Ikki million so‘m evaziga neft magnatiga aylanish: rost yoki yolg’on?

Ijtimoiy tarmoqlarda Business Time akkauntidan neft kompaniyasi investorlar uchun ochiq ekani aytilgan ma’lumot tarqaldi.

Factchecknet.uz reklama va’dalari qanchalik haqiqat ekanini tekshirib ko‘rdi.

HUKM: FEYK

Gap “O‘zbekneftgaz” haqida ketmoqda. Xabarlarda ushbu aktsiyadorlik jamiyatining fotosuratlari keltirilgan, ammo havolalar boshqa veb-resurslarga yo‘naltiradi.

Sarlavhada “O‘zbekneftgaz” aktsiyalarini ikki million so‘mga sotib olish va 4,5 million so‘m miqdorida dividendlar olish taklif qilinmoqda.

“O‘zbekneftgaz” bunday xabarlarni yolg‘on deb atadi.

“Yolg‘on ma’lumotlar orqali firibgarlar sizning telefon raqamlaringiz va plastik kartalaringizdan pul yechib olishlari mumkin. “O‘zbekneftgaz” AJ faoliyati haqidagi haqiqiy ma’lumotlarni faqat www.ung.uz sayti va rasmiy sahifalarida topish mumkin”, — deyiladi xabarda.

Shunday qilib, ikki million so‘m sarmoya kiritganingizdan so‘ng siz neft magnatiga aylana olmaysiz, aksiyalar qiymatidan ikki baravar ko‘p dividend ham ololmaysiz. Bu pullar, albatta, soxta reklamani tarqatgan internet firibgarlarining cho‘ntagiga tushadi.