Toshkentda 170 ta “mini-poliklinika” ochildimi?

2022-yil noyabr oyida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, maxsus tibbiy konteynerlarda faoliyat yuritadigan 170 ta mini-poliklinikalar ochilishi rejalashtirilgandi.

“Yaqin olti oyda poytaxt aholisiga 170 ta ana shunday uchastka tibbiy punktlari xizmat ko‘rsatadi”, — deyiladi xabarda.

Factchecknet.uz Sog‘liqni saqlash vazirligi bergan va’dasini qanchalik bajarganligini tekshirishga qaror qildi.

HUKM: BAJARILMAGAN

Factchecknet.uz mazkur mini-poliklinikalar qayerda joylashganligini aniqlash maqsadida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga so‘rov yubordi.

Javob xatida va’da qilingan 170 ta mini-poliklinikaning 30 tasi ochilgani aytilgan.

“Toshkent shahrining bosh rejasi yoʻqligini hisobga olib, Sogʻliqni saqlash vazirligi aholining birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalariga, jumladan, mini-poliklinikaga boʻlgan ehtiyojini oʻrganish, shuningdek, mavjud infratuzilmaga yuklamani aniq hisoblashni rejalashtirgan”, — deyiladi javob xatida.

Xat shunchaki quruq javobga o‘xshaydi, chunki, birinchidan, Bosh reja tasdiqlanganda, ko‘p xonadonli turar-joy binolari va barqaror turar-joylarning asosiy hududlari o‘z joyida qoladi, tabiiyki, yuklama o‘zgarmaydi.

Ikkinchidan, agar bu konteynerlar bo‘lsa, unda ularni ko‘chirish bir necha kun ichida amalga oshirilishi mumkin.

Uchinchidan, ushbu poliklinikalarning 75 foizini ochish, 25 foizini esa Bosh reja tasdiqlanganidan keyin joylashtirish uchun qoldirish mumkin edi. 

Bundan tashqari, Bosh rejani tuzishda yangi hududlar uchun ijtimoiy obyektlarni joylashtirishni hisobga olish odatiy holdir.

Toshkentda 170 ta “mini-poliklinika” ochildimi?