OIV (Odam immun tanqisligi virusi) haqida “shifobaxsh davolash usullari mavjud” degan mish-mishlar juda ko‘p tarqalgan. Ular ilmiy asosga ega emas va odamlarni haqiqiy davodan uzoqlashtirib, hayotini xavf ostiga qo‘yadi. Quyida Factchecknet.uz eng ko‘p uchraydigan yolg‘on “davolash” usullari haqida yozadi.
- Afrika nashrlarida OIV’ning davosi topildi degan xabarlar tarqalgan. Ushbu soxta davo usuli Gambiyaning sobiq prezidenti Yahya Jammehga tegishli. U 2007-yil yanvar oyida Prezidentning Muqobil Davolash Dasturini (PATP)ni yaratdi va keng jamoatchilikka taqdim etgandi. PATP va soxta OIV giyohli davosi davlat ommaviy axborot vositalarida bemorlarning guvohliklari hamda Jammehning davolash jarayonini aks ettiruvchi maxsus ko‘rsatuvlar orqali keng targ‘ib qilindi. Bu OIV bilan yashovchi odamlarni dasturga qo‘shilishga undadi. Jammeh Gambiyada deyarli hech qanday qarshilikka duch kelmadi. Uning ulkan kuchi va ta’siri tufayli PATP “sog‘liqni saqlash diktaturasi”dan boshqa narsa emasdi. Dastur 2007-yildan 2016-yilgacha, Jammeh saylovda yutqazguniga qadar ishlagan. U o‘z davosini samaradorlik va xavfsizlik bo‘yicha ilmiy sinovdan o‘tkazishdan bosh tortdi. Buning o‘rniga, u birinchi to‘qqiz nafar bemorning qon namunalarini Senegalga yubordi va buni samaradorlik isboti deb atadi. Senegallik mutaxassislar buni rad etib, giyohli davoning samaradorligi bo‘yicha hech qanday xulosa qilinmaganini ta’kidladilar. Jammehning tibbiy ma’lumoti yo‘q edi, u faqat o‘rta maktab diplomiga ega edi. Tadqiqotlar va xalqaro sog‘liqni saqlash tashkilotlari bu davolash samarasiz hamda xavfli, degan xulosaga kelgan.
- OIV/OITS’ga qarshi 100 foiz samarali, lekin qimmat dori haqida maqola yozilgan. Unda AQShda ishlab chiqarilgan, narxi 40.000 dollardan ortiq ekanligi aytilgan dori OIV oldini olish hamda davolashda 100 foiz samarali ekanligi aytilgan. Bu OIV’ni davolovchi dori emas, balki unga qarshi kurashda foydalanish mumkin bo‘lgan ART (antiretrovirus preparati) hisoblanadi. Maqola oxirida OIV’ga qarshi vaksinalar haliyam mavjud emasligi, yuqoridagi vaksina ham faqat himoyalashda yordam berishi haqida eslatib o‘tilgan. Boshqa bir tadqiqotda esa lenakapavir dorisining OIV’ni nazorat ostida ushlab turish va xavfini kamaytirishga yordam berishi uchun boshqa OIV dorilari bilan birga qo‘llash tavsiya qilingan. Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti preparatni yiliga ikki marta qo‘llash OIV’ni davolash emas, balki uni yuqtirish xavfini kamaytirishda juda samarali ekanligi haqida aytgan va bu haqida qo‘llanma ham mavjud.
- Kumush OIV/OITS’ni davolashda samarali vosita degan davolar ham mavjud. Tadqiqotda aytilishicha, kumush nanozarralari hujayra uchun zaharli bo‘lmagan konsentratsiyalarda OIV’ga qarshi virusga qarshi faollik ko‘rsatishi isbotlangan, ammo ularning OIV’ni to‘xtatib qolish mexanizmi to‘liq aniqlanmagan.
- OIV bilan kasallangan odamlar oddiy aholiga qaraganda ko‘proq chekadi, bu, ya’ni tamaki ularning umrini uzaytirishi mumkin degan noto‘g‘ri qarashlar ham mavjud. Nikotin to‘g‘ridan to‘g‘ri ART’larga ta’sir qiladi, u OIV xavfini oshirishi, kasalikka qarshi preparatlarning ham nojo‘ya ta’sir qilishiga olib kelishi mumkin.
- Xalq orasida asal va zanjabil OIV’ga davo degan gaplar ham quloqqa chalinadi. Lekin xalqaro qo‘llanmada zanjabil va asal faqat “yondosh belgilar” (masalan, dori ichganda ko‘ngil aynishi)ni yengillashtirish uchun tavsiya etiladi, davolash uchun emas.
Xulosa
Gambiya prezidenti davo deya topgan giyoh ham, kumush ham, nikotin ham, preparatlar ham OIV’ni butkul davolamaydi. Asal va zanjabilni OIV’ning davosi sifatida qabul qilish ham asossiz. Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti OIV/OITS’ni to‘liq davolash mumkin emasligi, OIV testlari targ‘iboti va samarali ART (Antiretroviral terapiya)ning qamrovini kengaytirish kerakligi haqida aytib o‘tgan. OIV’ga qarshi vositalar, preparatlar kasallik xavfini kamaytirishi, tarqalishining oldini olishi va OITS’ga aylanmasligi uchun yordam berishi mumkin, lekin davolamaydi.