Linzalar ko‘zlarning orqasiga o‘tib ketishi mumkinmi?

Kontakt linzalari ko‘rish qobiliyatini korreksiya qilishda ko‘zoynaklarga qulay va arzon alternativa hisoblanadi. Ular tabiiy va sun’iy yorug‘likda ko‘rinmaydi, kundalik hayotga halaqit bermaydi va kun bo‘yi aniq ko‘rishni ta’minlaydi.

Kontakt linzalarini taqib yuradigan odamlarda ko‘pincha ularning xavfsizligi haqida savollar paydo bo‘ladi. Ayniqsa,  linzalarning “ko‘z orqasida” o‘tib ketishidan qo‘rqishadi. Ushbu maqolada biz bu afsonaning asossiz ekanini ko‘rsatishga harakat qilamiz.

Bu bitta sababga ko‘ra sodir bo‘lishi mumkin emas: ko‘z olmasining atrofida linza kirib ketishi mumkin bo‘lgan bo‘shliq yoki oraliqlar yo‘q.

Ko‘z olmasini ko‘z chanog‘idan konyunktiva, ko‘z mushaklari va yog‘ qatlami ajratib turadi. Bu barcha qatlamlar va tuzilmalar fiziologik jihatdan linzalarning ko‘z olmasining orqasiga o‘tib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Ko‘zdagi har qanday begona narsa faqat konyunktiva chegaralariga, ya’ni ko‘rish organining shilliq qavatida harakat qilishini tushunish muhimdir. Konyunktiva va ko‘zning ichki qismi o‘rasida anatomik bo‘shliqlar yo‘q.

Ba’zida linzalar yuqori qovoq ostiga o‘tib ketishi mumkin, bu holat ayniqsa ko‘zlar quruq bo‘lsa yoki linzalar qurib qolganida sodir bo‘ladi. Bunday holda quyidagilarni amalga oshirish kerak:

  • ko‘zlaringizni namlash uchun maxsus tomchilardan foydalaning;
  • ko‘zlaringizni yuming va barmoqlaringizni burun ko‘prigi tomon yo‘naltirib, qovoqlaringizni massaj qiling. Agar qattiq linzadan foydalansangiz, massaj harakatlarini qilmang;
  • linzani shox pardaga torting, ikki barmog‘ingiz bilan siqib, ehtiyotkorlik bilan chiqarib oling.