Ayrim Telegram kanallarida shunday mazmundagi sarlavhalar paydo bo‘ldi. “Chorsu bozoridan hech narsa qolmadi” deyilgan postlar ham bor edi.
Aslida nima bo‘ldi va haqiqatan ham butun bozor yonib ketdimi?
HUKM: FEYK
Yong‘in haqidagi xabarlar 27-iyundan 28-iyunga o‘tar kechasi paydo bo‘la boshlagan.
Yong‘in haqiqatdan ham Chorsu bozoridagi savdo maydonchalarida sodir bo‘lgan. Biroq, ba’zi kanallardagi xabarlardan farqli o‘laroq, yong‘in butun hududni qamrab olmagan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi yong‘in haqida xabar soat 1:12 da kelib tushganini bildirdi. Voqea joyiga 12 ta yong‘in-qutqaruv guruhi jo‘natildi, ularning birinchisi soat 1:17 da yetib keldi. Soat 02:22 da yong‘in lokalizatsiya qilinib, soat 02:47 da to‘liq o‘chirildi.
Jabrlanganlar haqida xabar berilmagan.Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, faqat Beruniy va Saqichmon ko‘chalaridagi hududlar yonib ketgan. Butunlay vayron bo‘lgan bozor haqidagi onlayn xabarlar feyk deb ataldi.