2024-yilda maoshlar 3 barobar oshadi: rost yoki yolg’on?

Ijtimoiy tarmoqlarda “2024 yilda ish haqi va pensiyalar bu yilgidan qariyb 3 barobar ko‘proqqa oshadi” mazmunidagi xabarlar tarqalmoqda. Unga ko’ra, Iqtisodiyot va moliya vazirligiga ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini, shuningdek ayrim xizmat turlari bo‘yicha tariflarni oshirish bilan bog‘liq xarajatlar uchun 9,5 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilmoqda.

Faktcheknet ushbu xabarni tekshirib ko’rdi.

HUKM: MANIPULYATSIYA

Ma’lumot o’rnida aytish mumkinki, xuddi shunday mazmundagi xabar demokrat.uz nashrida va boshqa bir qancha telegram kanallarda tarqalgan va keng muhokamalarga sabab bo’lgan, 50 mingdan ortiq ko’rilgan.

Xabarning “9,5 trillion so’m o‘tgan yili xuddi shu maqsadlarga 2023-yil uchun ajratilgan 3 trln 797 mlrd 871,6 mln so‘m miqboridagi mablag‘dan qariyb 3 barobar ortiq deganidir” deya ko’rsatilgan qismi uni manipulyativ xarakterga ega deya malakalashga asos bo’la oladi.

Haqiqatan ham, 2024-yilda O‘zbekiston davlat byudjetining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar, shuningdek, ayrim xizmatlar bo‘yicha tariflarni oshirish bilan bog‘liq xarajatlari 9,55 trln so‘mni tashkil etadi. Bu haqida Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan 2024−2026 yillarga mo‘ljallangan byudjetnomada aytib o’tilgan.

Joriy yilda ish haqi va pensiyalarni oshirishga 3,8 trln so‘m yo‘naltirish rejalashtirilgan edi, lekin ularni indeksatsiya qilish uchun qo‘shimcha 2,6 trln so‘m (jami — 6,4 trln so‘m) yo‘naltirilgan. Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ish haqini 1 foizga qo‘shimcha oshirish uchun yiliga qariyb 1,3 trln so‘m, pensiyalarni 1 foizga oshirish uchun esa yiliga 600 mlrd so‘m mablag‘ talab etiladi.

Kelgusi yilda mazkur to‘lovlar bo‘yicha davlat byudjetining jami xarajatlari 20,5 foizga yoki 26,94 trln so‘mga — 130,6 trln so‘mdan 157,57 trln so‘mgacha oshishi kutilmoqda. Pensiya to‘lash xarajatlari 9,28 trln so‘mga (+17,2 foiz) — 63,13 trln so‘mgacha oshadi.

2024-yilda maoshlar 3 barobar oshadi: rost yoki yolg’on?

Kelgusi yilda xarajatlarning oshishi 2023-yilda ish haqi va pensiyalarning oshishi hamda 2024-yilda kutilayotgan indeksatsiya, byudjet tashkilotlari xodimlari sonining o‘zgarishi va boshqa omillar bilan bog‘liq. Joriy yilda ish haqi va pensiyalarni indeksatsiya qilish uchun esa qo‘shimcha 2,6 trln so‘m ajratilgan.