Psoriazdan shifo topayotgan o’zbekistonliklar: rost yoki yolg’on?

Tabobatshifo.uz saytida “Psoriazdan xalos bo’lishning uchta siri” sarlavhali material e’lon qilingan. Unda psoriazni davolaydigan “mo’jizaviy usul” haqida so’z boradi. Biz ushbu materialda keltirilgan fikrlar va, umuman, bu usulning samaradorligi haqiqatga qanchalik yaqin ekanligini tekshirib ko’rishga qaror qildik.

HUKM: YOLG’ON

Reklama xususiyatiga ega materialda 17 yoshligida psoriazga chaligan qiz hikoyasi berilgan. Maqola qahramoni davolanish uchun qilgan harakatlari vaqtincha bo’lganligini ta’kidlaydi.

Shu o’rinda psoriaz qanday kasallik ekanini ko´rib chiqsak. Psoriaz autoimmun kasallik bo‘lib, yuqumli xarakterga ega emas. Bunda bir qator ichki sabablarga ko‘ra sog‘lom teri hujayralari g‘ayritabiiy tezlikda yangilanadi, bu ularning epidermisning tashqi qatlamida to‘planishi va eksfoliatsiyasiga (kimyoviy moddalar yordamida teri yuzasidan o’lik teri hujayralarini olib tashlash jarayoni) olib keladi. Natijada psoriaz organizmning deyarli har qanday qismida toshma yoki yaralar shaklida namoyon bo’ladi. Shuningdek, psoriaz surunkali kasallik bo’lib, uni butunlay davolash hozircha imkonsiz, biroq fanga simptomlar bilan kurashishning samarali usullari ma’lum. Boshqa autoimmum kasalliklar singari psoriazning ham aniq kelib chiqish sabablari asoslab berilmagan. Keltirib chiqarishi mumkin bo’lgan omillar qatorida infeksiyalar, stress, terining shikastlanishi, chekish, ba’zi dori-darmonlarni qabul qilish kabilar sanaladi.

Tabobatshifo.uz materialida qahramon sovchilar ko’payib qolganligi, to’ydan keyin esa turmush o’rtog’ining uzoqlashib ketganligi kabi vaziyatlarni tasvirlab bergan. Bunday kontent psoriazga chalingan xotin-qizlarni nozik masalalar orqali manipulyatsiya qilish va shubhali dori vositalarini targ´ib qilish maqsadida qo´llanilgan.

Materialda psoriazdan xalos bo’lish usuli sifatida stressdan uzoq bo’lish, parhez va “mo’jizaviy” dori ko’rsatiladi va shu qismdan reklamaga o’tib ketiladi. 

Tabobatshifo.uz maqolasida keltirilgan, psoriazni davolashiga da’vo qilinayotgan “Dermo detox” brendi ostidagi sirop, sovun va kremni o’rgandik.

Maqolada keltirilgan fotosurat.

Internet tarmog’idagi qidiruv natijasi “Dermo detox” nomli brend mavjudligini, biroq u umuman boshqa dizayn, qadoq va ko’rinishga ega ekanligini ko’rsatadi. Asosan teri parvarishi, mukammalligini ta’minlashga mo’ljallangan asl  “Dermo-detox” vositasida qo´llanilishida qichishish, qizarishni ketkazish xususiyati qayd qilinmagan. Aslida bu vosita yuz niqobi bo´lib, terini detoksifikatsiya qiladi va tozalaydi, ortiqcha issiqligini kamaytiradi va salqinlantiruvchi effektga ega. 

Surat yordamidagi qidiruv bizga sovun va kremning ishlab chiqaruvchisini aniqlash imkonini berdi. Hindistonning “Vasu Healthcare” kompaniyasiga tegishli “Cutis” sovuni, kompaniya veb-saytidagi ma’lumotlarga ko’ra, terini turli mikrob va qo’ziqorin infektsiyalaridan himoya qiladi va terining optimal sog’lig’ini saqlashga yordam beradi. Uning tarkibida aloe vera va shi daraxti yog’i mavjudligi  terini yumshoq va silliq saqlashga yordam beradi. Biroq bu yerda aynan psoriaz haqida so’z yuritilmaydi. Shuningdek, maqoldagi “Dermo detox” sovun qadog’ida ko´rsatilgan soxta logotip haqida ma’lumot yo´q. Sovun aslida mana bunday ko’rinishga ega:

Suratdagi ikkinchi mahsulot – krem ham yuqoridagi hind kompaniyasiga tegishli bo’lib, u ham deyarli “Cutis” sovuni bilan bir xil effektga ega.

Suratda tasvirlangan sirop haqida ma´lumot topilmadi, biroq u ham katta ehtimol bilan “Vasu Healthcare”ning siroplaridan birining qadog’i qalbakilashtirilgan ko´rinish bo’lishi mumkin. Boisi tabobatshifo.uz da “Dermo detox” vositasi haqidagi ta´rif bilan bo’lsa, “Vasuliv” siropi xususidagi ta´riflar o’xshash.

Tabobatshifo.uz materialida tibbiy terminlarni ishlatish bilan bog’liq xatolar ham bor. “Sollagen”, “biolagik” kabi shaklda ishlatilgan so’zlar mahsulotning haqiqiy ekanligiga shubha uyg’otadi. Biroq materialdagi is´temolchilardan deb berilgan sharhlar soxtalashtirilmagan bo’lsa, bu mahsulotni anchagina kishi sotib olib ulgurgan.

Xulosa qilib aytganda:

  • Mahsulot hech litsenziya yoki sertifikatga ega emas. 
  • Suratda keltirilgan qadoqlar soxtalashtirilgan 
  • Haqiqiy mahsulotlar simptomlarni vaqtincha bartaraf etish jihatidan foydali bo’lishi mumkin biroq u, materialda va´da qilingani kabi  psoriazni davolamaydi.