2022-yil oktabr oyida poytaxtga 200 ta elektrobus olib kelish va’da qilingan edi. Bu va’da bajarildimi?
Bu haqda O‘zbekiston Prezidentiga elektromobillar sanoatini rivojlantirish va fuqarolarga xizmat ko‘rsatishni kengaytirish loyihasi taqdimoti chog‘ida ma’lum bo‘ldi. Shunda Toshkent shahrida ayni paytda 20 ta elektrobus harakatlanayotgani ma’lum qilingan edi.
Factchecknet.uz ushbu loyihaning amalga oshirilishini oradan bir yil o‘tib o‘rganib chiqdi.
HUKM: BAJARILGAN
2023-yil fevral oyida Yutong Bus kompaniyasidan 300 ta 12 metrli elektrobuslar xarid qilinayotgani ma’lum qilindi.
2023-yil aprel oyida hokimlik matbuot xizmati poytaxtga 233 ta avtobus va elektrobuslar olib kelingani haqida xabar berdi. Ulardan 100 tasi oddiy Yutong elektrobuslar, 103 tasi 12 metrli Yutong tabiiy gazda ishlaydigan avtobuslar, 30 tasi katta sig‘imli KingLong avtobuslardir.
Joriy yilning aprel oyida “O‘zbekiston 24” telekanali reportajida elektrobuslar soni 189 taga yetgani aytilgan bo‘lsa, iyun oyida OAV yo‘nalishlarga 298 ta elektrobuslar chiqarilgani haqida yozgan edi.
Iyul oyida 300 ta elektrobuslar qatnayotgani, sentyabr oyida esa birinchi bo‘g‘inli elektrobus qatnay boshlashi ma’lum bo‘ldi.
Shunday qilib, va’da bajarildi. Vaholanki, ishtaha ovqat paytida keladi, deganlaridek, Toshkent hokimligi Xitoyning BYD avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyasi bilan ikki ming elektrobus sotib olish bo‘yicha ramka shartnomasini imzoladi. 2024-yilda esa K9UD eBus rusumli 200 ta elektrobuslarning birinchi partiyasini Toshkentga olib kelish rejalashtirilgan.