Haqiqatan ham Xitoyda yangi, oʻta yuqumli virus-mutant avj olganmi va bolalar shifoxonalari toʻlib ketganmi? Bu haqida xabarlar Telegram’da tarqalmoqda.
“Har kuni 7000 kishi kasalxonaga yotqiziladi va kasallik Xitoydan tashqarida ham tarqalish xavfi yuqori. Pekin va Lyaonindagi shifoxonalar toʻlib ketgan, maktablarda darslar esa noma’lum muddatgacha toʻxtatilgan”, — deyiladi postda.
Factchecknet.uz bu ma’lumot qanchalik haqiqat ekanini oʻrganib chiqdi.
HUKM: FEYK
Xabarda manbalar tomonidan qisman tasdiqlangan ayrim faktlar keltiriladi, ammo boshqa ma’lumotlar haqida aytilmagan. Masalan, Pekin va Lyaonindagi kasalxonalarning holati haqida Xalqaro yuqumli kasalliklar jamiyati ProMEDning 21-noyabrdagi hisobotida aytilgan. Aynan shu manbadan 1-dekabr kuni turli veb-nashrlarda, keyin esa Telegram kanallarida “Xitoyda yangi, oʻta yuqumli virus-mutant avj olgani” haqidagi maʼlumotlar chop etildi (1, 2, 3, 4).
Kasallik haqida oktyabr oyidayoq gapirilgan edi
Asosan bolalarda uchraydigan nafas yo‘llari kasalliklarining ko‘paygani haqida 2023-yil 13-noyabrda ma’lum bo‘ldi. O‘shanda Xitoy hukumati bu o‘sishni COVID-19 bilan bog‘liq cheklovlarning bekor qilingani va sovuq mavsum boshlangani, shuningdek, gripp, Mycoplasma pneumoniae, respirator-sintsitial virus (RSV) va koronavirus (SARS-2) kabi ma’lum patogenlar aylanib yurganligi bilan izohlagan edi. Mikoplazma pnevmoniyasi va RSV kattalarga qaraganda bolalarda tez-tez uchrayotgani qayd etilgandi.
Qanday reaksiya qilindi?
ProMED hisobotidan so‘ng, JSST rasmiy ravishda Xitoydan qo‘shimcha epidemiologik va klinik ma’lumotlar, shuningdek, ushbu ro‘yhatga olingan holatlar bo‘yicha laboratoriya natijalari va tarqalayotgan respirator patogenlarining so‘nggi tendentsiyalari haqidagi ma’lumotlarni taqdim etishni so‘radi.
23-noyabr kuni JSST Xitoyning Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi va Pekin bolalar kasalxonasining Xitoy sog‘liqni saqlash organlari bilan Milliy sog‘liqni saqlash komissiyasi va Milliy kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish boshqarmasi ko‘magida telekonferensiya o‘tkazdi, unda so‘ralgan ma’lumotlar taqdim etildi.
Mutaxassislar may oyidan boshlab mikoplazma pnevmoniyasi, shuningdek, oktyabr oyidan boshlab RSV, adenovirus va gripp virusi bo‘yicha bolalarning ambulatoriya konsultatsiyalari va kasalxonaga yotqizish sonining ko‘payishini qayd etdilar. Murojatlarning ko‘payishi mavsumning boshida tarixan ertaroq sodir bo‘lgan, ammo boshqa mamlakatlarda bo‘lgani kabi, COVID-19 cheklovlari olib tashlanganini hisobga olsak, kutilmagan holat emas edi. Xitoy sog‘liqni saqlash idoralari kasallikning namoyon bo‘lishidagi o‘zgarishlar haqida xabar qilmagan.
Virus yangi emas va shifoxonalar to‘lib ketgan emas
“Xitoy rasmiylari noodatiy yoki yangi qoʻzgʻatuvchilar yoxud gʻayrioddiy klinik koʻrinishlar, jumladan Pekin va Lyaoninda aniqlanmagani, faqat maʼlum boʻlgan turli patogenlar tufayli respirator kasalliklarining yuqorida aytib oʻtilgan umumiy oʻsishi haqida xabar berishdi. Shuningdek, ular respirator kasalliklarining ko‘payishi bemorlar sonining shifoxona sig‘imidan oshib ketishiga olib kelmaganini aytishdi”, — deyiladi JSST xabarida.
Kasallik ko‘payishiga nima sabab bo‘lishi mumkin?
Xitoy hukumati oktyabr oyining oʻrtalaridan boshlab virus va bakteriyalarning keng spektrini qamrab oluvchi respirator kasalliklari, jumladan, birinchi marta Mycoplasma pneumoniae uchun kuchaytirilgan ambulator va statsionar kuzatuv oʻtkazilayotganini aytdi. Bu respirator kasalliklarini kuzatishning mavjud mexanizmlarini toʻldiradi va bolalarda nafas olish kasalliklarini aniqlash va roʻyhatga olishning kuzatilgan oʻsishiga olib kelgan boʻlishi mumkin.
Mycoplasma pneumoniae nima?
Tomoq va traxeya infektsiyasini keltirib chiqaradigan keng tarqalgan bakteriya. Bu patogen, shuningdek, Qoʻshma Shtatlardagi bolalar pnevmoniyasining asosiy sababidir, deya xabar beradi Naked Science.
Bu virus-mutant emas
Hozirgi respirator kasallikning avj olishida xabar qilingan alomatlar bir nechta nafas yoʻllari kasalliklariga xosdir hamda Xitoy kuzatuvi va shifoxona tizimlari hozirda klinik koʻrinishlarni maʼlum aylanib yuruvchi patogenlar keltirib chiqarganini xabar qilmoqda. Mycoplasma pneumoniae keng tarqalgan respirator patogeni va antibiotiklar bilan davolash mumkin boʻlgan bolalar pnevmoniyasining keng tarqalgan sababidir.
Bemorlarga qanday tavsiyalar beriladi?
JSST Xitoy aholisiga respirator kasalliklar xavfini kamaytirish choralariga rioya qilishni tavsiya qiladi, jumladan:
- gripp, COVID-19 va boshqa respirator patogenlariga qarshi emlanish;
- kasallanganlar bilan oradagi masofani saqlash;
- kasal boʻlganda uyda qolish;
- tekshiruvdan oʻtish va zarur hollarda tibbiy yordam olish;
- zarur boʻlganda niqob taqib yurish;
- xona ventilyatsiyani taʼminlash;
- qoʻllarni muntazam yuvish.
Safarlar uchun cheklovlar yoʻq
JSST Xitoyga sayohat qiluvchilar uchun hech qanday aniq choralarni tavsiya etmaydi. Umuman olganda, odamlar respirator kasalliklari alomatlari sezilganida, iloji boricha sayohat qilishdan kechishlari kerak. Agar alomatlar sayohat paytida yoki undan keyin paydo boʻlsa, sayohatchilarga tibbiy yordam uchun murojaat qilish va sayohat tarixi haqida shifokor bilan boʻlishish tavsiya etiladi.
“JSST ushbu hodisa haqidagi mavjud maʼlumotlarga asoslanib, sayohat yoki savdoni cheklash tavsiya etmaydi”, — deyiladi xabarda.
Hamma kadrlar ham 2023-yilni aks ettirmaydi
Tarqatilayotgan videoda pandemiyadan oldingi suratlardan foydalanilgan. Buni TinEye fotosuratlar tarixi qidiruvi xizmatidan foydalanib, tekshirish mumkin.
Pushti kurtka kiygan qiz 2017-yilda lenta.ru nashrida paydo boʻlgan.


Chap tomonda videoning skrinshoti, oʻngda esa 2017-yildagi xabar
Koronavirus pandemiyasidan uch yil ilgari va goʻyoki nomaʼlum virus haqida xabarlardan olti yil ilgari olingan.


Chap tomonda videoning skrinshoti, oʻngda 2010-yildagi xabar
Mana, qizil kamzul kiygan o‘g‘il bolani qo‘lida ko‘targan ayol – rasm flickr.com saytiga 2010-yilda, video paydo bo‘lishidan 13 yil avval yuklangan edi.

Atrofida shifokorlar turgan bolaning surati 2018-yilda Pekin ustidagi smog haqidagi maʼlumotda boʻlgan. Xuddi shu surat goʻyoki virus-mutant haqida tarqatilayotgan videoda ham keltirilgan.
Arxiv fotosuratlaridan foydalanib, bu videodagi fotosuratlar eski ekanini aytmaslik, choʻchitish effektini kuchaytiradi. Natijada obunachilar eʼtiborini tortadi. Kontent yaratuvchilar manipulyatsiyadan foydalanib, faktlarni buzib koʻrsatmoqda (aslida maʼlum boʻlgan virusni “nomaʼlum virus-mutant”, deb koʻrsatib), barcha maʼlumotlarni oshkor etmasdan (bu maʼlumotlardan keyin 21-noyabrda yangi, soʻnggi maʼlumotlar paydo boʻldi), mavzuga aloqador boʻlmagan arxiv fotosuratlari bilan videolarni tarqatishmoqda.