Telegram kanallardan birida bolalarning oyoqlarini “W” shaklda joylashtirgancha o‘tirishi ularning salomatligi uchun xavfli ekanligi haqida xabar tarqaldi. Unga ko‘ra, bunday holatda o‘tirish bolaning umurtqa pog‘onasiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.
Biz bu xabarning haqiqatga qanchalik mos kelishini tekshirib ko‘rdik.
HUKM: YOLG’ON
Ota-onalarga ko‘pincha agar ularning farzandlari “W” pozitsiyasida o‘tirsa, bu ularning oyoqlari rivojlanishiga salbiy ta’sir qiladi, deb ko‘p yillardan buyon o‘qituvchilar, bobo-buvilar va hatto ba’zi tibbiyot xodimlari ham aytib kelishadi. Aslida esa bunday emas, bu haqda yangi tadqiqot natijalari xabar beradi.

Bundan tashqari, uzoq yillar davomida tibbiyotga aloqador ma’lumotlar ulashuvchi manbalar, bloglar ham “W” shaklida o‘tirishning zararli ekanini ta’kidlab kelishgan (1, 2, 3, 4, 5).
“Aslida, bu tarzda o‘tirish hech qanday zararli ta’sirga ega emas, — deydi Los-Anjelesdagi bolalar kasalxonasi Jeki va Gen Otri ortopediya markazining son sohasini saqlash dasturi direktori Reychel Goldshteyn. — “W” pozitsiyasida o‘tirish haqida juda ko‘p noto‘g‘ri ma’lumotlar mavjud. Agar Google’da bu haqda ma’lumot izlasangiz, dahshatli xabarlar chiqib keladi va siz vahimaga tushib qolasiz. Bunday manbalarda asosan “W” pozitsiyasida o‘tirish bolalardagi son sohasining rivojlanishiga putur yetkazadi, bu ularning umumiy rivojlanishiga zarar yetkazadi, deb ta’kidlanadi”.
AQShdagi Kek tibbiyot maktabining klinik jarrohlik bo‘yicha dotsenti, doktor Goldshteyn “W” shaklida o‘tirishning muammolarga olib kelishini ko‘rsatadigan dalillar yo‘qligini aytadi. Uning aytishicha, “W” tarzida o‘tirish hech qachon tibbiyot sohasi tadqiqotchilari tomonidan rasmiy ravishda o‘rganilmagan va aynan shu holat doktor Goldshteyn va boshqa tadqiqotchilarni mazkur mavzuni o‘rganishga undagan.
“Men ilm-fan orqali “W” shaklida o‘tirish haqida ko‘plab yanglish ma’lumotlar borligini isbotlay olamizmi/yo‘qmi, shuni bilmoqchi edim. “W” tarzida o‘tirish son rivojlanishining normal, tabiiy qismidir”, — deydi u.
“W” tarzida o‘tirish bo‘yicha tadqiqotlar
Tadqiqot o‘tkazish uchun doktor Goldshteyn va uning hamkasblari 2013-yil iyulidan 2016-yil dekabrigacha bo‘lgan davrda Los-Anjelesdagi bolalar kasalxonasiga son rentgenogrammasi uchun kelgan bolalarning ota-onalari bilan bog‘lanishgan. Savol-javob jarayonida ular bolalarning o‘tirish jarayoni bilan bog‘liq odatlari, shu jumladan, “W” pozitsiyasida o‘tirish-o‘tirmasligini so‘rashdi. Shuningdek, so‘rov davomida ota-onalardan “W” shaklida o‘tirish farzandlari uchun zararli ekani haqida ularga aytilganmi yoki yo‘qligi so‘raldi.
Taxminan 46 % ota-ona o‘z farzandining “W” shaklida o‘tirishini yoki avval shunday o‘tirganini aytdi. 26 % ota-onaga esa “W” tarzida o‘tirish bolaning sonlariga ta’sir qiladi, deb aytilgan.
Tadqiqotchilar bolalarning rentgen suratlarini ko‘rib chiqdilar va Dr. Goldshteyn va uning jamoasi hozir ham, o‘tmishda ham “W” shaklida o‘tirgan bolalarda displaziya uchrashi ehtimoli yuqori emasligini aniqladilar. Natijada, displaziya va “W” shaklida o‘tirish o‘zaro aloqador emas, degan xulosaga kelindi.
Nima uchun ba’zi bolalar “W” shaklida o‘tirishadi?
Nima uchun bolalar “W” pozitsiyasida o‘tirishadi, axir bu noqulayku? Goldshteyn sharhlariga asosan, ba’zi bolalarning son suyaklari boshqa bolalarnikiga qaraganda qayishqoqroq, shuning uchun bunday o‘tirish ular uchun hech qanday noqulaylik tug‘dirmaydi. Shuningdek, ayrim bolalar uchun oyoqlarini oldinga qo‘ygan holda o‘tirish noqulay bo‘lishi mumkin, chunki ularning son suyaklari ichkariga qayrilishga nisbatan oldinga qarab kamroq qayriladi. “W” shaklida o‘tirishda haqiqatan ham tashvish tug‘diradigan holat deyarli yo‘q. “W” tarzida o‘tirishning zararli ekani haqidagi afsona qayerdan paydo bo‘lganligi hozircha sir bo‘lib qolmoqda”, — deydi doktor Goldshteyn.