To‘lin Oy salomatlikka salbiy ta’sir ko‘rsatadimi?

To‘lin oy paytida odamlar shifoxonalarga (ayniqsa ruhiy kasalliklar shifoxonalariga) ko‘proq murojaat qilishi, yomon uxlashi, tajovuzkorroq bo‘lishi va hatto o‘z joniga qasd qilishga moyilligi ortishi haqida mish-mishlar bor. “Provereno” faktcheking nashri Yerning tabiiy yo‘ldoshi ushbu fazada inson salomatligiga qanday ta’sir qilishini statistikalar asosida o‘rganib chiqdi.

To‘lin oyning ruhiy kasallikka ta’siri

2017-yilda bir guruh amerikalik olimlar ruhiy kasalliklar klinikasidagi 17 yoshdan katta bo‘lgan 1 857 nafar bemordagi kasallikning kuchayish davrlari va bunday holatlarning oy fazalari bilan bog‘liqligini tahlil qilishdi. Ma’lum bo‘lishicha, to‘lin oy paytida shoshilinch tibbiy yordamga murojaat qilganlar soni oyning boshqa fazalariga nisbatan biroz kamroq bo‘lgan. Biroq, bu farq ishonchli xulosalar chiqarish uchun juda ham kichik edi.

2019-yilda amerikalik tadqiqotchilarning boshqa bir guruhi ham bu kuzatuvlarni tasdiqladi. Ular deyarli besh yil davomida davolanayotgan bemorlarning kasalxonaga yotqizilishi va ahvolining og‘irlashuvi holatlarini o‘rganishdi. Statistikada, xususan, tajovuzkorlik va qo‘zg‘aluvchanlikning ortishi holatlari qayd etilgan. So‘ngra ular to‘plangan ma’lumotlarni Oy fazalari va Quyosh tutilishlari jadvallari bilan taqqosladilar. Ma’lum bo‘lishicha, kutilganidan farqli o‘laroq, to‘lin oy va tutilish davrlarida bemorlar ahvolining og‘irlashuvi kamroq kuzatilgan (biroq, oldingi tadqiqotdagi kabi, bu natijalarni ishonarli deb hisoblash uchun yetarli emas).

Shveysariyalik mutaxassislar ham to‘lin oy odamlarning xulq-atvoriga ta’sir qilishini qayd etmaganlar. 2019-yilda ular mahalliy ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan 17 966 nafar bemorning kasallik tarixini o‘rgandi. Tadqiqotchilarning xulosalariga ko‘ra, oy to‘lgan davrda kasalxonaga yotqizilish darajasi boshqa davrlarga qaraganda yuqori emas, shu fazada tibbiyot muassasasiga kelgan bemorlarning davolanish muddati ham odatiy davrdagi bemorlarniki bilan teng bo‘lib chiqqan.

To‘lin oyning o‘z joniga qasd qilish bilan bog‘liqligi

2005-yilda nemis psixiatrlari 3 054 ta o‘z joniga qasd qilish holatlarini Oy fazalari bilan solishtirib, o‘z joniga qasd qilish chastotasi va oy fazasi o‘rtasida ishonchli bog‘liqlikni topa olmadilar.

Katta meta-tahlillar, alohida kuzatuvlarning natijalarini umumlashtirib, Oyning odamlar xulq-atvoriga hech qanday ta’siri yo‘qligi aniqlandi. 37 ta chop etilgan va chop etilmagan tadqiqotlarni tahlil qilgan Amerika psixologlar assotsiatsiyasi mutaxassislari oy fazasi va ruhiy keskinlashuvlar, shoshilinch yordam talab qiladigan holatlar, o‘z joniga qasd qilishlar, qotilliklar va boshqa zo‘ravonlik jinoyatlari soni o‘rtasida hech qanday bog‘liqlik topa olmadilar. Kanadalik olimlar  o‘z tanlovlariga 20 ta tadqiqotni kiritib, o‘z joniga qasd qilishlar, muvaffaqiyatsiz o‘z joniga qasd qilish urinishlari va suitsid tahdidlari haqida ma’lumotlarni o‘rgandi. Ular ham oy fazasi bilan bog‘liqlikni aniqlamadilar. 

2019-yilda Finlyandiyaning Oulu universiteti olimi Simo Nyayxya Oy fazalari qotilliklar chastotasiga ta’sir qilishi mumkinmi yoki yo‘qmi degan savolga javob izladi. U 1961–2014-yillarda sodir etilgan 6 808 ta jinoyatni tahlil qilib, to‘lin oy davrida ular soni yangi oy chiqqan davrga nisbatan 15% ga kamroq ekanligini aniqladi, oyning eng yorqin va eng qorong‘i kvartallari o‘rtasidagi farq 86% ni tashkil etdi. Olim bu qonuniyatni tushuntira olmadi. Biroq jinoyatchilar faolligi yo‘ldosh ta’siri bilan bog‘liq emas, balki yoritilish darajasi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin deb taxmin qilish mumkin.

Uyqu sifatiga ta’siri

1999-yilda Kaliforniya Universiteti olimlari zamonaviy yoritish vositalari paydo bo‘lishidan oldin Oy kechasi asosiy yoritish manbai bo‘lgan va shu tariqa uyg‘onish va uxlash tartibiga ta’sir qilgan, odatda to‘lin oy uyqu sifatining yomonlashishiga olib kelgan degan gipotezani ilgari surdilar.
2021-yilda shunday tajribani Amerika va Argentina olimlari jamoasi o‘tkazdi. Ular katta shaharlarda yashovchi amerikaliklar va elektr energiyasiga ulanish imkoniyati bo‘lmagan Janubiy Amerikaning Toba qabilasi odamlarining kechalari uxlash sifati va davomiyligini solishtirdi. Oyli kechalarda ikkala tadqiqot guruhlari ham kechroq va kamroq uxlaganlar. Shveysariya tadqiqotchilari tomonidan 33 ko‘ngilli ishtirokida o‘tkazilgan tajribada ham shunga o‘xshash natijalar olindi.

To‘lin Oy salomatlikka salbiy ta’sir ko‘rsatadimi?

Gorizontal o‘q bo‘ylab oy siklining fazalari, vertikal o‘q bo‘ylab esa uyquga ketish uchun zarur bo‘lgan vaqt daqiqalarda joylashtirilgan.

Tadqiqotlar ko‘rsatishicha, to‘lin oy insonlarga sezilarli ta’sir ko‘rsatmaydi. Shuningdek, bolalar tug‘ilishi to‘lin oy payti ko‘proq bo‘ladi degan qarash ham tasdiqlanmagan.  Janubiy afrikalik tarixchi Fransisko Marko-Garsiya 1810-1929-yillar oralig‘idagi 23 689 ta tug‘ilish holati ma’lumotlarini tahlil qildi, bu davr 1 484 ta oy siklini o‘z ichiga olgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, to‘lin oy kunlarida boshqa fazalar bilan bir xil miqdorda tug‘ilishlar sodir bo‘lgan. Shunga o‘xshash yana bir izlanish, yanada yangiroq ma’lumotlar to‘plamini yapon olimlari taqdim etishdi – ular mamlakat janubidagi Fukuoka prefekturasidagi kasalxonalardan birining 1996-2007-yillardagi yozuvlarini o‘rganib chiqishdi. Tadqiqotda jami 1 507 ta tug‘ilish statistikasi qo‘llanildi, mualliflar chala tug‘ilgan chaqaloqlar va sun’iy ravishda tezlashtirilgan tug‘ruqlarni tanlanmadan chiqarib tashlashdi. Olimlar tug‘ilish chastotasi va oy fazasi o‘rtasida bog‘liqlik topmadilar, biroq to‘lin oyda, shuningdek undan oldingi va keyingi kunlarda bolalar ko‘proq kechqurun va tunda, yangi oyda esa kunduzi dunyoga kelganini qayd etdilar. 

Mavjud ilmiy ma’lumotlarga ko‘ra, qariyalar uylarida yashovchilar to‘lin oy paytida oy siklining boshqa fazalariga qaraganda biroz kamroq bezovtalikdan aziyat chekadilar, garchi bu farq statistik jihatdan ahamiyatli bo‘lmasa-da. Bu davrda tashvish yoki tushkunlik sababli ruhiy yordamga murojaatlar soni ortmagan. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, yo‘l-transport hodisalari to‘lin oyda ko‘proq sodir bo‘lmaydi. It tishlagani sababli tibbiy yordamga murojaatlar sonining ko‘payishi ham, giyohvand moddalarni me’yoridan ortiq iste’mol qilish holatlari ortishi ham qayd etilmagan.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, to‘lin oyda odamlar biroz yomonroq uxlasalar-da, bu hayotning boshqa jabhalariga deyarli ta’sir ko‘rsatmaydi. Olimlar Oy fazalari bilan depressiya, tashvish yoki tajovuzkorlik, qotilliklar va boshqa zo‘ravonlik  jinoyatlari, yo‘l-transport hodisalari, o‘z joniga qasd qilish va dori dozasini oshirib yuborish holatlari o‘rtasida bog‘liqlik topishmadi.