“Andijon bugun” telegram-kanalida karmin E120 nomi bilan ham mashhur bo’lgan koshenil qurti oziq-ovqat bo’yog’i ekanligi haqida ma’lumot tarqatiladi. “U Coca-Cola, qisqichbaqa tayoqchalari va kolbasa rangini bo’yash uchun ishlatiladi”, — deyiladi xabarda. Kanalning ta’kidlashicha, bu Coca-Colaning asosiy tarkibi va usiz uning rangi bunday bo’lmaydi.
HUKM: YOLG’ON
Koshenil yoki koshenil qurti Coca-Cola tarkibiga kiritilmagan.
U Hemiptera turkumidagi hasharotlardan bo’lib, ularning urg’ochilaridan qizil bo’yoq olish uchun ishlatiladigan modda — karmin olinadi.
Coca-Cola tarkibida koshenil borligi haqidagi jamoatchilikning vahimasi 2006 yilda turkiyalik advokat va Avliyo Nikolay jamg’armasi rahbari Muammer Karabulut kompaniya ustidan Turkiyadagi sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilganida ommalashgan. U Coca-Cola sirli formulasini oshkor qilishni talab qilgan.
2007 yilda Muammer Karabulut Coca-Cola kompaniyasi ichimligi tarkibini oshkor qilishga muvaffaq bo’lganini aytadi. Ma’lum bo’lishicha, uning tarkibida koshenil mavjud. Biroq, advokat bu xulosaga kelgan tafsilotlarni oshkor qilmaydi.
Coca-Cola kompaniyasining vakili bo’lgan istanbullik advokat Binnur Kortun ushbu mashhur ichimlik formulasi siri fosh bo’lgani haqidagi ma’lumotni rad etdi.

Coca-Cola kompaniyasining rasmiy bayonotiga ko’ra, o’ziga xos rangni ichimlikka karamel beradi. Coca-Cola tarkibida suv, shakar yoki fruktoza-glyukoza siropi, karbonat angidrid, kislotalik regulyatori sifatida fosfor kislotasi, kofein va tabiiy xushbuylik beruvchi komponentlar mavjud.
Karmin (karmin kislotasi, koshinel, E120) bo’yoq xususiyatiga ega bo’lgan tabiiy kelib chiqadigan moddadir. Karmin qizil rangdagi oziq-ovqat qo’shimchasi-bo’yoq sifatida oziq-ovqat qo’shimchalarining xalqaro tasnifida E120 indeksi ostida ro’yxatga olingan.
Go’sht mahsulotlariga kelsak, bu haqiqat. E120 bo’yog’i alkogolli va alkogolsiz ichimliklar, kolbasa, souslar, ketchuplar, glazur, sharbatlar va jele ishlab chiqarishda qo’llaniladi.