Quyosh panellari mojarosi: Surxondaryoda ish tashlash

Tahririyatimizga Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida qurilayotgan quyosh fotoelektr stansiyasi haqida xabar kelib tushdi. Unga koʻra, Tallashqon massivida o‘rnatilgan quyosh panellari 2024-yil 28-yanvar kuni kuchli shamol oqibatida joyidan ko‘chib tushgan. 

Factchecknet.uz sayti ushbu video lavha yuzasidan surishtiruv o‘tkazdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-yanvardagi PQ-85-son qaroriga muvofiq Elektr energetika tarmog‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etgan holda Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida quvvati 456,6 MVt bo‘lgan fotoelektr stansiyasini qurish belgilangan edi.

Ko‘zlangan maqsad O‘zbekistonda qayta tiklanadigan energiya manbalarini jadal rivojlantirishni ta’minlash, shuningdek, elektr energiyasi ishlab chiqarishda tabiiy gazdan foydalanishni kamaytirishdir. 

Quyosh fotoelektr stansiyasi uchun 601 gektar maydon ajratilgani qayd etilgan. Amaliyot natijasida yiliga 340 million kub metr tabiiy gaz tejalib, 300 mingta xonadon elektr energiyasi bilan ta’minlanishi maqsad qilib qo‘yilgan. Bu loyiha O‘zbekiston hukumati tomonidan Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida amalga oshirilayotgan umumiy quvvati 1 GVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish dasturining bir qismi sanaladi.

Ushbu loyihani amalga oshirish maqsadida Tallashqon massivida 2021-yil 1-iyunda qurilish ishlariga start berilgan. Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida Sherobod quyosh elektr stansiyasi qurilishi munosabati bilan uning poydevoriga kapsula qo‘ygan. Loyiha doirasida g‘olib kompaniya tomonidan quvvati 457 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishi belgilangan. Shuningdek, 220 kVt kuchlanishli yangi nimstansiya va “Surxon” nimstansiyasiga ulanish uchun 52 kilometrlik elektr uzatish tarmog‘i barpo etilishi kerak bo‘lgan.

2024-yil 28-yanvar kuni Sherobod tumanining turli hududlarida, shuningdek Tallashqon massivida ham kuchli shamol kuzatilgan. Shamol quyosh fotoelektr stansiyasida o‘rnatilgan quyosh panellarini har tarafga uloqtirib yuborgan. Voqeaga guvoh bo‘lgan ishchilar biri 29-yanvar kuni qulagan panellarni tasvirga olgan. 

Vaziyatga toʻgʻri baho berish maqsadida Energetika vazirligi bilan bogʻlandik. Biz bilan telefon orqali muloqot qilgan vazirlik axborot xizmati rahbari Hasan Toshxoʻjayevga ko‘ra, “Eng avvalo bu tabiat hodisasi, ya’ni shamol tufayli sodir boʻlgan. Shuningdek, quyosh panellarining hammasi investor (Abu Dhabi Future Energy Company PJSC — Masdar)ning sarmoyasi hisobiga keladi. Biz ularga yer, sharoit hamda huquqiy asos yaratib beramiz xolos. Davlat hisobidan umuman pul ajratilmagan. Bu joyda 91 ta panel qulab tushgan. Hozir panellarni tekshirib chiqib, yaroqlisini qaytadan oʻrnatish ishlari olib borilmoqda. Investorlar yaroqsiz ahvolga kelgan panellar oʻrniga qaytadan eng yaxshisini qoʻyishdan manfaatdor. Chunki ular elektr energiyasini ishlab chiqarib, oʻzimizga sotadi. Hozir bu voqea boʻyicha oʻrganish ishlari olib borilyapti”.

Biz bilan gaplashgan, o‘sha hududda ishlaydigan xodimning so‘zlariga ko‘ra, eshitishicha, bu voqeadan so‘ng shu ishga mas’ul bo‘lgan 75 nafar ishchi ishdan haydalgan. O‘sha hududda ishlayotgan ishchi esa shunday dedi: “Qulab tushgan panellar unchalik ko‘p emas, 200 ta chiqmaydi, 50 yoki 60 tacha panel ko‘chib tushgan. Sababi, ular 1-2 tadan bolt bilan qotirilgan. O‘zlari shunday qilgin, ko‘proq ko‘rinsin deyishgan. 90 tacha panel 1 tadan bolt bilan qotirilgan, ertaga tog‘irlaymiz, deb o‘sha kuni tashlab ketilgan. Bunday panellar juda ko‘p. Qulaganlari o‘rniga yangisi qo‘yib ketilaveriladi. Qo‘shimchasi bilan olib kelib qo‘yilgan”. Shu joyda ishlayotgan ishchi ustaning gaplariga koʻra, ishchilar koʻp vaqtdan buyon oylik maoshlarini olmaganliklari sababli ish tashlash eʼlon qilishgan. Bizga ish tashlash jarayonidan video lavha ham taqdim etdi.

Ilgariroq Energetika vazirligi matbuot xizmati ushbu hududda QFES loyihasini amalga oshirishga 54 ta xalqaro kompaniya qiziqish bildirganligi, ikki bosqichli tanlovdan so‘ng ular ichidan 5 ta malakali ishtirokchilar o‘z takliflarini (tijorat, texnik va moliyaviy) taqdim etgani, shulardan 4 nafari moliyaviy takliflar bosqichida qatnashganligini yozgan edi.

Moliyaviy takliflarning ochilish natijalari quyidagicha bo‘lgan:

1) Abu Dhabi Future Energy Company PJSC (Masdar 457 MVt) – 1 kVt.s elektr energiyasi uchun 1,80 sent;

2) International Company for Water and Power Projecs (ACWA Power 354 MVt) – 1 kVt.s elektr energiyasi uchun 2,48 sent;

3) Jinko Power (HK) Co., Ltd. China Power Holding International (500 MVt) – 1 kVt.s elektr energiyasi uchun 2,16 sent;

4) Total Eren S.A. TOTAL SOLAR INTL (400 MVt) – 1 kVt.s elektr energiyasi uchun 3,39 sent.

Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida o‘tkazilgan xalqaro tender savdolari natijalariga ko‘ra, “Abu Dhabi Future Energy Company PJSC — Masdar” (BAA) eng arzon tarif taklif etib, g‘olib deb topilgan. Yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarni o‘z zimmasiga olgan holda, dastlabki baholash bo‘yicha jami 260 mln AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish belgilangan.

Eslatib oʻtamiz, ushbu yirik inshootni 2023-yil avgustda ishga tushirish rejalashtirilgan. Ammo hozirgi kungacha qurilish ishlari davom etmoqda.
Fotoelektr stansiyasi qurilishida 2 ming kishi, bitganidan keyin 120 nafar mutaxassis ishlashi maqsad qilingan. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib energetika vaziri A. Sultanov tayinlangan. Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari S. Umurzakov zimmasiga yuklatilgan. Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan har chorak yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilishi belgilangan.