Ish haqi va lavozimlardagi farq: O‘zbekistondagi gender tafovutlar tahlili

O‘zbekiston Konstitutsiyasida erkaklar va ayollar teng huquqliligi belgilab qo‘yilgan. Asosiy qonunda “homiladorligi yoki bolisi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish yoki ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanadi” deb ta’kidlangan.

Biroq huquqlarda gender tengligi de-yure qog‘ozda mustahkamlanganiga qaramay, amalda ayollar ko‘p sohalarda tengsizlik va kamsitishlarga duch kelishda davom etmoqda. Masalan, ular erkaklarga qaraganda kamroq maosh oladi, biznes va siyosatda rahbarlik lavozimlarini egallash ehtimoli kamroq va sifatli ta’lim olish imkoniyati kamroq. Ayniqsa, tengsiz ish haqi bilan ifodalangan gender tengsizligi, davlat tomonidan ularni bartaraf etish bo‘yicha uzoq muddatli strategiyani talab qiladigan tuzilmaviy sabablarga ega.

O‘zbekistonda gender tengsizligining birinchi sababini ta’lim olish, xususan, oliy ta’lim olish imkoniyatining teng emasligida deb aytish mumkin. Jahon bankining katta iqtisodchisi Uilyam Zeyts “Ayollar mehnatiga haq to‘lash boʻyicha diskriminatsiyaga nisbatan afzalliklar” hisobotida Oʻzbekistonda ular uchun taʼlim yo‘lida deyarli hech qanday muammo yoʻqligini, bu odatda gender tengsizligining asosiy sababi ekanini taʼkidlagan.
Biroq, taʼlim olish imkoniyati jinslar oʻrtasida notekis taqsimlangan. Masalan, 2022/2023 o‘quv yili boshida akademik litseylarda tahsil olayotgan erkaklar ulushi 60 foizdan, kasb-hunar ta’limi muassasalarida esa 73 foizdan oshdi. Shuningdek, mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarida erkaklar umumiy talabalar sonining 52,4 foizini, xorijiy oliy o‘quv yurtlari talabalari orasida esa qariyb 65 foizini tashkil etishi ota-onalarning qizlariga taʼlim sifati ancha yuqori boʻlgan chet elda o‘qish uchun ruxsat berishni istamasligidan dalolat berishi mumkin. Kollej (jami 87,4%) va texnikumlar (67,3%) talabalari oʻrtasida ayollar ustunlik qiladi.

Bundan tashqari, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, ayollarning raqamli ko‘nikmalari erkaklarnikidan 24 foizga past. 2021-yilda 25 yoshdan oshgan erkaklarning qariyb 20 foizi kollej maʼlumotiga ega boʻlsa, ayollarda bu koʻrsatkich 13 foizni tashkil etgan. BMTTD oliy ma’lumotga ega bo‘lish zamonaviy raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirish ehtimolini 19 foizga oshirishini ta’kidlagan. Shunday qilib, raqamli ko‘nikmalarga ega bo‘lish ayollar daromadining uch barobardan ko‘proqqa o‘sishiga olib keladi.

Yana bir sabab ayollarning kam haq to‘lanadigan sohalarda bandligidir. Xuddi shu hisobotda Uilyam Zeyts O‘zbekistonda erkaklar va ayollar o‘rtasidagi ish haqi tafovuti 39 foizni tashkil etishi, bu jahondagi o‘rtacha (20 foiz), Qozog‘iston (22 foiz) va Qirg‘iziston (25 foiz) ko‘rsatkichlaridan ancha yuqori ekanligini ma’lum qildi. Iqtisodchining yozishicha, Mehnat kodeksining yangi tahririda mustahkamlangan teng ish haqi normasi mavjudligiga qaramay, mamlakatda gender tengligiga erishish uchun faqat qonunchilikni tartibga solishning o‘zi yetarli emas.

Zeyts va uning hamkasblari O‘zbekistonda shartli ravishda “ayol” va “erkak” kasblariga bo‘linish mavjudligini, ikkinchisi esa ko‘pincha yuqori maoshli kasblar ekanligini ta’kidlaydi. Ish beruvchilarning ishga olishdagi dikriminatsiyalashgan siyosatining natijalaridan biri ayollar o‘rtasida  yuqori darajadagi ishsizlikdir, u 13% ni tashkil etib, erkaklar orasidagi ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘pdir. Bundan tashqari, ishlaydigan ayollarning ulushi erkaklarnikiga qaraganda 28 foizga kam.

Ayollarning ulushi muhandislik, texnologiya va ilm-fan kabi yuqori maosh oladigan sohalarda ham kam. Shu bilan birga, ta’lim va tibbiyot sohalarida erkak kadrlar yetishmaydi. Masalan, IT-mutaxassis va haydovchi lavozimlari uchun bo‘sh ish o‘rinlariga ko‘pincha erkaklar olmoshi ko‘rsatiladi, aksincha, ayollar kotib, buxgalter va call-markaz operatori lavozimlariga ko‘proq ishga olinadi.

2022-yil holatiga ko‘ra, ayollar sog‘liqni saqlash, ijtimoiy xizmatlar va ta’lim sohalarida ustunlik qiladi — umumiy bandlikning qariyb 75% — bu yerda ish haqi boshqa kasblarga qaraganda past. O‘z navbatida, erkaklar asosan qurilish (94,1%), logistika (92,9%), AKT (66,6%) hamda moliya va sug‘urta faoliyati (58,8%) bilan shug‘ullanadi, bu esa ularga ko‘proq daromad olish imkonini beradi.

Respublikada gender tengsizligining navbatdagi sababi haq to‘lanmaydigan mehnat bo‘lib, uni asosan ayollar bajaradi. Xalqaro mehnat tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, 2018-yilda Oʻzbekistonda ayollar oʻz vaqtining uchdan ikki qismidan koʻprogʻini haq toʻlanmaydigan bolalar parvarishi va uy ishlari bilan oʻtkazadi, bu esa oʻz vaqtining atigi uchdan bir qismini shunday ishlarga sarflagan erkaklarnikidan ancha yuqori.

Jahon bankining taʼkidlashicha, dunyo miqyosida ayollar haq toʻlanmaydigan umumiy ish soatlarining 76 foizini bajaradi, bu global YaIMning 10-39 foizi deb baholanadi, McKinsey konsalting kompaniyasi ayollar erkaklar bilan teng sharoitda ishlaydigan boʻlsa global YaIM 2025-yilga kelib 26% ga oʻsadi, chunki haq toʻlanmaydigan mehnat uchun ish haqi toʻlana boshlaydi, bu yalpi ichki mahsulot hajmini oshiradi, degan xulosaga keldi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston ayollari onalik uchun “jarima”, “shisha shift” kabi muammolarga duch kelishmoqda. Birinchi holda, ayollar oldindan noqulay ahvolda boʻlishadi, chunki ish beruvchi ularning tugʻruq taʼtiliga chiqish xavfini hisobga oladi.

Ikkinchi holda, ular yuqori maosh to‘lanadigan boshqaruv lavozimlarini egallashlari ehtimoli nihoyat past bo‘lib, ular martaba chegarasiga duch kelishadi. Shunday qilib, Get Experts rekruting kompaniyasi turli sohalardagi 253 nafar xodimlar o‘rtasida tadqiqot o‘tkazdi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, ishtirokchilarning yarmidan ko‘pi O‘zbekistonda ayollar uchun martaba to‘siqlari, jumladan, ayol rahbarlarga nisbatan bir tomonlama yondoshish, majburiy tanaffuslar hamda ish va oilani uyg‘unlashtirishdagi qiyinchiliklar mavjudligini tan oldi. Bundan tashqari, ishtirokchilarning 29 foizi “shisha shiftini” martaba qurishdagi asosiy to‘siq sifatida belgilab, erkaklarga o‘z martabasini tezroq oshirish imkonini beruvchi “shisha lift” mavjudligini qayd etdi.

Uilyam Zeytsning eksperimentida ishtirokchilar turli sohalardagi sakkiz ishchi ish haqining adolatliligini baholashlari kerak edi, natijalarga ko‘ra, ayollar misolida ularning maoshi bir xil lavozimdagi erkaklarga qaraganda 7% ko‘prog‘i “adolatli”, 8%  “biroz oshirib yuborilgan” va 13% holda “juda yuqori koʼtarib yuborilgan” deb hisoblashgan. Shu bilan birga, erkaklar misolida, respondentlarning uchdan bir qismi koʼproq “kam ish haqi toʼlanadi” deb taʼkidladilar, buning natijasida Zeyts respublikada ayollar mehnatining qiymati bo‘yicha aniq muntazam tarafkashlik mavjudligini taʼkidladi.

Biroq, bugungi kunda O‘zbekiston hukumati mamlakatda gender tengsizligiga qarshi kurashga qaratilgan amaliy choralar ko‘rmoqda. Masalan, 2019-yilda respublikada xotin-qizlar uchun taqiqlangan kasblarning diskriminatsion roʻyxati bekor qilindi, unda 44 turdagi mehnat turlari bor edi, jumladan, togʻ-kon sanoati, neft va gaz qazib olish, qora metallurgiya, qurilish-montaj ishlari kiradi. 

Ushbu chora-tadbirlar gender inklyuzivligini oshirish va bandlikdagi gender stereotiplariga qarshi kurashishga qaratilgan. Shuningdek, 2021-yilda 2030-yilgacha gender tengligiga erishish strategiyasi tasdiqlangan bo‘lib, uning amalga oshirilishi ayollarni rahbarlik lavozimlariga tez-tez tayinlash, davlat organlarida vaqtinchalik kvota tizimi orqali gender nomutanosibligini bartaraf etish, va ish joyidagi zoʻravonlik, ta’qib qilish holatlarining oldini olish imkonini beradi. 

Ammo, O‘zbekistonda to‘liq gender tengligiga erishishdan avval ayollarning ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, bandlikdagi gender stereotiplariga qarshi kurashish, mehnat huquqlarini amalda ta’minlash, ularning iqtisodiy o‘sishiga xizmat qiluvchi haq to‘lanadigan mehnatga undash bo‘yicha ko‘p ishlar qilish kerak.