“Kanallani dodasi” telegram-kanalida ertalab boshini yuvish va nam sochlar bilan ko’chaga chiqish salomatlik uchun zararli ekani aytilgan video chop etildi. Videoda, shuningdek, nam soch bilan uxlashga yotish xavfli ekanligi aytilgan. “Bu bosh og’rig’i, spazmlar, infeksion kasalliklar va gaymoritga olib kelishi mumkin”, — deydi videodagi kishi.
HUKM: YARIM HAQIQAT
Ho’l sochlar bilan ko’chaga chiqqaningiz uchun kasal bo’lib qolishingiz mumkin emas. Yuqumli kasalliklar yoki hatto shamollashga sochning namligi emas, balki bakteriyalar va viruslar sabab bo’ladi.
Tadqiqot nimani ko’rsatadi?
Angliyalik olimlar gipotermiya shamollash ehtimolini oshirmasligini aniqladilar. Biroq, agar shamollash virusi allaqachon tanangizda bo’lsa, soch ho’lligi tufayli boshning sovishi simptomlarni keltirib chiqarishi mumkin, deydi tadqiqotchilar. Shuning uchun shamollash uydan ho’l sochlar bilan chiqishdan emas, balki viruslar, ko’pincha rinoviruslar tufayli yuzaga keladi.
Tibbiyot fanlari nomzodi, allergolog-immunolog Yelena Antsiferova “Argumentlar va Faktlar” veb-saytida o’z ekspert fikri bilan o’rtoqlashadi: “Shamollashga boshning ho’lligi emas, balki bu holatda sayr qilganingiz vaqtidagi ob-havo sabab bo’lishi mumkin. Agar siz boshingizni yuvib, sochlaringizni quritmasdan tashqariga chiqsangiz va ko’chada havo sovuq bo’lsa, tabiiyki, sizga gipotermiya kafolatlanadi va shamollash xavfi sezilarli darajada oshadi”.
“Tashqari issiq bo’lsa va shamol bo’lmasa, marhamat, ko’chaga chiqavering, hammasi joyida. Aksincha, tashqarida 30-40 daraja issiq bo’lsa, ho’l bosh issiqlik uzatishni kuchaytiradi va tana haroratini tushirishga yordam beradi. Ma’lumki, yozning chidab bo’lmas jaziramasida odamlar ko’pincha boshlarini suv bilan namlaydilar, dengizga, daryoga shoshilishadi va hatto barcha qoidalarga zid ravishda favvoralarda cho’milishadi”, — deydi Yelena Antsiferova.

Agar sochlaringiz nam holatida uxlasangiz nima bo’ladi?
Ba’zi odamlar uchun nam sochlar bilan uxlash bosh terisi bilan bog’liq muammolarga olib kelishi mumkin. Yostiqlarda ham, soch follikulalarida ham nam muhitda rivojlana oladigan zamburug’larning ma’lum turlari bo’lishi mumkin.
Bizning tanamizda va atrof-muhitimizda sog’ligimiz uchun hech qanday muammo tug’dirmaydigan ko’plab zamburug’lar turlari mavjud. Biroq, muayyan sharoitlarda ularning ba’zilari infektsiyalar va kasalliklarga olib kelishi mumkin. Ammo nam sochlar bilan uxlash gaymorit va spazmga olib kelishi mumkin emas.