Ikki hafta ichida ko‘rish qobiliyatini tiklash: rostmi yoki yolgon?

Telegram kanallarida bir ayol ikki hafta ichida petrushka va zarchava (kurkuma) qaynatmasi yordamida ko‘rish qobiliyatini tiklagani haqida gapirib berayotgan videorolik tarqalmoqda. “Ushbu qaynatmani kuniga 3 mahal yarim stakandan ichish kerak. Ko‘zoynaklar endi dam olsin”, — deydi u.

HUKM: YOLG‘ON

Ko‘rish qobiliyatini tabiiy ravishda yaxshilaydigan sehrli vosita yo‘q, lekin ba’zi odatlar ko‘zning umumiy salomatligini qo‘llab-quvvatlaydi.

Ko‘z juda sezgir organ bo‘lib, uning muhim qismlariga qon yetkazib beradigan arteriyalar tomonidan quvvatlanadi. Bu ko‘z hujayralariga ozuqa moddalari va kislorod yetkazib berishni ta’minlaydi. Sog‘lom qon aylanishi ko‘z sog‘lig‘ini saqlash uchun muhimdir.

Ko‘pgina hollarda, agar katta yoshli insonning ko‘rish qobiliyati yoshi, genetikasi yoki ko‘z holati tufayli yomonlashgan bo‘lsa, uni korreksiya qiluvchi linzalar yoki jarrohlik amaliyotisiz sezilarli darajada yaxshilashning ilojisi yo‘q.

Balanslangan ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi mavjud ko‘rish qobiliyatini saqlab qolishga yordam berishi mumkin va hatto kelgusidagi yomonlashuv tezligini sekinlashtiradi. Biroq, oziq-ovqat yoki qaynatmalar bilan ko‘rish qobiliyatini tiklash mumkin emas.

Agar siz ko‘rish qobiliyatingizni yaxshilamoqchi bo‘lsangiz, kutishingiz mumkin bo‘lgan real natijalarni belgilab olish muhimdir. Yaxshi ko‘rish qobiliyatiga erishish uchun “mo‘jizaviy” vositalarni taklif qiladigan veb-saytlarga kirishda juda ehtiyot bo‘ling, ayniqsa ular ko‘rish qobiliyatingizni yaxshilaydigan ma’lum bir mahsulotni reklama qilsa.