Ijtimoiy tarmoqlarda avtomobilga ortiqcha yuklamali diskalar taqish jarimaga tortilish uchun sabab bo‘lishi haqida ma’lumot paydo bo‘ldi.
Xabarda 2024-yil 1-iyuldan boshlab joriy qilinadigan yangi chora-tadbirlar haqida so‘z boradi.
“Agar avtomobil shinalari avtomobil vazni (kg) uchun ortiqcha yuklamani keltirib chiqarsa, normadan ortiq o‘lchamning har bir darajasidan kelib chiqib, bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari miqdorida utilizatsiya yig‘imi joriy etilmoqda”, deyiladi postda.
Misol tariqasida, 15 ballonga (R15) mo‘ljallangan Gentraga R16 ballon o‘rnatilsa, million so‘m, R17 bo‘lsa, ikki million so‘m miqdorida jarima solinishi ko‘rsatilgan.
Factchecknet.uz bu maʼlumotning qanchalik toʻgʻriligini tekshirdi.
HUKM: YOLG‘ON
Maʼlumot OAVdan kelgan, ammo unda diskalar uchun jarima emas, balki avtomobil shinalarini ishlab chiqarish va import qilish paytida shinalarni utilizatsiya qilish uchun yigʼim haqida gap ketgan. Iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari Ahadbek Haydarov Kun.uz saytiga bergan intervyusida 2024-yil 1-iyuldan boshlab bitta avtomobil shinasi ogʻirligidan (kg uchun) kelib chiqqan holda BHMning 0,3 foizi miqdorida utilizatsiya yigʻimi joriy etilishini aytdi.
Shinalarning o‘rtacha og‘irligiga qarab utilizatsiya yigʻimi quyidagicha bo‘ladi:
- yengil avtomobillarning R13 dan R20 gacha boʻlgan shinalari uchun 6,2 ming so‘mdan 16,2 ming so‘mgacha;
- yuk avtomobillarining R16 dan R18 gacha bo‘lgan shinalari uchun 11 300 so‘mdan 58 800 so‘mgacha.
Bu mablag‘lar atrof-muhitni muhofaza qilish va “Yashil makon” dasturi doirasidagi loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi. Shu bilan birga, mulozim mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun hech qanday imtiyoz bo‘lmasligiga ishontirdi.Shuni aytib o‘tish joizki, gap 2024-yilga mo‘ljallangan budjet to‘g‘risidagi qonun loyihasi haqida bormoqda. Biroq, u hali prezident tomonidan qabul qilinib, imzolanmagan, shuning uchun eʼlon qilingan chora haqida gapirishga hali erta.