“Energetik” ichish natijasida vafot etgan yigit: rost yoki yolg‘on?

Ijtimoiy tarmoqlarda 21 yoshli yigit muttasil “energetik” ichimliklar ichib yurish oqibatida konsert paytida olamdan ko‘z yumganligi haqidagi xabarlar tarqalmoqda. 

Factchecknet.uz bu xabarni tekshirib ko‘rdi.

HUKM: YOLG‘ON

Mashhur qozoq musiqa guruhi – “Irina Kairatovna” vakillari ijtimoiy tarmoqlarda mobilograf Shaxnaz Jilkaydarovning vafoti haqida xabar berdi. 21 yoshli yigit Ostonadagi konsert boshlanishiga bir necha daqiqa qolganida to‘satdan vafot etgan. Uning vafoti tufayli guruh 14 va 15-oktyabr kunlari Ostonada o‘tkazilishi rejalashtirilgan konsertlarini bekor qilindi. 

Keyinroq Ostona sogʻliqni saqlash departamenti “Irina Kairatovna” guruhi kontsertida 21 yoshli mobilografning oʻlimining rasmiy sababini maʼlum qilgan. Ostona sogʻliqni saqlash departamenti matbuot xizmati Tengrinews.kz rasmiy so‘roviga “O‘limning sababi o‘tkir gemorragik pankreatik nekrozi ekanligi toksikologik tadqiqot natijalari bilan tasdiqlandi”, degan  javob yo´llagan.

Professor Abilay Baymaxanovga ko‘ra, kasallik oshqozon osti bezi tomonidan chiqariladigan fermentlar o‘z to‘qimalarini korroziya qila boshlaganda rivojlanadi. O‘tkir pankreatik nekrozlar o‘tkir pankreatit, ya’ni oshqozon osti bezining yallig‘lanishi tufayli yuzaga keladi. Yallig‘lanishning asosi – faollashgan fermentlar tomonidan oshqozon osti bezi to‘qimalarining avtolizi. 

“Fermentlar oshqozon osti bezining to‘qimalarini yeydi, nekroz o‘choqlari paydo bo‘ladi. Sabablari juda ko‘p: asosan spirtli ichimliklarni ko‘p iste’mol qilish, yog‘li va qizarib pishgan ovqatlar, dori vositalarining nojo‘ya ta’siri (lekin bu kamdan-kam uchraydi). O‘t tosh kasalligining mavjudligi ham sabab bo‘lishi mumkin. O‘z vaqtida davolashni boshlamasa, o‘tkir pankreatit pankreatik nekrozga aylanishi ehtimoli bo‘ladi”, – deydi Baymaxanov.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, avvallari o‘tkir pankreatit odatda 40 yoshdan oshgan bemorlarda qayd etilgan bo‘lsa, hozirda ko‘proq yosh bemorlarda kuzatilmoqda. Bu noto‘g‘ri ovqatlanish va fast-fudlar bilan bog‘liq. Professor, shuningdek, energetik ichimliklar pankreatit rivojlanishiga ta’siri haqida shunday dedi: “Energetik ichimliklar asosan yurak-qon tomir tizimiga ta’sir qiladi. Shuningdek, ular jigar va oshqozon shilliq qavatiga ham ta’sir o‘tkazishi mumkin. Energetik ichimliklarni uzoq muddat iste’mol qilish fonida yoshlar chuqur eroziya, oshqozon yarasi va og‘ir qon ketishlardan aziyat chekkan holatlar mavjud. Biroq energetik iste’moli to‘g‘ridan-to‘g‘ri oshqozon osti bezi nekroziga olib kelishi mumkin emas, chunki oshqozon osti bezi nekrozi gemorragiyaga sabab bo‘lgan fermentlarning ta’siridir. Energetik ichimliklar tarkibidagi kofein va faol kimyoviy moddalar esa yurak va jigarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin”.

Mutaxassis o‘tkir pankreatitning asosiy belgilarini sanab o´tgani: qorin og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, yengillik keltirmaydigan takroriy qusish, shuningdek, meteorizm va qorinning shishishi. “Oshqozon osti bezi nekroziga chalinganlikda gumonlanayotgan odam statsionar davolanishga muhtoj. Ya’ni u kasalxonada bo‘lishi kerak, ba’zida davolash intensiv terapiya sharoitida amalga oshiriladi. Davolashda jarrohlar, anesteziologlar va reanimatologlar bevosita ishtirok etadi”, – deydi professor.