2021-yil mart oyida o‘zini jahon IT bozoriga shiddat bilan kirib kelayotgan brend sifatida namoyon qilgan “Smartbolla” xalqaro IT kompaniyasining bugungi shov-shuvi ikki yil oldingi kabi shiddatli emas. Endi uning mashhur shou-biznes vakillaridan iborat PR jamoasi ham, o‘n minglab obunachiga ega SMM mutaxassislari ham va dasturchilari ham yo‘q. Ammo u o‘z ortida reklama va puxta o‘ylangan rejaga ishonib sarmoya tikkan, aldangan va moddiy zarar ko‘rgan yuzlab o‘zbekistonliklarni qoldirdi.
Ushbu jurnalistik surishtiruvda kompaniyaning ilk taqdim qilinish kunlaridan boshlab bugungi kungacha bo‘lgan jarayonni o‘rganamiz, tahlil va taftish qilamiz.
Ma’lumotlar va manbalar qanchalik ishonchli?
Jurnalistik surishtiruv uchun ochiq ma’lumotlar, intervyular, foydalanuvchilar profillaridan, sarmoyadorlar tashkil qilgan ochiq va yopiq Telegram guruhlari ma’lumotlaridan hamda foydalanuvchilar o‘z roziligi bilan taqdim etgan ma’lumotlardan foydalandik. Barcha asl manbalarga havolalar keltirilgan.
Hammasi qanday boshlandi?
“Smartbolla”, ta’sischilari ta’kidlaganidek, xalqaro IT kompaniya bo‘lib, o‘z faoliyatini BAAning Dubay shahrida olib borgan. Uning asoschisi Murad Xasanov — o‘zbekistonlik tadbirkor. Orginfo.uz sayti ma’lumotlariga ko‘ra, Xasanov Murad Abduganiyevich nomi bilan ikki MChJ rasmiylashtirilgan. Ulardan birinchisi — “Facile” MChJ 2018-yilning oktyabr oyida kompyuter dasturlashtirish sohasidagi faoliyat maqsadida 7,5 mln so‘mlik ustav fondi bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
Ikkinchisi — biz o‘rganayotgan “Smartbolla” 2021-yil avgust oyida Toshkent shahar Yunusobod tuman davlat xizmatlari markazi tomonidan 10 mln so‘m ustav fondi bilan ro‘yxatga olingan. Faoliyat turi sifatida ma’lumotlarni joylashtirish va ishlov berish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish belgilangan, hozirda faoliyati tugatilgan. Xasanov tomonidan tashkil qilingan ikkala korxona yo‘nalishi bir-biriga o‘xshab ketishini ko‘rish mumkin.
“Smartbolla” o‘z faoliyatining ilk kunlaridan boshlab 10 ta “noyob algoritmga ega ilovalarni ishlab chiqish g‘oyasi”ni e’lon qilgan.
Qanday ilovalar va’da qilingandi?
Loyiha 10 ta noyob algoritmga ega dasturlarni ishlab chiqish g‘oyasi ustiga qurilgan edi. SMM mutaxassislar mazkur dasturlarning targ‘iboti ustida yaxshi ishladi, PR-rolik va posterlar did bilan ishlangan, biroq shunga qaramay, dasturchilarning ishi ko‘rinmas edi. Dasturlar ishlab chiqilyapti degan quruq va’dalar fonida kompaniya NFT bozoriga ham aralashishga urinib ko‘rdi, lekin, aftidan, bu urinish ham muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Xulosa qilganda, loyiha veb-saytiga ko‘ra, 45 kishidan iborat jamoa 2,5 yildan ortiqroq vaqt davomida hech qanday natija ko‘rsata olmadi. Ular nimalar ishlab chiqmoqchi edilar?
- Paycent — bu blokcheyn tizimidagi to‘lov tizimi;
- Dancent — bu pul ishlash va dam olish uchun karaoke ilovasi;
- AdCent — bu reklama platformasi;
- ShopShock — onlayn do‘kon va jismoniy do‘kon;
- Sandychat — bu messenjer;
- U-Freelancer — ish topish uchun dastur;
- Suppcent — ma’lumot berilmagan;
- Freeluck — ma’lumot berilmagan;
- U-Design — ma’lumot berilmagan;
- Virtual Bussines — ma’lumot berilmagan.
Ushbu 10 ta “noyob” algoritmga ega dastur 2022-yil 20-fevralida taqdim etilishi rejalashtirilgan edi. Ammo, oradan ikki yil o‘tdi hamki, yangilikdan darak yo‘q.
Loyihada ishtirok etishga istak bildiruvchilar kompaniyaga 100 AQSh dollaridan 90 ming AQSh dollarigacha investitsiya kiritishlari va uning bevosita ulushdoriga aylanishlari va’da qilingan. Kompaniya investitsiyalarni qabul qilishning asosiy vositasi sifatida smartbolla.com saytidan foydalangan. Hozirga kelib, sayt faoliyat olib bormayapti. Saytning ishlamasligi investorlar bilan kelishuv shartnomasida ko‘rsatilgan “ulushdorlarga kompaniya faoliyati haqida doimiy ma’lumot berib borish” majburiyatiga zid keladi. Shuningdek, hujjatda “investorlar o‘z shaxsiy kabinetlatiga kira olmasligi uchun kompaniya aybdor emas” bandi ham bor va u yuqoridagi majburiyatni inkor etadi.
Smartbolla.com manzili hozir internet tarmog‘ida mavjud emas. Domen nomi esa 630 yevroga baholanib turibdi.

Veb-arxiv platformasi archive.org orqali biz saytning faol yillaridagi ko‘rinishini kuzatdik. (havola VPN yordamida ochiladi).
Dastlab kompaniyaga investitsiya kiritish PayPal, Visa, Emirates NBD hamda Uzcard to‘lov tizimlari orqali amalga oshirilgan. Buni kompaniyaning Youtube’dagi roliklaridan birida ko‘rish mumkin. Keyingi roliklarda to‘lov usullari qatoridan Uzcard olib tashlanadi.

Ma’lumot uchun, ushbu havolada “Smartbolla”ning turli ijtimoiy tarmoqlardagi reklama roliklari to‘plangan va kompaniya o‘z YouTube sahifasini yopib yuborgan taqdirda ham, videoroliklar saqlanib qoladi.
Aldov qanday boshlandi?
2021-yilning 15-martida kompaniyaning Instagram’dagi sahifasida postlar paydo bo‘ldi. Ilk postlar “Token qanday sotib olinadi?” degan mavzuda yaratildi. Dastlabki promo roliklarda kompaniya, uning maqsad va vazifalari, asoschilari, g‘oyalari, huquqiy asosi haqida hech qanday ma’lumot berilmadi.
Kompaniyaga investitsiya kiritgan, hozirgi paytda sarmoyasining taqdiridan bexabar bo‘lgan bir nechta da’vogar bilan bog‘landik. Ular aynan shou-biznes vakillarining reklamasiga ishonib notanish kompaniyaga pul tikkanlarini ta’kidladilar.
“Mashhur odamlar reklama qildi, shunga “moshennik” bo‘lishmasa kerak, degandim-da. Nahotki, mashhurlar pulini olsa, nimaligiga qaramay, tekshirmay reklama qilib beraveradi”, — deydi ulardan biri.
“Smartbolla” kompaniyasi odamlarni o‘z g‘oyalariga ishontirish uchun katta audioriyaga ega va ularning ishonchiga kira oluvchi mashhurlar bilan hamkorlik qila boshladi. Xususan, ko‘pgina reklama roliklarda Markaziy Osiyoda taniqli aktyor Alisher Uzoqov kompaniyaning “mass-media direktori” sifatida ko‘rsatilgan.

Alisher Uzoqov “Smartbolla” kompaniyasiga aloqadorligini “IntervyuTV” loyihasida jurnalist Feruz Muhammad bilan suhbatida ham aytib o‘tgan va kompaniyadagi faoliyatiga to‘xtalgan.
Birin-ketin boshqa shou-biznes vakillari ham “Smartbolla”ni reklama qila boshladilar. Ozodbek Xurramov (Liil), Ozodbek (Bek vines) va Abdurahmon (Abu vines), Munisa Rizayeva, Rayhon Ulasenova, Jahongir Xo‘jayev (Sariq bola), Mirshakar Fayzullayev va Shahzoda Muhammedova kabilar kompaniyaning targ‘ibotchilaridan edi. Biz ulardan odamlarning aldanib qolishida vositachi bo‘lgan ushbu reklama faoliyatini sharhlab berishlarini so‘radik. Ularning ayrimlari bu shunchaki reklama ekanligini, ijtimoiy tarmoqlardagi reklamani yaratish odatda shunday amalga oshishini aytgan bo‘lsa, boshqalari savolga javob bermadi.
Bir mashhur bloger esa vakili orqali kompaniya haqida ma’lumotlarga ega ekanligini, biroq o‘ziga nisbatan tahdidlar qilinayotganligi sababli uni ochiqlay olmasligini ma’lum qildi. Biz uning xavfsizligini ta’minlash maqsadida ismini ochiqlamaslikni ma’qul ko‘rdik. Bu holat rost bo‘lsa, bir savol tug‘iladi: moliyaviy firibgarliklar sodir etganligi taxmin qilinayotgan kompaniya boshqa turdagi og‘ir jinoyatlarga qo‘l urishga qodirmi?
Alisher Uzoqov telefon orqali suhbatda kompaniya u bilan ham shartnoma bitimlarini buzganini, ya’ni reklama evaziga va’da qilingan summani bermaganini ta’kidladi. Bu jarayonda Uzoqov o‘zi ham jabrlanuvchi ekanini bildirdi.
Jabrlanuvchilarning da’volari qanday?
“Smartbolla” jabrlanuvchilarini topish biz uchun qiyin bo‘lmadi, loyihaning Instagram sahifasida ilk postlar paydo bo‘lgan davrdan (2021-yil mart oyi) uning eng so‘nggi posti qo‘yilgan paytgacha (2022-yil mart) minglab foydalanuvchilar izohlarda “bizning pulimiz nima bo‘ldi, qachon yangilik bo‘ladi?” mazmunidagi xabarlarni yozib qoldirgan. Ularning bir nechtasi bilan aloqaga chiqishga muvaffaq bo‘ldik. Xususan, jabrlanuvchilardan biri D.J. ning bizga taqdim etgan ekran suratlarida uning loyihaga 1000$ miqdoridagi mablag‘ni kiritgani ko‘rinadi. Keltirilgan manbada jabrlanuvchining 1295-investor bo‘lib ro‘yxatdan o‘tganini ko‘rish mumkin.

Boshqa bir investor 5000$ miqdorida pul o‘tkazganligini, hozirda pullarni qaytarib olish istagi borligini, shu sabab boshqa ma’lumotlarni ochiqlashni xohlamasligini bildirdi. Jabrlanuvchilardan yana biri “Dorul Omon” jome masjidi imom hatibining kompaniya rahbari bilan chiqishidan keyin ularga ishonch bildirganini aytadi. Videoda imom hatib bu sarmoyani “halol” deb fatvo bergan.
Ma’lumot uchun, “Uzreport TV” telekanali ham “Smartbolla” asoschisi Murad Xasanov bilan intervyu tashkillashtirgan. Unda kompaniya dasturiy mahsulotlari yil yakuniga qadar taqdim etadi, deb aytib o‘tiladi (intervyu 2021-yilda olingan).
Murad Xasanov bizga jami 986 nafar investor mavjud deya ma’lumot bergan, lekin yuqoridagi skrinda 1270, 1271 kabi tartib raqamlari bor va bu Xasanov ma’lumotlarini inkor etadi. Biz kompaniya xodimlarini ham suhbatga tortishga urinib ko‘rdik. Loyihaning SMM menejeri sifatida faoliyat olib borgan va keyinchalik asosiy “yuzi”ga aylangan Farhod Karimov bergan savollarimizga javoban u hech narsani bilmasligini, hammasini Murad Xasanovdan so‘rash kerakligini aytish bilan kifoyalandi. Loyihaning yana bir SMM mutaxassisi Mariya Jahangirova jamoada ma’lum muddat oralig‘ida faoliyat olib borganligini, shartnoma muddati tugagach uni tark etganini bildirdi.
Loyihaning Instagram’dagi sahifasida kommentlar yozish funksiyasi cheklab qo‘yilgan, DM orqali yo‘llangan savollarga esa Murad Xasanov faqat “sabr qilinglar, oz qoldi” deb javob qaytarish bilan cheklanyapti.
Shuningdek, biz bilan Telegram orqali suhbatlar chog‘ida ham tadbirkor juda katta yangiliklar amalga oshirilayotganligini, kompaniya tez orada katta to‘lqin bilan o‘zini namoyon qilishini, sabr qilish zarurligini juda ko‘p bora ta’kidladi.
Kompaniya qanday huquqiy asosga ega edi?
Kompaniyaning BAAdagi faoliyatiga tegishli hujjatlar, xususan, investorlar bilan kelishuv shartnomasini uning asoschisidan qo‘lga kiritdik. Keyinchalik yozishmalar Xasanov tomonidan o‘chirib yuborildi. Investorlar bilan kelishuv shartnomasida va bir qancha reklama roliklarida kompaniya bilan bog‘liq har qanday huquqiy jarayonlar, xususan, mojarolarni ko‘rib chiqish BAA qonunchiligi asosida hal qilinishi tez-tez ta’kidlanadi. Xo‘sh, kompaniyaning BAA, Dubay bilan qanday bog‘liqligi bor?
Bizga taqdim etilgan litsenziya hujjatiga ko‘ra, “Smart Bolla Systems Technology” fuqarolik kompaniyasi (civil company) sifatida 2021-yil 25-may sanasida Dubay Iqtisodiy rivojlanish departamenti tomonidan ro‘yxatga olingan. Xuddi shu hujjatga ko‘ra, kompaniya litsenziyasi muddati 2022-yil 24-may sanasida tugagan. Litsenziyada faoliyat turi sifatida kompyuter tizimlari va aloqa uskunalari ishi, dasturiy ta’minot dizayni, axborot texnologiyalari tarmog‘i xizmatlari, portal, internet-kontent provayderi, ijtimoiy tarmoqlar orqali marketing xizmatlari va veb-dizayn bilan shug‘ullanish ko‘rsatilgan.
Fuqarolik kompaniyasi — bu shifokorlar, yuristlar, muhandislar va buxgalterlar kabi professionallar uchun biznes hamkorligi. Fuqarolik kompaniyasi 100% professional sheriklarga tegishli bo‘ladi (injenerlik fuqarolik kompaniyasidan tashqari), lekin odatda BAA milliy mahalliy xizmat agenti talab qilinadi. Ya’ni, (2 tadan 50 tagacha bo‘lgan) turli mutaxassislar birlashib, bir xizmat ko‘rsatish kompaniyasiga asos solishadi.
Murad Xasanovning BAAdagi mahalliy sherigi Salem Obaid Mohammad Khamis Wild Harroh fuqarolik kompaniyasining 25% ulushdori bo‘lgan. Fuqarolik kompaniyasi menejeri etib Xasanovning o‘zi belgilangan. Kompaniya kapitali 300 ming dirham (81 ming AQSh dollari)ni tashkil qilib, shundan 75%iga, ya’ni qariyb 740 mln so‘m kapitalga Xasanov egalik qilgan.
Investorlar bilan kelishuv shartnomasi
Kompaniya va investor o‘rtasidagi shartnoma 13 banddan iborat. Uning 5.3.1-bandida dividendlar olish huquqini sotib olish orqali “Foyda ulushi egasi” har qanday natija va undagi iqtisodiy xavflar uchun javobgar bo‘lishi, foyda ulushi egasi “Smartbolla Systems Technology” MCHJga sarmoya kiritish vaqtida mavjud bo‘lgan har qanday iqtisodiy xavf-xatarlardan voqifligi, 5.5-bandida kompaniya o‘z veb-saytida ushbu shartnomaga o‘zgartirish kiritishi mumkinligi, 8.1-bandida tomonlar kelishuv bo‘yicha o‘z vazifasini to‘liq yoki qisman bajarish majburiyatidan, ushbu majburiyatlar bajarilmaganligi fors-major holatlar natijasida yuzaga kelgan bo‘lsa, ozod etilishi, 9.6-bandida kompaniya va uning sheriklari smartbolla.com veb-saytiga kira olmasligi uchun hech qanday javobgar emasligi, 10-bandida shartnomaning tahrirlangan va faks shakli uning asl varianti bilan teng qonuniy kuchga egaligi, maktublar, telegrammalar, telefon xabarlari, teletayp gram, faks, elektron shaklda yoki tarkibni ko‘rsatadigan va ifoda etadigan subyektlar va har qanday hujjatlar almashinuvi shartnomaning yozma shakliga tengligi, 11.1-bandiga ko‘ra, kompaniya dividendlarga egalik qilish huquqi narxlari, shartnoma shartlari va ehtimollik mavjudligi kompaniya tomonidan qabul qilingan keyingi harakatlar davomida o‘zgarmaydi deb kafolat bermasligi kabilar shular jumlasidandir. Shuningdek, shartnoma matniga ko‘ra, ushbu shartnoma ingliz va o‘zbek tillarida mavjud bo‘lib, uning matnli va ingliz tilidagi versiyalari o‘rtasida hech qanday nomuvofiqlik bo‘lmasa, ingliz tilidagi versiyasi ustunlik qiladi.
Bir nechta jabrlanuvchilar investitsiya kiritishdan oldin shartnoma shartlarini o‘qib ham ko‘rmaganliklarini tan oladilar. Bu holatda jamiyat orasida huquqiy savodxonlik masalasining muammoli ahvolda ekanligi ko‘rinadi.
Murad Xasanovning va’dalari
Sarmoyadorlar da’volarini sharhlab berishini so‘rab, Xasanov bilan suhbatlashdik. U investorlardan ko‘zda tutilgan rejadagi mablag‘ni yig‘ib olishning iloji bo‘lmaganligini, hozirda ishlar katta qarz evaziga davom etayotganligini, har bir ilova harajatlari 470 ming AQSh dollariga aylanayotganligini aytadi. “Sizningcha, biz yolg‘onchi bo‘lsak, odamlar nega ustimizdan arz qilmayapti”, — deydi Xasanov. Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, ayrim jabrlanuvchilar tegishli organlarga shikoyat qilishgan va javob olisholmagan, ayrimlari esa kompaniya kelishuv shartnomasidagi “yuzaga kelgan har qanday nizoli holatlar Dubay qonunchiligiga muvofiq ko‘rib chiqiladi” degan band sabab O‘zbekistondagi tegishli idoralarga murojaat qilishmagan.
Ayrim jabrlanuvchilar ariza yozish orqali o‘zlari kiritgan summani qaytarib olishga bir necha bor urinib ko‘rishgan. Shartnoma matnida tegishli arizalar 90 kalendar kun ichida ko‘rib chiqilishi va pullar 45 kalendar kun ichida qaytarilishi belgilangan. Ammo bizda mavjud ekran tasvirlariga ko‘ra, Xasanov bu va’dani ham bajarmagan.


Bizda ayrim investorlar pullarini qaytarib olganligi mazmunidagi videotasvirlar bor. Ushbu tasvirlar Murod Xasanov tomonidan taqdim etilgan va ulardan boshqa da’vogar sarmoyadorlarni ishontirish, tinchlantirish maqsadida foydalanib kelinmoqda. Shuningdek, videodagi insonlar aynan kimlar va ular qanday pullarini qaytarib olgan, bunisi bizga noma’lum. Video tasvirlardagi shaxslarning daxlsizligini hurmat qilgan holda ularni ochiq shaklda taqdim qilmaymiz, ammo tegishli organlar so‘roviga ko‘ra, o‘zimizda mavjud ma’lumotlarimizni taqdim qila olamiz.
Smartbolla investorlari guruhlari
Kompaniyaga investitsiya kiritgan bir nechta sarmoyadorlar Telegram tarmog‘ida yopiq guruh tashkil qilishgan. Daxlsizlik nuqtai nazaridan guruh havolasini ulashishning iloji yo‘q, biroq rasmiy huquqiy harakatlar boshlangan taqdirda guruh haqidagi ma’lumotlar taqdim qilinishi mumkin. Shuningdek, guruhda bo‘lib, investorlardan ma’lumot to‘plashga harakat qilgan jurnalistga nisbatan Murad Xasanov tomonidan manipulyativ tahdid qilingan:
Ekran tasviri va tahdid matni bu yerda.
Ushbu guruh a’zolari ikkilanmasdan huquq-tartibot idoralariga murojaat qilishlari kerak degan fikrdamiz. Ularning huquq va manfaatlari himoya qilinishi yo‘lida vaziyatni yoritib borishda davom etamiz.