“X kasalligi” nima va nimaga u haqida gapirilmoqda?

Ijtimoiy tarmoqlarda qandaydir “X kasalligi” haqida ma’lumot paydo bo‘ldi. Shuningdek, xabarda butun dunyo yangi pandemiyaga tayyorlanishi kerakligi haqida aytilgan. “O‘limga olib keluvchi kasallik” bilan Telegram kanallari o‘quvchilarini hali 2021-yildayoq qo‘rqitishgan.

Factchecknet.uz ushbu masalani o‘rganib chiqdi.

HUKM: MANIPULYATSIYA

Darhaqiqat, kelib chiqishi noma’lum yangi kasallikka tayyorgarlik ko‘rish mavzusi Davosda bo‘lib o‘tgan Jahon iqtisodiy forumining kun tartibida bor edi. Buni rasmiy manbadagi tadbir dasturi tasdiqlaydi. Ma’ruzachilar orasida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori Tedros Gebreyesus, shuningdek, “AstraZeneca” farmatsevtika kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Mishel Demare, tibbiy asbob-uskunalar ishlab chiqaruvchi “Philips” kompaniyasi bosh direktori Roy Jeykobs va boshqa mutaxassislar bor edi.

Qayd etish joizki, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan xabarlar forum doirasidagi uchrashuvning o‘zidan oldin paydo bo‘ldi. Uning anonsini asos qilib olishdi.

  “...nomaʼlum boʻlgan “X kasalligi” koronavirus pandemiyasidan 20 barobar koʻproq oʻlimga olib kelishi mumkin. Sog‘liqni saqlash tizimini kelajakdagi ko‘plab muammolarga tayyorlash uchun qanday yangi harakatlar kerak?” — deyiladi mavzuli sessiya tavsifida.

Kasallik va keyingi pandemiya hali noma’lum patogen sababli kelib chiqishi mumkinligi tufayli u “X kasallik” nomini oldi. Mutaxassislar bu istiqbolni istisno qilmaydi va hatto ehtimoliy tahdidning asosini keltirishadi: mutatsiya, terroristik hujum yoki laboratoriyadagi ehtiyotsizlik. Gap aniq bir kasallik haqida emas, balki har qanday ehtimoliy kasallik haqida ketayapti, ya’ni mutaxassislar xavflarni hisoblab chiqishmoqda.

“Tajriba shuni ko‘rsatdiki, bizni ko‘pincha kutmagan narsamiz mag‘lub qiladi”, — dedi AQSh  Allergiya va yuqumli kasalliklar milliy instituti direktori doktor Entoni Fauchi. “Biz “Zika” virusini kutmaganimizdek, “Ebola” shaharlarga ta’sir qiladi deb o‘ylamagan edik. “X” kutilmagan degani”, — dedi u.

2018-yildayoq JSST sogʻliqni saqlash sohasidagi favqulodda vaziyatlarda tadqiqot va ishlanmalarni tezlashtirish boʻyicha oxirgi global rejasiga “X kasalligi”ni kiritganligi haqida ma’lum boʻldi. Tadqiqot uchun ustuvor kasalliklar qatoriga “Ebola” epidemiyasi, atipik pnevmoniya va boshqalar kiritilgandi.

“Bu toʻliq roʻyxat emas va keyingi epidemiyaning eng ehtimoliy sabablarini koʻrsatmaydi. JSST ushbu roʻyxatni ehtiyojlar va metodologiyalar oʻzgarishi bilan koʻrib chiqadi va yangilaydi. Ustuvor kasalliklardan kelib chiqib, JSST ularning har biri bo‘yicha tadqiqot va ishlanmalarning yo‘l xaritalarini ishlab chiqadi”, — deyiladi Jahon tashkiloti hujjati matnida.

Bu holda mutaxassislar rivojlanishning ehtimoliy ssenariylarini prognoz qilishadi, shu jumladan eng yomonlarini ham hisobga olishadi.

Ammo, aslida bu sodir boʻlishiga aniq kafolatlar yoʻq. Epidemiya insoniyat rivojlanishining ehtimoliy ssenariylaridan tashqarida emas, lekin u sodir boʻlmasligi ham mumkin.
Shu bilan birga, iqtisodiy forumning tematik sessiyasining oʻtkazilishi ham ba’zi fikrlarni bildirish uchun sabab boʻldi. Masalan, siyosatshunos, MDH davlatlari institutining yetakchi ilmiy xodimi Aleksandr Dudchak “bu globalistlarning oʻz rejalari – Yer sayyorasi aholisini o‘zlariga mos keladigan darajagacha yo‘q qilish haqidagi bayonoti”, — deb hisoblaydi.

Nashr 14-yanvar kuni paydo boʻldi, garchi “X kasalligi”ni muhokama qilish boʻyicha yigʻilish 17-yanvarga belgilangan boʻlsa-da, ya’ni ekspert hali dokladlar matni qanday ekanini bilmagan, ammo oʻz xulosalarini chiqargan.Virusolog Vitaliy Zverev, oʻz navbatida, yangi infektsiya haqida shov-shuv va vahima koʻtarishning hojati yoʻqligini ta’kidladi: “Hozircha bu sof siyosiy, iqtisodiy narsa, uning fanga hech qanday aloqasi yoʻq”.