OITS  va OIV haqida eng keng tarqalgan miflar

1-dekabr “Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni” sanalib, shu kuni dunyo bo‘ylab OITSdan xabardorlikni oshirish, kasallik haqida ma’lumot tarqatish harakatlari amalga oshiriladi. 

Ko‘pgina boshqa tibbiy tushunchalar kabi OITS va OIV haqida ham yanglish qarashlar, miflar shakllangan. Rossiya Federatsiyasi Sog ‘liqni saqlash vazirligi tomonidan yaratilgan O-spide.ru portali ushbu kasallik haqida eng keng tarqalgan 5 ta afsona haqida yozadi.

OIV va OITS muammosi haqida ko‘p gapirilishiga qaramay aholi orasida virusning qanday yuqishi, davolash usullari va infeksiyaning o‘zi haqida yanglish tasavvurlar bor. Jamiyatdagi ma’lum huquqbuzarliklar tufayli OIV bilan kasallangan odamlarga nisbatan salbiy munosabat paydo bo‘ladi, bu esa infeksiyalangan odamning (allaqachon xavf ostidagi) hissiy holatiga salbiy ta’sir qiladi. 

1-mif – OIV infeksiyasi mavjud odamni tashqi belgilar orqali farqlab olish mumkin. Aslida esa inson immunitet tanqisligi virusi bilan kasallanganmi yoki yo‘qligini hech qachon mustaqil ravishda aniqlab bo‘lmaydi, chunki infeksiya ta’siri deyarli sezilmaydi. Keyinroq OIV butun tanani zararlaydi va asta-sekin immunitet tizimini yo‘q qiladi, infeksiyaning oxirgi bosqichiga – OITSga qadar rivojlanadi. Shunday qilib, aslida OIV infeksiyasining alomatlari yo‘q, u «jim» kasallik bo‘lib, tegishli davolashsiz o‘limgacha olib kelishi mumkin. Shuning uchun OIV holatini muntazam tekshirib turish va agar infeksiya aniqlangan bo‘lsa, virusli yukni kamaytirishga yordam beradigan antiretrovirus terapiyasidan o‘tish kerak.

2-mif. OIV bilan kasallangan odamlardagi vaziyatni to‘g‘ri baholashga to‘sqinlik qiladigan navbatdagi qo‘rqinchli afsona bu OIVning ishonchli tarzda yaqinlashib kelayotgan o‘lim elchisiga tenglashtirilishidir. OIV bilan zararlangan insonni tez orada muqarrar o‘lim kutadi degan yanglish qarash mavjud. Ammo bu mutlaqo to‘g‘ri emas. Ha, bu kasallik davolanmaydi va davolash tartib-qoidalari va odamlar bilan aloqaning qandaydir ma’noda cheklanishi nuqtai nazaridan hayotni murakkablashtiradi. Ammo antiretrovirus terapiya OIV bilan kasallangan odamning normal holatda yashashi uchun yetarli darajada virus yukini kamaytirishi mumkin. Ba’zi infeksiyalangan odamlar OIV bilan yashash mumkinligini isbotlash uchun yetarlicha uzoq masofalarga yugurib marafonlarda qatnashadilar.

3-mif OIV bilan kasallanish faqat giyohvand kishilar yoki gomoseksuallar orasida uchraydi degan keng tarqalgan e’tiqod bilan bog‘liq. Ilgari (taxminan 30 yil oldin) bu fikr haqiqatga yaqin edi, lekin hozir emas. Mutaxassislarning fikricha, kasallikni yuqtirganlarning aksariyati uni jinsiy aloqa orqali yuqtirgan geteroseksuallardir. Butun dunyo bo‘ylab infeksiyani yutirib olishning jinsiy yo‘li ko‘rsatkichlarda ustunlik qiladi.

4-mif. Yuqtirish yo‘llari haqida gapirganda bu afsona haqida ham aytib o‘tish zarur: siz o‘pish/quchoqlash orqali OIV bilan kasallanishingiz mumkin. Virus yuqishining uchta usuli mavjud. Bularga jinsiy yaqinlik, qon orqali yuqish va OIV bilan kasallangan onaning suti orqali yuqish kiradi. Yaqinda Rossiya shaharlaridan birida qiziqarli tajriba o‘tkazildi: bir qiz «meni quchoqla» deya yozilgan plakat ko‘tarib shahar bo‘ylab aylanib yurdi va atrofdagilar unga iliq munosabat bildirishdi. Keyin u plakatdagi yozuvga “Men OIV bilan zararlanganman” deb qo‘shib qo‘ydi. Shundan so‘ng unga deyarli hech kim yaqinlashmadi. Virusni o‘pish orqali yuqtirib olish mumkin emas, agar mumkin bo‘lgan taqdirda ham, buning uchun siz OIV bilan kasallangan odamning 4 litr tupugini ichishingiz kerak. Faqat shu miqdorda virusning yetarli konsentratsiyasi mavjud bo‘ladi.

5-mif. O-spide.ru fikricha, butun jamoatchilikning ongidan yo‘q qilinishi kerak bo‘lgan beshinchi afsona: OIV bilan kasallangan bola sog‘lom bolalar bilan bog‘chaga bormasligi kerak. Haqiqat shundayki, o‘yin yoki hatto kichik bolalar jangi paytida ham virusni yuqtirish mumkin emas. Insoniyatga ma’lum bo‘lgan virus mavjudligining butun tarixida birorta ham tirnash yoki tishlash orqali yuqtirish holati qayd etilmagan.

JSSTga ko‘ra, epidemiya boshlanganidan beri 85,6 million [65,0–113,0 million] kishi OIV virusi bilan kasallangan va 40,4 million [32,9–51,3 million] kishi OIVdan vafot etgan. Dunyo miqyosida 2022-yil oxiriga kelib 39,0 million [33,1–45,7 million] kishi OIV bilan yashayotgan edi. Butun dunyo bo‘ylab 15–49 yoshdagi kattalarning taxminan 0,7 foizi [0,6–0,8 foizi] OIV bilan yashaydi. Afrika mintaqasida eng og‘ir vaziyat kuzatilmoqda, bu yerda deyarli har 25 nafar katta yoshli kishidan 1 nafari (3,2%) OIV bilan yashaydi. Butun dunyo bo‘ylab OIV bilan yashaydigan odamlarning uchdan ikki qismidan ko‘prog‘i shu hudud ulushiga to‘g‘ri keladi.

“Healthline” tibbiy nashri ham infeksiya haqidagi miflarni to‘plagan.

6-mif – OIV-musbat odamlar zararlanmagan farzand ko‘rishlari mumkin emas. Eng muhimi, OIV bilan yashovchi ayol homiladorlikka tayyorgarlik ko‘rayotganda iloji boricha tezroq ART davolashni boshlash uchun o‘z shifokori bilan hamkorlik qilishi kerak. OIVga qarshi davolanish juda rivojlanganligi sababli agar ayol homiladorlik davrida (jumladan, tug‘ruq va tug‘ruqdan keyingi davrda) shifokor tomonidan tavsiya etilgan OIVga qarshi dori-darmonlarni har kuni qabul qilsa va tug‘ruqdan keyin 4-6 hafta davomida bolani davolashni davom ettirsa, OIVning chaqaloqqa yuqishi xavfi 1% yoki undan kam bo‘lishi mumkin. Shuningdek, OIV bilan kasallangan onaning virus yuki kutilganidan yuqori bo‘lgan taqdirda yuqtirish xavfini kamaytirish usullari mavjud, masalan, kesarcha-kesish yo‘li bilan tug‘ruq va sun’iy sut bilan oziqlantirish shular jumlasidandir. OIV manfiy bo‘lgan, lekin OIV virusini tashuvchi erkak sherigi bilan farzand ko‘rmoqchi bo‘lmoqchi bo‘lgan ayollar ham o‘zlariga va chaqaloqlariga yuqish xavfini kamaytirish uchun maxsus dori-darmonlarni qabul qilishlari mumkin. OIV bilan kasallangan va ART dori-darmonlarini qabul qilayotgan erkaklarda, agar virus yuki aniqlanmasa, yuqish xavfi deyarli nolga teng.

7-mif – OIV har doim OITSga olib keladi. OIV OITSni keltirib chiqaradigan infeksiya hisoblanadi. Ammo bu OIV bilan kasallangan barcha odamlarda OITS rivojlanadi degani emas. OITS immunitet tanqisligi sindromi bo‘lib, vaqt o‘tishi bilan OIVning immunitet tizimiga hujumi natijasida yuzaga keladi. OIV infektsiyasini erta davolash orqali OITSning oldini olish mumkin. “Hozirgi davolash usullari bilan OIV infeksiyasi darajasini nazorat qilish va past darajada ushlab turish, uzoq vaqt davomida sog‘lom immunitet tizimini saqlab qolish mumkin”, deb tushuntiradi doktor, Valden universitetining sog‘liqni saqlash sohasi professori Richard Ximenez. 

———
Ma’lumot o‘rnida, Respublika OITSga qarshi kurash markazi ma’lumotlariga ko‘ra, Oʻzbekistonda har yili 4 ming nafar odamlarda OIV-infeksiya qayd etiladi. 2018-yilda 461 nafar bolada OIV qayd etilgan. UNICEF boshchiligidagi raqamli tafovutni bartaraf etish va jamiyatlarda bilimlarni mustahkamlashga qaratilgan “Yaxshi narsalar interneti” (IoGT) loyihasida aynan o‘smirlar uchun OIV va OITS haqidagi bilimlar beradigan maxsus bo‘lim ajratilgan.