Olmaliq shahrida uchinchi misni boyitish fabrikasini (3-MBF) qurish rejalashtirilgan. “3-MBFni ishga tushirish 2023-yil sentabr oyiga mo‘ljallangan”, — degandi “Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisi Abdulla Xursanov 2022-yil 28-sentabr kuni bergan intervyusida.
“…Loyiha ustida Enter Engineering Pte. Ltd loyihalash va qurish yoʻnalishida, shuningdek, texnologik uskunalarni yetkazib beradigan “Uralmashzavod” OAJ ishlashmoqda. Haqiqatan ham, ishlab chiqarish “tayyor holda topshirish” yoʻsinida yaratiladi”, — deb, ta’kidlagan edi rahbar.
Abdulla Xursanov “Globus. Geologiya va biznes” nashri bilan boʻlgan suhbati chogʻida ham, 3-MBFda barcha texnik jarayonlar imkon qadar avtomatlashtirilishi, ilgʻor texnologiyalardan foydalanish rejalashtirilgani, bu esa qayta tiklanish koʻrsatkichi 85 foizga yetkazish imkonini berishini aytib oʻtdi.
Factchecknet.uz ushbu va’daning ijrosini tekshirib ko‘rdi.
HUKM: BAJARILMAGAN
Olmaliq shahridagi misni boyitish kombinati (uchinchi misni boyitish fabrikasi (3-MBF)) majmuasini loyihalash, xarid qilish va qurish bo‘yicha EPC shartnomasini tuzish to‘g‘risida Rossiyaning UZTM KARTEX matbuot xizmati 2021-yil 24-iyun kuni xabar bergandi. “Shartnomaning umumiy qiymati ikki milliard dollarni tashkil etadi, loyihani amalga oshirish muddati 2023-yil”, — deyilgan edi nashrda.
3-MBF qurilishi boʻyicha ishlarga 2021-yil 29-iyulda Prezident Shavkat Mirziyoyev yoʻl ochgan edi. Quvvati 60 million tonna mis-molibden rudasini qayta ishlashga teng boʻlgan uchinchi misni boyitish fabrikasini qurish rejalashtirilgan edi.
Qurilish rejalari 2021-yil 22-dekabr kuni, prezident Olmaliq shahriga yana tashrif buyurganida ham e’lon qilingan edi. Shundan soʻng davlat rahbari matbuot xizmati 3-MBF Olmaliq konida mavjud boʻlgan oltin, mis, kumush, molibden, selen kabi 13 ta qimmatbaho va nodir metallarni qayta ishlashini tashkil etishini maʼlum qildi.
Qurilishni tugatish sanalari rasman OKMK saytida 2022-yil 28-oktabrda eʼlon qilingan: “2023-yilda yakunlanishi rejalashtirilgan 3-MBF qurilishi texnologik liniyalarning ishlab chiqarish quvvatlarini bosqichma-bosqich ishga tushirish bilan amalga oshirilmoqda. “Yoshlik I” konidan yillik 60 million tonna rudani qayta ishlash quvvatiga ega yangi misni boyitish fabrikasi dunyoning yetakchi kon va boyitish uskunalari ishlab chiqaruvchilarining zamonaviy uskunalari bilan jihozlanadi”.

Foto: agmk.uz
2023-yil sentabrida ishga tushirilishi haqida hech qanday xabar yo‘q.
2023-yil 5-oktyabrda Enter Engineering bosh pudratchisi veb-saytida 3-MBF beton quyish boʻyicha rekord oʻrnatgani haqida xabar berilgan.
— Hozir Olmaliq shahridagi OKMK uchun 3-MBF qurilishida ish ayni avjida. Kelajakdagi sanoat giganti har kuni o‘zining haqiqiy qiyofasini ochmoqda”, — deyiladi xabarda.

Foto: Enter Engineering
2023-yil 14-oktabr kuni OKMK faoliyati haqida ma’lumot beruvchi OKMK TV Youtube kanalida “3-MBFda qurilish ishlari qizg‘in ketmoqda” rukni ostida videorolik e’lon qilindi.
OKMK rivojlanish strategiyasida 2023-yil 1-noyabr holatiga ko‘ra, loyihalash ishlariga “Wood” (Italiya) kompaniyasi, loyihani texnik baholash va qabul qilishga “Technip Energies” (Buyuk Britaniya), shuningdek, qurilishni texnik nazorat qilishga esa “Worley Parsons Uzbekistan Engineering” kompaniyasi jalb etilganligi qayd etilgan.
“Qurilish ishlarini jadallashtirish maqsadida qurilish maydonchasi yonida “Enter Engineering” kompaniyasi tomonidan metall konstruksiyalar ishlab chiqaruvchi zavod qurilib, 2022-yilning may oyida foydalanishga topshirildi. Bugungi kunga qadar qurilish hududida 16,4 million kub metr (89 foiz) yer ishlari, 522 ming kub metr (69 foiz) beton ishlari bajarildi. Bugungi kunda 3-MBFda qurilish ishlari olib borilmoqda, obyektda 10 439 dan ortiq quruvchi va 736 ta maxsus texnika ishlamoqda”, — deyiladi kombinat saytida.
Shunday qilib, 3-MBF qurilishi bo‘yicha ishlar davom etmoqda degan xulosaga kelishimiz mumkin. Buni OKMK va Enter Engineering veb-saytlaridagi nashrlar tasdiqlaydi. Biroq, 2023-yil sentabriga qadar, avvalroq OKMK boshqaruvi rahbari taʼkidlaganidek, ish yakuniga yetmagan va ishga tushirish amalga oshirilmagan.
Eʼtibor bering, bosh pudratchi Enter Engineering veb-saytida 3-MBF qurilishini tugatish sanasi 2024 yil deb ko‘rsatilgan. Shu bilan birga, mazkur obyektni loyihalash bilan shug‘ullanayotgan “Uzliti Engineering” kompaniyasi 2022-yil 25-avgust kuni ma’lum qildiki, ishlab chiqarish quvvati 30 million tonna bo‘lgan yangi 3-MBF boyitish fabrikasini 2023-yilda ishga tushirish, 2024-yilda esa bu ko‘rsatkichni ikki barobarga oshirish rejalashtirilgan.