan telefon raqam bilan ham bog‘lanishning iloji yo‘q.
Raqamli hukumatning axborot tizimlari va resurslari yagona reyestrida loyihaga mas’ul shaxs deya Madaniy meros agentligidan Sh. Begmatov ko‘rsatilgan. Loyiha passportida uning tugallanish sanasi sifatida 2023-yil 31-mart ko‘rsatilgan. Mas’ul shaxs loyiha yuzasidan berilgan savollarimizni e’tiborsiz qoldirdi.
Ma’lumot o‘rnida, Vazirlar Mahkamasi qarori asosidagi “2017-2027-yillarda davlat muzeylari faoliyatini yanada takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari rejasi”ga ko‘ra, 2017-2021-yillarda “Virtual muzey” loyihasini amalga oshirish orqali:
- 2 mingta eng nodir muzey ashyosining 6 ta tildagi 3D va audio formatini yaratish;
- davlat muzeylarining veb-saytlarini yangilash, mobil elektron dasturini yaratish va yagona portalga birlashtirish;
- sayyohlik yo‘nalishidagi muzey saytlari 6 ta jahon tilida yuritilishini ta’minlash;
- muzey ashyolari va xalq hunarmandchiligining eng yaxshi namunaviy ko‘rinishlarini mobil telefonlar uchun dasturiy mahsulotlar yaratish orqali keng ommalashtirish.
- “Virtual muzey” ma’lumotlar bazasini O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, viloyat axborot-kutubxona markazlari, yirik sayyohlik kompaniyalarining Internet saytlariga joylashtirish maqsadlari belgilangan edi.
Biroq loyihaning rasmiy veb-sayti https://vrmuseum.uz da onlayn tur uchun qo‘yilgan havolalar ishlamaydi.