2020-yil 6-oktyabrda “Raqamli O’zbekiston – 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to’g’risida” O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni imzolandi. Farzmonning 8-qism “G” bandiga ko’ra, 2022-yil yakuniga qadar har bir aholi punkti 10 Mbit/s dan kam bo’lmagan ma’lumotlarni uzatish tezligidagi Internet tarmog’iga ulanish imkoniyati bilan ta’minlanishi belgilangan edi. Biz internet foydalanuvchilari orasida random ravishda so’rovnoma o’tkazish asosida bu band ijrosi qanchalik darajada ta’minlanganligini aniqlashga urinib ko’rdik.
Facebook tarmog’idagi “Ayol” yopiq ayollar guruhida e’lon qilingan so’rovnomada 170 ga yaqin xotin-qizlar ishtirok etdilar. Ulardan mobil internet tezligini fast.com internet tezligini o’lchovchi tarmog’i orqali aniqlash va natijani skrinshot shaklida yuborish so’raldi. Guruhdagi a’zolar yashash manzilining xilma-xilligi barcha hududlardan bir xil miqdorda natijalar qabul qilib olish imkonini bermasa-da, bu borada tasavvur shakllanishi uchun yetarli bo’ldi.

HUKM: QISMAN BAJARILGAN
Yuqorida keltirilgan interaktiv xaritada aks etganidek, so’rovlarimiz natijalariga ko’ra, respublikada mavjud 14 ta hududiy birlikning barchasida mobil internet tezligi 10 Mbit/s dan kam bo’lgan nuqtalar uchraydi. Shuni aytib o’tish kerakki, ushbu natijalar respublikaning barcha hududlariga birdek tegishli deb ta’kidlay olmaymiz va foydalanuvchilar orasida random tarzida o’tkazilgan so’rov natijalariga asoslangan.
Raqamli texnologiyalar vazirligi mas’ul xodimi bergan ma’lumotlarga ko’ra, bugungi kunda respublikadagi deyarli barcha hududlar yuqori internet tezligi bilan ta’minlangan. Shuningdek, mas’ulga ko’ra, bir hududda ma’lum bir aloqa operatori tomonidan yetkazib berilayotgan internet tezligining pastligi boshqa aloqa kompaniyasi ko’rsatkichlariga ta’sir qilmaydi. Soddaroq aytganda, bir hududda qaysidir kompaniya ta’minlab berayotgan internet tezligi 10 Mbit/s dan past va qaysidiriniki aksincha yuqori bo’lsa, bu hudud yuqori internet tezligi bilan ta’minlangan hisobida qayd etiladi.
Shuningdek, mutaxassis internet tezligiga tabiiy va sun’iy ta’sir ko’rsatuvchi omillarni ham sanadi. Unga ko’ra, shaharsozlik rivojlanayotgani ortidan amalga oshirilayotgan keng qamrovli qurilish ishlari, ob-havo sharoiti, xususan, shamolli havo, bundan tashqari, aholi tomonidan noqonuniy ravishda o’rnatib olinayotgan “usilitel”lar internet tezligining pasayishiga sabab bo’lishi mumkin.
Aytib o’tish kerakki, O’zbekistonda hududlardagi internet tezligining maksimal va minimal darajasi, aloqa tezligini qaysi aloqa operatori qay darajada ta’minlab berishi haqida ochiq ma’lumotlar jadvali yo’q. Aloqa kompaniyalari internet tezligi haqidagi ma’lumotlarni asosan reklama maqsadlarida taqdim etadilar. Umuman, foydalanuvchilarda qay hududda qaysi aloqa kompaniyasi yuqori tezlikni ta’minlab berishini mustaqil ravishda aniqlash imkoni mavjud emas. Bu esa XXI asrda O’zbekistonda ayrim hududlar aholisining elementar internetga ulanish huquqlarini, imkoniyatlarini cheklamoqda.