Tishlarni g‘ichirlatish organizmda parazitlar borligini bildiradimi?

Odamlar orasida tishlarni g‘ichirlatish organizmda parazitlar borligidan darak beradi degan qarashlar yuradi. Ayrim tibbiyot muassasalari, brendlar ham o‘z reklama banerlarida, roliklarida tishlarni g‘ichirlatishni parazitlar ta’siri bo‘lishi mumkin deb ta’kidlaydilar (1, 2, 3, 4).

Xo‘sh, tishlarni g‘ichirlatish haqiqatan ham parazitlar bilan aloqadormi? Factchecknet.uz bu ommalashgan tushunchani tekshirib ko‘rdi. 

HUKM: YOLG‘ON

Bir qancha OAVlar tishlarni g‘ichirlatish va parazitlarning o‘zaro aloqador emasligi haqidagi materiallarni o‘z auditoriyalari bilan bo‘lishib keladilar. (1, 2, 3, 4).

Sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy telegram kanalida Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo‘lim boshlig‘i Dinara Do‘stmuhammedovaning aynan shu masaladagi fikrlari keltiriladi: 

“Tishlarni beixtiyor g‘ichirlatish tibbiyotda bruksizm deb ataladi. Kichik yoshdagi bolalarda ushbu holat asosan tunda, uxlayotgan paytda kuzatiladi. Odatda u juda qisqa vaqt, ya’ni 10-15 soniya davom etadi. Bola o‘smir yoshga yetgach, bu holat o‘z-o‘zidan yo‘qoladi. O‘smirlar va kattalarda esa tish g‘ichirlatish deyarli uchramaydi.

Bruksizm bola organizmida sodir bo‘ladigan ayrim jarayonlar sababli yuzaga kelishi mumkin. Xususan, chaqaloqlarda tish chiqishi, kuchli asabiylik, burun bitishi, tepa va pastki tishlar bir-biriga noto‘g‘ri birikishi, mavsumiy allergik xastaliklar, O‘RVI, gripp kabi nafas olish yo‘llari infeksiyalari, vitamin va minerallar yetishmasligi, maktab yoshidagi bolalarda dars yuklamalari va baholar haqida tashvishlanish bruksizmga sabab bo‘lishi mumkin. 

Shu sababli bolani kechiktirmay pediatr yoki stomatolog shifokor ko‘rigidan o‘tkazish lozim. Agar bruksizm stress yoki yuqori asabiy qo‘zg‘aluvchanlik natijasida kelib chiqayotgan bo‘lsa, psixolog yoki nevropatolog maslahati zarur bo‘ladi”.