“Andijon bugun” Telegram-kanali dengiz ilonidan olingan maxsus ingrediyent qo’shilgan, 2 xil shishadan iborat bo’lgan, vitiligo (oq dog’lar) kasalligini davolashga mo’ljallangan maxsus mahsulotlar majmuasi reklama qilmoqda.
“Ushbu dori terining oq joylari (vitiligo)ga samarali ta’sir qiladi va qisqa vaqt ichida terining tabiiy rangini tiklaydi”, — deyiladi reklamada.

HUMK: YOLG’ON
Hech qanday dori, sirop, malham yoki krem vitiligoni davolay olmaydi. Hozirgi davolash usullari kamdan-kam hollarda vitiligoni butunlay yo’q qila oladi. Shuni esda tutish kerakki, vitiligoni davolashning har qanday usuli uzoq vaqt talab qiladi, bu kasallikni qisqa vaqt ichida davolab bo’lmaydi.
Vitiligo — terining ayrim qismlari pigmentatsiya (rangi)ni yo’qotadigan holat, natijada terining ochroq rangdagi joylari paydo bo’ladi. Pigmentatsiyani yo’qotish melanotsitlar deb ataluvchi pigment ishlab chiqaradigan hujayralar parchalanganida sodir bo’ladi.
Vitiligoni davolash: kasallik qaytalanish xarakteriga ega, ya’ni davolash muvaffaqiyatli kechgan bo’lsa ham, natijalar vaqtincha saqlanishi va yangi dog’lar paydo bo’lishi mumkin.
Davolash har bir bemor uchun individual bo’lib, barcha bemorlarga birdek yordam beradigan vitiligoni davolashning yagona usuli yo’q.
“Vitiligo turiga, faollik mavjudligiga va qo’llaniladigan dorining yon ta’siri profiliga qarab terapiya individual bo’lishi kerak. Vitiligoning barcha davolash usullari cheklangan va hech qanday ma’lum davolash barcha bemorlarda ketma-ket repigmentatsiyani keltirib chiqara olmaydi” (“Vitiligoni davolashda yangilanishlar va yangi usullar” tadqiqotidan).
Agar siz vitiligoni davolashga qaror qilgan bo’lsangiz, davo asta-sekin bo’lishini bilishingiz kerak, terining tabiiy rangini qisqa vaqt ichida tiklashga va’da beradigan reklamalarga ishonmaslik kerak, bunday davo yo’q.
Bundan tashqari, vitiligoni davolash uchun ba’zi malham va kremlar terining yupqalashishi kabi jiddiy yon ta’sirga ega va ularning yuzga haddan tashqari ko’p surtish glaukomaga olib kelishi mumkin.
Xulosa: Vitiligoni tez va aniq davolash uslubi mavjud emas. Davolash rejasini tuzishdan oldin, dermatolog har bir bemor uchun mos keluvchi eng yaxshi yo’lni tanlash haqida o’ylaydi. Buning uchun u sizning yoshingizni, sog’lig’ingizning umumiy holatini va kasallikning hayotingizga ta’sirini hisobga oladi. Shuningdek, vitiligo turi, uning tanada paydo bo’lishi va qanday rivojlanishi ham muhim rol o’ynaydi. Vitiligoni davolash uzoq vaqt talab etadi.