Qozog’istonda yer yorilib, mashinalarni yutib yubordimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlarga ko‘ra, “Qozog‘istonda yer yorilib, avtobus va mashinalarni yutib yuborgan”. Xuddi shunday mazmundagi xabar yana ko‘plab sahifalarda tarqalib ulgurgan (keys: 1, 2, 3, 4, 5). Bu haqiqatan yer yorilishimi? 

Factchecknet.uz xabarning haqiqatga qanchalik yaqin ekanini tekshirib ko‘rdi.

HUKM: QISMAN ROST

Ma’lum bo‘lishicha, Qozog‘istonning Pavlodar viloyatida to‘rt nafar yo‘lovchisi bo‘lgan avtobus shaxta yaqinidagi ulkan chuqurlikka, ya’ni tozalash maydoniga tushib ketgan. Hodisa 4-yanvar kuni mahalliy vaqt bilan taxminan soat 01:25 da “Maykainzoloto” AJ hududida sodir bo‘lgan.

Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi matbuot xizmatiga ko‘ra, o‘pirilish natijasida yuzaga kelgan chuqurlikning uzunligi 150-200 metr, eni 500 metr, qulash chuqurligi 150 metrni tashkil etgan. 

Xodisadan so‘ng shaxtadan 33 nafar ishchi evakuatsiya qilingan, hech kim jabrlanmagan.

7-yanvar kuni Pavlodar viloyati hokimi Asain Bayxanov avtobusning joyi geologik skaner yordamida aniqlangani haqida xabar bergan. 

Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati ma’lumotlariga tayanib, qator OAV: “Korxonaning faoliyati natijasida hosil boʻlgan boʻshliqlar tegishli nazoratga olinmagan. Ular oʻz vaqtida qoʻporilmagani aniqlandi. Oqibatda, tog‘ jinslarining to‘satdan qulashi yuzaga kelgan, bu esa, o‘z navbatida, avariyaga sabab boʻlib, favqulodda vaziyatni yuzaga keltirgan”, — deb ma’lumot berdi. 

Avtobusning chuqurlikka tushib ketgani sababi ma’lum emas. Qidiruv ishlariga 136 kishi, 41 ta texnika, 3 ta kinologik brigada va 2 ta dron jalb etilgan. 

Bir qancha OAVlar voqea joyidan reportajlar tayyorlagan. Barcha tarqalgan video, xabar va reportajlar orqali tushuning mumkinki, bu hodisa yer yorilishi emas.