“Farg‘ona tajribasi” yohud 1 kg vazn yo’qotishga 500 ming so’m

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov 2021-yilning dekabr oyida bo‘lib o‘tgan Xalq deputatlari Farg‘ona viloyat kengashining navbatdagi 38-sessiyasida murojaat bilan chiqdi. Hokim o’z nutqida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish masalasiga alohida to‘xtalib o’tdi. Viloyat hokimi ortiqcha vazn muammosi sog‘liqni saqlash tizimida jiddiy oqibatlarni yuzaga keltirayotgani, ko‘plab kasalliklarning kelib chiqishida asosiy sabab bo‘layotganini ta’kidladi. Nutqi davomida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga xizmat qiluvchi “Farg‘ona tajribasi” dasturini yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qildi. Ushbu xabar hokimlikning rasmiy sayti, ijtimoiy tarmoqlardagi Youtube sahifasi va Telegram kanalida e’lon qilingan edi. 

Dasturdan ro’yxatdan o’tgan va vazn tashlashga erishgan fuqarolarga, har bir kilogram yo’qotilgan vazn uchun 500 ming so‘m miqdorida pul berilishi va’da qilindi.  

«Bunda viloyatda yashovchi me’yordan ortiqcha vaznga ega fuqarolar, maxsus dastur doirasida roʻyxatdan oʻtib, ortiqcha vaznni yoʻqotishga erishsalar, har bir kilogram ozish uchun 500 ming soʻm miqdorida pul beriladi. Barcha ijro organlari bu tajribani ommalashtirish boʻyicha ish olib boradilar.

Bu borada maxsus nizom ishlab chiqiladi. Dasturda ishtirok etish istagida boʻlgan fuqarolar yashash joyi boʻyicha poliklinikada vaznni tortirib, qayddan oʻtishlari kerak boʻladi. Olti oydan soʻngra takroriy koʻrik oʻtkaziladi, bir yil davomida qayd etilgan natijaga koʻra, eng kamida 5 kg vazn yoʻqotishga erisha olgan fuqarolarga toʻlov amalga oshiriladi», deyiladi hokimiyat saytida.

Factchecknet.uz ushbu dasturning amalga oshirilishini va berilgan va’dalarning qay darajada bajarilganini tekshirdi.

HUKM: BAJARILMADI

Murojaatda Xayrullo Bozorov bu borada maxsus nizom ishlab chiqilishi, dasturda ishtirok etishni istagan fuqarolar yashash joyi bo‘yicha poliklinikada vaznini tortirib, qayd ettirishlari kerakligi bildirilgan. Olti oydan so‘ng takroriy ko‘rik o‘tkazilishi, bir yil davomida qayd etilgan natijaga ko‘ra, eng kamida 5 kg vazn yo‘qotishga erishgan fuqarolarga to‘lov amalga oshirilishi alohida ta’kidlangan.

Barcha ijro organlari bu tajribani ommalashtirish bo‘yicha ish olib borishlari ham qo‘shimcha qilingan edi. 

Ochiq manbalardagi ma’lumotlarga asoslanib, hamkor Anhor.uz internet nashri orqali viloyat hokimligi va unining axborot xizmatiga 2023 yilning 28 sentyabr sanasida so’rov yubordik. Axborot so’rovida viloyat hokimligidan  qabul qilingan dastur tavsifi va uning amalga oshirilish mehanizmi haqida ma’lumot taqdim etishni so’radik. Biroq oradan 2 oyga yaqin vaqt davimida so‘rovga javob olmadik. So‘rovnoma matni quyidagi havola orqali ko’rish mumkin.

Yuborilgan so’rovlarga javob bo’lmagach nashrimiz jurnalisti Farg’ona viloyatining bir nechta tumanlaridagi markaziy oilaviy poliklinika va qishloq vrachlik punktlarida bo’ldi. Biroq dastur doirasida fuqarolar vaznini o’lchab borishi va ma’lumotlarni to’plab borishi aytib o’tilgan poliklinikalarning hech biridagi shifokorlar bunday topshiriq ikki yil avval ham, hozir ham olmaganlarini aytib o’tishdi. Bunday tashabbusning amalga oshmaganligini bildirishdi.

Viloyat hokimligi rasmiy saytida va ijtimoiy tarmoq sahifalarida ham “Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda “Farg‘ona tajribasi” dasturi yo‘lga qo’yilgani, kechiktirilgani yoki bekor qilingani haqida ma’lumot berilmagan.
Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda “Farg‘ona tajribasi” yo‘lga qo‘yilishi haqidagi murojaat videolavhasi mahalliy nashrlardan tashqari “Xushnudbek.uz” telegram kanali va boshqa markaziy OAVda (1, 2, 3, 4) ham joylashtirilgan edi. Ushbu va’da ayrim OAV sahifasidan o’chirib yuborilganini ham ko’rish mumkin.