Tagliklar bolalar parvarishi sohasida erishilgan insoniyatning eng bahsli yutuqlaridan biriga aylandi. Garchi zamonaviy ota-onalarning avlodlari ortiqcha ikkilanishlarsiz farzandlari uchun “pampers”ni qo’llasalarda, biz hali ham bolada bepushtlik rivojlanishining oldini olish uchun uni muntazam ravishda “to’sish” va tagliklardan imkon qadar tezroq qutulish kerakligi haqidagi tavsiyalarga duch kelamiz. Bu kabi qarashlarning barchasi tagliklar haqida bir paytlar shakllangan (va allaqachon o’z dolzarbligini yo’qotgan) ma’lumotlarga asoslangan. Bir vaqtlar doka va plyonkadan yasalgan paytlari tagliklar haqiqatan ham bolalar terisi uchun unchalik ijobiy ta’sir ko’rsatmagan. Mashhur rus loyihasi “Chips Journal” ushbu masalalarni batafsil ko’rib chiqib, tagliklar haqidagi eng mashhur uchta mifni izohlab berdi. Biz uni sizga o’zbek tilida taqdim qilamiz.
1-mif: bolalar tagligi bepushtlikka olib keladi
Eng keng tarqalgan va dahshatli bu mifga ko’ra, agar o’g’il bola uzoq vaqt taglikda bo’lsa, moyaklar haddan tashqari qizib ketadi va bu kelajakda bepushtlikka olib keladi. 2000-yilgi tadqiqot natijalari e’lon qilinganidan keyin ayniqsa bu haqida ko’proq gapirila boshlandi.
Bir guruh nemis olimlari tomonidan o’tkazilgan tadqiqotga ko’ra, o’g’il bolalar (yangi tug’ilgan chaqaloqlardan 4-5 yoshgacha bo’lgan bolalar) bir martalik taglik kiyganlarida ulardagi skrotumning harorati sezilarli darajada, tamninan 0,6-1 darajaga, ko’tariladi. Haddan tashqari issiqlik spermatozoidlarning sifatiga salbiy ta’sir ko’rsatishi allaqachon fanda ma’lum bo’lganligi sababli olimlar bolalar tagligidan uzoq muddat foydalanish shu jihatdan sog’liqqa salbiy ta’sir ko’rsatishi mumkinligini ta’kidladilar, ammo oradan yigirma yildan ko’proq vaqt o’tishiga qaramay, bu taxminlar isbotlanmadi.
Oradan ikki yil o’tib amalga oshirilgan yana bir tadqiqot natijalari shuni ko’rsatdiki, taglik ostidagi jinsiy a’zoning harorati bolaga ishlatilgan taglik turidan qat’i nazar, u xoh bir martalik, xoh ko’p martalik bo’lsin, balandroq bo’lgan. Olimlar, shuningdek, bola issiq kiyim kiyganida yoki ko’rpa bilan o’ralganida ham uning jinsiy a’zolarining harorati ko’tarilishini ta’kidladilar.
Yuqoriroq haroratning spermaga ta’siriga kelsak, tashvishlanish uchun hech qanday sabab yo’q. O’g’il bolalarda spermatogenez jarayoni balog’atga yetish bilan parallel ravishda boshlanadi, bu taxminan 10-12 yoshlarga to’g’ri keladi. Agar o’g’lingiz o’smirlik yoshiga qadar taglik kiyishni rejalashtirmagan bo’lsa, unda qo’rqishga hojat yo’q.
2-mif: bolalar tagligi terida noxushlikni keltirib chiqaradi, chunki uning ostida teri “nafas ololmaydi”
Ehtimol, bu fikr qisman asosli bo’lishi mumkin, ammo tagliklardan to’g’ri foydalanadigan zamonaviy ota-onalar uchun tashvishlanishga asos yo’q. Ko’pincha tagliklardan noto’g’ri foydalanish chaqaloqning terisida toshmalar, qizarish kabi holatlarni keltirib chiqaradi.
Ko’pgina sifatli va zamonaviy tagliklar ichida namlikni tortib oladigan va uni ichkarida ushlab turadigan “nafas oldiruvchi qatlam” mavjud. Biroq, agar taglik to’lib ketsa, uning ichida haqiqatan ham “issiqxona effekti” paydo bo’ladi, bu esa terida muammolarni yuzaga keltiradi. Bunday holatlarga yo’l qo’ymaslik uchun har 3-4 soatda va bolaning “katta hojati”dan keyin darhol tagliklarni almashtirish tavsiya etiladi. Shuningdek, tagliklar bolaning o’lchami va og’irligiga mos kelishi kerak (agar taglik bola uchun kichik bo’lsa, noqulaylik tug’dirishi mumkin) va bolaning tagligini almashtirganda, albatta, terini yuvish va to’liq quritish, yuvishning imkoni bo’lmaganda esa parfyum va spirtsiz bolalar salfetkalaridan foydalanish lozim. Qizarish va toshma bilan kurashish uchun pediatrlar chaqaloq terisini namlantiruvchi krem va yog’larni emas, balki quritish ta’siriga ega bo’lgan maxsus taglik kremini qo’llashni tavsiya qiladilar.
3-mif: taglik bolaning tuvak (gorshok)ka borishni o’rganishiga to’sqinlik qiladi
Taglikdan tuvakka “ko’chish” haqiqatan ham muammoli bo’lishi mumkin, ammo bu tagliklar bilan bog’liq emas. Siydik chiqarish istagini kuzatish va nazorat qilish qobiliyati bolada taxminan ikki yoshda shakllana boshlaydi va 3-4 yoshda to’liq tugaydi. Bu shuni anglatadiki, shu yoshgacha (ya’ni ikki yoshgacha) ota-onalar, albatta, chaqaloqni tuvakdan foydalanishga o’rgatishlari mumkin, ammo bu ongli holat emas, balki odatlanish, rivojlangan shartli refleks hisoblanadi.
Shunday qilib, agar siz bir yoshli bola uchun taglikdan foydalanishni to’xtatsangiz va u “gorshok”ka o’rganolmasa, bunga sabab uning taglikka haddan tashqari ko’nikib qolganligidani emas, balki miyasi xali bu jarayonlarni nazorat qila olmasligidir.
Eslatib o’tamiz, factchecknet.uz tijoriy faoliyat olib bormaydigan mustaqil platforma va biz ushbu maqola orqali tagliklar ishlab chiqaruvchilar tomonidan moliyalashtirilish yoki boshqa bir moddiy manfaat olishdan mutlaqo yiroqmiz.