Ijtimoiy tarmoqlardagi zararli kontent haqida shikoyat qilish tartibi qanday?

Katta ehtimol bilan, ijtimoiy tarmoqlarda yolg‘on yoki soxta ma’lumotlarga duch kelgan bo‘lishingiz mumkin. Nima uchun bunday xabarlarga diqqat qaratish, ular haqida shikoyat yo‘llash kerakligi, hamda Instagram, Facebook va Telegramda buni amalga oshirish tartiblari haqida ushbu maqolada aytib beramiz.

Raqamli jamiyatda axborot olish kundalik hayotning bir qismiga aylandi. Shu ma’noda, kontentning xavfsizligi va haqiqiyligini ta’minlash muhim ahamiyatga ega. Vaqti-vaqti bilan biz zararli yoki soxta bo‘lishi mumkin bo‘lgan, xavotirga soladigan ma’lumotlarga duch kelamiz. Agar siz bunday kontentga duch kelsangiz, bu haqda tegishli platformalar va ularning maxsus xizmatlariga xabar berish muhim jarayondir.

Zararli yoki soxta kontent haqida shikoyat yo‘llash jarayoni odatda bir necha bosqichlarni o‘z ichiga oladi.

Instagram

Agar shikoyat qilinsa, u Instagram jamoasiga tekshirish uchun yuboriladi. Kontent hamjamiyat tartib-qoidalarini buzganligi aniqlanmagunga qadar uni ochiq ko‘rish mumkin bo‘ladi. Ko‘rib chiqish jarayoni bir necha kundan bir necha haftagacha davom etishi mumkin.

Post haqida shikoyat qilish: dastlab menyu tugmasini bosing (…) > keyin “Shikoyat qilish” > xabarni yuborish uchun u “Spam” yoki “Nomaqbul” ekanligini tanlang.

Shaxsga tegishli profil haqida shikoyat qilish: menyu tugmasini bosing (…) > keyin “Shikoyat qilish” > uni yuborish uchun uning “Spam” yoki “Nomaqbul” ekanligini tanlang.

Sharh haqida shikoyat qoldirish: sharh bo‘ylab barmog‘ingizni chapga suring > undov belgisi tugmasini bosing > “Ushbu sharh haqida shikoyat qilish” tugmasini tanlang > uni yuborish uchun “Spam” yoki “Nomaqbul” ekanligini belgilang.

Facebook

Kontent haqida xabar qilinganda, shikoyat tekshirish va bu ma’lumot hamjamiyat standartlarini buzganmi yoki yo‘qligini aniqlash uchun Facebook jamoasiga  yuboriladi.  Xabar talablarni buzayotgani aniqlanguniga qadar, ushbu xabar barcha foydalanuvchilar uchun ochiq holda turadi. Ko‘rib chiqish jarayoni bir necha kundan bir necha haftagacha davom etishi mumkin. 

Biror kishining posti haqida shikoyat qilish: yuqori oʻng burchakdagi menyu tugmasini (…) bosing > “Yordam topish yoki xabar haqida shikoyat qoldirish”ni tanlang > postdagi hamjamiyat standartlarini buzadigan har qanday toifani tanlang > xabarni jo‘natish uchun “Keyingi” tugmasini bosing.

Muayyan sharh haqida shikoyat qoldirish:

Izohning o‘ng tomonidagi menyu tugmasini (…) bosing > “Yordam topish yoki sharh haqidaxabar berish” qismini tanlang > postdagi hamjamiyat standartlariga zid bo‘lgan har qanday toifalarni tanlang > xabarni yuborish uchun “Keyingi”ni tanlang.

Shaxsiy xabar haqida shikoyat qilish: bu haqda xabar berish uchun ma’lum suhbatga o‘tish lozim, shundan so‘ng > “Maxfiylik va qo‘llab-quvvatlash” > “Nimadir noto‘g‘ri” > toifani tanlang va “Keyingi”ni bosing > xabarni jo‘natish uchun “Sarh yuborish”ni tanlang.

Telegram

Kontent haqida shikoyat berilganda, kontentni ko‘rib chiqish va uning hamjamiyat standartlariga zidligini aniqlash uchun Telegram jamoasiga ma’lumot yuboriladi. Murojaat ko‘rib chiqilgunga qadar kontent hamma uchun ochiq bo‘lib qolaveradi. Jarayon bir necha kundan bir necha haftagacha davom etishi ehtimoli yuqori.

Kontent/post haqida shikoyat qilish:

Shikoyat qilmoqchi bo‘lgan xabaringizga o‘ting, uni ushlab turing va “Shikoyat qilish” opsiyasini bosing, shikoyat toifasini tanlang va shikoyatingizni yuboring.

Zararli va soxta kontentga qarshi kurashish jamoatchilik harakati va faol ishtirokini talab qiladi. Bu ishonchli va xavfsiz bo‘lgan onlayn-muhitni yaratishga yordam beradi.

Zararli kontent nima va qanday turdagi materiallar haqida shikoyat yo‘llash kerak?

  • Dezinformatsiya va yolg‘on ma’lumotlar: yolg‘on faktlarni o‘z ichiga olgan maqolalar, postlar.
  • Kiberbullying va zo‘ravonlik: boshqalarni kamsitish, qo‘rqitish yoki haqorat qilishga qaratilgan xabarlar, sharhlar yoki tasvirlar.
  • Nafrat yoki zo‘ravonlikni targ‘ibot qiluvchi kontent: zo‘ravonlik, irqchilik yoki kamsitishning boshqa shakllarini targ‘ib qiluvchi postlar.
  • Ekstremistik kontent: terroristik guruhlar yoki ekstremistik mafkuraga aloqador kontent.
  • Nomaqbul yoki kattalar uchun kontent: shahvoniy mazmundagi yoki bolalar va o‘smirlar uchun nomaqbul, zararli bo‘lishi mumkin bo‘lgan tasvir va so‘zlarni o‘z ichiga olgan kontent.
  • Xavfli xatti-harakatlarni targ‘ib qilish: spirtli ichimliklar, giyohvand moddalarni haddan tashqari iste’mol qilishni yoki xavfli chaqiriqlar va  o‘yinlarda ishtirok etishni targ‘ib qiluvchi, namoyish etuvchi videolar yoki postlar.
  • Spam va firibgarlik kontenti: foydalanuvchilarni moliyaviy daromad olish maqsadida aldashga qaratilgan xabarlar, jumladan, fishing hujumlari va soxta reklama aksiyalari.

Agar siz Internetda shunga o‘xshash xabarlarga duch kelsangiz, befarq bo‘lmang. Ko‘rsatmalarimizga asoslanib, ular haqida xabar berishingizni tavsiya qilamiz.