FotoForensics: feyk fotosuratlarni qanday aniqlash mumkin

FotoForensics — bu tasvirni onlayn tahlil qilish vositasi. Foydalanuvchilar saytga rasmlarni yuklaganda, u ehtimoliy o‘zgarishlar va manipulyatsiyalarni aniqlab beradi.

FotoForensics turli xato darajalariga ega bo‘lgan joylarni ajratib ko‘rsatadi, bu esa fotosuratlarga kiritilgan o‘zgarishlarni ko‘rsatishi mumkin.

Factchecknet.uz ushbu vositadan foydalanish bo‘yicha ko‘rsatmalarni taqdim etadi. 

FotoForensics.com rasmiy veb-saytiga kiring.

U yerda “Faylni tanlash” tugmasini bosing va tekshirmoqchi bo‘lgan rasmingizni yuklang. FotoForensics JPEG formatini qo‘llab-quvvatlashini unutmang.

Yuklangandan so‘ng, sayt xatolik darajasini (ELA) tahlil qiladi. ELA tasvirdagi ehtimoliy o‘zgarishlarni ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan turli darajadagi noaniqliklarga ega joylarni ajratib ko‘rsatadi.

Qorong‘i joylar fotosuratning o‘zgarmagan qismlariga ishora qiladi. Och ranglar, aksincha, fotosuratdagi ehtimoliy xatolarni aks ettiradi, bu manipulyatsiya xavfini ko‘rsatishi mumkin.

Batafsilroq ko‘rish uchun sizni qiziqtirgan joylarni kattalashtiring. Nomuvofiqliklarni aniqlash uchun tasvirning turli qismlaridagi ko‘rsatkichlarni solishtiring.

Tahlil qilayotganda, fotosuratning umumiy kontekstiga va uning mazmuniga e’tibor bering. Noaniqliklarni, ya’ni g‘ayritabiiy soyalar yoki g‘alati yorug‘liklarni qidiring.

Bundan tashqari, fotosuratning haqiqiyligini tekshirish uchun TinEye kabi vositalar yordamida tasvirni  qidirishni amalga oshiring.

Ilgari biz TinEye  tasvirni qidirish xizmatidan foydalanish bo‘yicha instruksiyalar haqida gapirib bergan edik.

Esda tutingki, bitta vositaning o‘zi fotosuratlar ustida manipulyatsiyalar amal oshirilganini to‘liq isbotlay yoki rad eta olmaydi. To‘liqroq tahlil qilish uchun bir nechta usul va vositalardan foydalanish tavsiya etiladi.