2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi qabul qilingan edi. Ushbu dastur maqsadlari qatorida, 28-maqsad 83-bandida “Allbiz”, “Europages” kabi xalqaro elektron savdo portallarida “O‘zbekistonning milliy mahsulotlari paviloni”ni ishga tushirish belgilangan edi. Vazifa 2023-yil davomida ijro etilishi kerak edi va ijrochi sifatida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ko’rsatilgan.
Factchecknet.uz vazifa ijrosi qay darajada bajarilganligini tekshirib ko‘rdi.
HUKM: QISMAN BAJARILGAN
Taraqqiyot strategiyasi va davlat dasturining joylardagi ijrosi natijadorligini aholiga yetkazish bo‘yicha “Inson qadri” portali ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu vazifa belgilangan 83-maqsad — “2023-yilda eksport hajmini 23 mlrd dollardan oshirish, maxsus eksportsiz eksport hajmini 17,7 mlrd dollarga yetkazish” yuzasidan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilgan. Biroq aynan biz o‘rganayotgan masala yuzasidan hisobotlar taqdim etilmagan.
“Allbiz” savdo portalining rasmiy sahifasida O‘zbekiston onlayn savdo paviloni mavjudligini ko‘rish mumkin.

Biroq “Europages” portalining mamlakatlar filtrida O‘zbekiston nomi uchramaydi.

Biz bilan telefon orqali muloqot qilgan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi axborot xizmati mas’ul xodimi rasmiy so‘rov yuborilgan taqdirda tegishli hisobotlar o‘rganilib, taqdim qilinishini ma’lum qildi.
Ma’lumot o‘rnida, davlat dasturida belgilangan vazifa va tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha Adliya vazirligining nazorat rejasi mavjud. Unga ko‘ra “Allbiz”, “Europages” kabi xalqaro elektron savdo portallarida “O‘zbekistonning milliy mahsulotlari paviloni”ni ishga tushirish vazifasining vazirlikdagi mas’ul ijrochilari sifatida Huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish boshqarmasi ko‘rsatilgan.