Sudlanish jarayoni bilan bog’liq norma kuchga kirdimi?

2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da, ya´ni 2023 yilda amalga oshirishga oid davlat dasturi qabul qilingan edi. 

Ushbu dasturning 14-maqsadi 25-bandida 18 yoshga to‘lgunga qadar sodir etgan jinoyati (o‘ta og‘ir jinoyatlar bundan mustasno) uchun jazoni o‘tab bo‘lgan fuqaro “sudlanmagan” hisoblanishiga oid norma qonunchilikka kiritilishi ko’zda tutilgan. Bosh prokuratura, Oliy sud a Adliya vazirligi topshiriqni 2023-yil may oyiga qadar bajarishi belgilangan.

Factchecknet.uz dasturning ushbu bandi ijrosi bajarilganligini tekshirib ko’rdi.

HUKM: BAJARILMAGAN

Taraqqiyot strategiyasi va davlat dasturining joylardagi ijrosi natijadorligini aholiga yetkazish bo’yicha “Inson qadri” portali ma’lumotlariga ko’ra, Bosh prokuror N.T. Yo‘ldoshev tomonidan 2023-yil 14-mart sanasida PF–27-son Farmonda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha Nazorat rejasi tasdiqlanib, ijroga qaratilgan. 

Nazorat rejaga muvofiq, “Voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoiy javobgarlik yanada liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilgan. Loyiga normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi orqali (project.gov.uz) ID-78317-son raqam bilan vazirlik va idoralar bilan kelishilib, jamoatchilik muhokamasidan (regulation.gov.uz) o‘tkazilgan.

Qonun loyihasi 2023-yil 16-maydagi 27/2-160-23-son xat bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga belgilangan tartibda kiritilgan. So’ng loyiha Qonunchilik palatasining birinchi va ikkinchi o‘qishlaridan o‘tkazilib, belgilangan tartibda Oliy Majlis Senatiga kiritilgan.

Biroq haligacha “Voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoiy javobgarlik yanada liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirgani yo’q.