2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi qabul qilingan edi. Ushbu dasturning 20-maqsadi 39-bandida quyidagilar ko‘zda tutilgan:
- Aholining barcha qatlami uchun mo‘ljallangan “Yuridik kutubxona” elektron tizimi va uning mobil ilovasini yaratish.
- Huquqiy manba sifatida aholi foydalanishi uchun elektron kutubxonada yuridik adabiyotlarni sohalar kesimida (fuqarolik, mehnat, jinoyat va boshqa) tizimga joylashtirish;
- Foydalanuvchilarga kitoblarni bepul ko‘chirib olish, foydalanish, nusxa ko‘chirish imkoniyatini yaratish.
Ushbu vazifa ijrosi Adliya vazirligiga yuklatilgan.
Factchecknet.uz dasturning ushbu bandi ijrosi bajarilganligini tekshirib ko‘rdi.
HUKM: QISMAN BAJARILGAN
Raqamli hukumatning axborot tizimlari va resurslari yagona reyestrida “Yuridik kutubxona” elektron tizimi va uning mobil ilovasi pasporti joylangan. Unda loyihani yakunlash muddati 2023-yil 1-dekabr etib belgilangan.
Adliya vazirligi xodimi taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, yurkitob.uz veb-sayti ishga tushirilgan. Biroq veb-sayt faoliyati OAVda e’lon va targ‘ib qilinmaganligi bois, oddiy o‘quvchida uni topish imkoniyati bo‘lishi dargumon.
Shuningdek, loyihaning mobil ilovasi faqat “Android” foydalanuvchilari uchun “Play market”da joylashtirilgan. “Apple” foydalanuvchilari uchun “App store”da ilova yo‘q.
Bugungi kunda platformaga 89 ta elektron kitob va 2 ta audio kitob joylangan.

Biroq ularning bir nechtasi, masalan, “Bolalar uchun yuridik ensiklopediya” va “Bolalar uchun xavfsizlik qoidalari” kabilarni ochib o‘qishning imkoni yo‘q, ya’ni sayt xatolikni ko‘rsatadi.
Umuman olganda, loyiha bir qancha afzalliklarga ega va uni keng tarzda ommalashtirish, targ‘ib qilish maqsadga muvofiq.