Ovqatlanish buzilishi haqida ko‘plab afsonalar mavjud. Ularning aksariyati noto‘g‘ri va asossizdir.
Ko‘pincha ular odamlarning bunday muammolardan juda uzoq ekanligi va reallikda ularga duch kelmasligi sababli paydo bo‘ladi. Ammo jamiyatda, ommaviy axborot vositalari va tibbiyot muassasalarida ovqatlanish buzilishi holatlarini chuqur tushunish davolanishning yaxshi natijalari va bemor remissiyasiga umid beradi.
Ushbu maqolada eng keng tarqalgan farazlarni ko‘rib chiqamiz. Eating Recovery Center ovqatlanish buzilishi haqida afsonalarni to‘pladi va biz ularni sizga taqdim etamiz.
1-afsona: ovqatlanish buzilishi jiddiy kasallik emas
Fakt: asabiy anoreksiya, bulimiya va kompulsiv ortiqcha ovqatlanish psixogen alomatlari bo‘lgan haqiqiy kasalliklardir. Har bir buzilish Diagnostika va statistik qo‘llanma — ruhiy salomatlik sohasi mutaxassislari uchun ma’lumotnomada aniq mezonlarga ega.
Ovqatlanish buzilishini jiddiy qabul qilish zarurligining yana bir sababi shundaki, ular o‘limga olib kelishi mumkin. Asabiy anoreksiya barcha ruhiy kasalliklar orasida eng yuqori o‘lim darajasiga ega. Statistikaga ko‘ra, asabiy anoreksiya bilan og‘rigan 15 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lgan ayollar boshqa o‘lim sabablaridan ko‘ra bu kasallikdan o‘lishi 12 baravar yuqori.
2-afsona: ovqatlanish buzilishi faqat oziq-ovqat bilan bog‘liq
Fakt: aksariyat odamlar ovqatlanish buzilishi odatda kaloriya, vazn yoki qomatga borasidagi vasvasa bilan bog‘liq deb hisoblasa-da, bu kasalliklar biologik, psixologik va ijtimoiy-madaniy jihatlarga asoslanadi.
O‘zini cheklash, ortiqcha ovqatlanish, tozalanish yoki ortiqcha jismoniy mashq qilish, odatda, inson hayotidagi muhim narsani nazorat qilishga urinishini bildiradi. Atrofdagilar ovqatlanish buzilishi faqat oziq-ovqat bilan bog‘liq deb hisoblashganligi sababli, ular ko‘pincha yaqinlariga kasallikdan “davolanish” uchun “shunchaki ko‘proq ovqatlanish kerak”, “shunchaki kamroq ovqatlanish kerak” yoki “shunchaki sog‘lom ovqatlanish zarur” kabi maslahatlarni beradilar.
Aslida, ovqatlanish buzilishi ko‘pincha to‘liq davolanishga erishish uchun tibbiy, psixiatrik, terapevtik va diyetologik aralashuvlarning bir nechta kombinatsiyasini talab qiladi.
3-afsona: ovqatlanish buzilishi bilan ayollar og‘riydi
Fakt: tadqiqotlar ovqatlanish buzilishi bilan erkaklarga qaraganda ko‘proq ayollar aziyat chekisini ko‘rsatsa-da, bu kasallik erkaklar va o‘g‘il bolalarda tez-tez uchray boshladi. Ilgari erkaklar ovqatlanish buzilishi bilan og‘rigan odamlarning taxminan 10 foizini tashkil qilar edi. Ammo yaqinda Garvard tadqiqoti shuni ko‘rsatdiki, ovqatlanish buzilishi sababli davolanish uchun murojaat qilgan odamlarning taxminan 25 foizi erkaklardir.
4-afsona: ovqatlanish buzilishidan faqat o‘ta ozg‘in odamlar aziyat chekadi
Fakt: anoreksiya juda kam vazn bilan tavsiflansa-da, bulimiya, kompulsiv ortiqcha ovqatlanish kabi buzilishlar bilan og‘rigan aksariyat odamlar normal vaznga ega. Ovqatlanish buzilishi faqat juda ozg‘in odamlarda bo‘lishi mumkinligi haqidagi noto‘g‘ri tushuncha hattoki tibbiy va ruhiy salomatlik sohalari mutaxassislaridan yordam so‘ragan bemorlarga ham ko‘pincha noto‘g‘ri tashxis qo‘yishga yoki ushbu yordamninng kechikishiga olib keladi.
5-afsona: ovqatlanish buzilishidan kamdan-kam hollarda tuzalishadi
Fakt: tuzalish mumkin. Ovqatlanish buzilishining murakkabligi tufayli bunga bir necha oy yoki yillar kerak bo‘lishi mumkin, ammo davolanish orqali ko‘p odamlar tuzalib ketadi.