Homiladorlik haqida eng keng tarqalgan afsonalar

Homiladorlik va go‘dak parvarishi kabi jarayonlar haqida, shubhasiz, eng ko‘p tasdig‘ini topmagan xabarlar, mish-mishlar va ma’lumotlar yuradi. Ularning aksariyati ko‘p hollarda ortiqcha muammo tug‘dirmasa-da, ayrimlari sabab homilador ayolda uning salomatligi uchun zararli vahima hissi paydo bo‘lishi mumkin. Avstraliya hukumati ishtirokidagi loyiha hisoblanuvchi “Pregnancy, Birth and Baby” nashri homiladorlik haqida eng keng tarqalgan mif (afsona)larni bir maqolaga jamladi.

1-mif. Yeryong‘oq va sut mahsulotlarini iste’mol qilish bolangizda ularga nisbatan allergiya paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin

Agar o‘zingizda allergiya bo‘lmasa yoki shifokoringiz buni qilmaslikni maslahat bermasa, mazkur yeguliklarni iste’mol qilish mutlaqo xavfsizdir. Ba’zi oziq-ovqatlardan voz kechish chaqalog‘ingizda ularga allergiya paydo bo‘lishiga to‘sqinlik qilishi haqida hech qanday dalil yo‘q, shu bilan birga, aksincha, ayrim oziq-ovqatlar iste’molini cheklash chaqalog‘ingiz uchun zararli bo‘lishi mumkin, chunki bunda siz barcha kerakli ozuqa moddalarni ololmaysiz.

Ba’zi zararli mikroblar xavfi tufayli homiladorlik paytida ayrim taomlardan voz kechish yaxshiroqdir. Ular qatorida yumshoq pishloqlar, xom go‘sht yoki baliq, xom yoki chala pishirilgan tuxum kabilar bor.

2-mif. Homilaning o‘g‘il yoki qiz ekanligini aniqlashning turli usullari mavjud

Ona qornining shakli, bolaning faollik darajasi kabilar asosida homilaning qiz yoki o‘g‘il ekanligini aniqlash imkoni bor, degan qarashlar mavjud, lekin bu usullarning hech biri ishlamaydi. Non-invaziv prenatal test (NIPT) 10 haftadan so‘ng chaqaloqning jinsini aniqlashi mumkin bo‘lgan qon testidir. Ko‘p hollarda ultratovush tekshiruvi chaqaloqning jinsini bilishga imkon beradigan yo‘l sifatida ko‘riladi. 

3-mif. Homilador ayol ikki kishi uchun ovqatlanishi kerak

Homilador bo‘lganingizda 2 karra ko‘proq ovqatlanishingiz kerakligini ko‘rsatadigan hech qanday dalil yo‘q. Qancha qo‘shimcha ovqatlanish kerakligi sizning vazningiz va bo‘yingizga, qanchalik faol ekanligingizga va homiladorlikning qachon boshlanganligiga bog‘liq. Ammo, umuman olganda, ko‘pchilik ayollar homiladorlikda kuniga atigi 350 dan 450 gacha qo‘shimcha kaloriya iste’mol qilishlari kerak. Bu meva, qattiq qaynatilgan tuxum yoki smuzilar kabi bir nechta qo‘shimcha sog‘lom gazaklar bo‘lishi mumkin. Ortiqcha ovqatlanish siz uchun ham, chaqalog‘ingiz uchun ham yomon. Muhimi sog‘lom, muvozanatli ovqatlanishdir.

4-mif: Homiladorlik davrida issiq vannalar qabul qilish, sochni bo‘yash yoki sport bilan shug‘ullanish mumkin emas

Homiladorlikda iliq vanna qabul qilish mutlaqo xavfsizdir, lekin suv juda issiq bo‘lishidan saqlanish kerak. Homiladorlik paytidagi gormonal o‘zgarishlar sizni odatdagidan ko‘ra issiqroq his qilishingizga olib kelishi mumkin. Siz kurort vannalaridan qochishingiz kerak, chunki ular tana haroratini oshirishi mumkin, bu esa haddan tashqari issiqlik, suvsizlanish yoki hushdan ketishga olib kelishi ehtimoli bor.

Soch bo‘yog‘idagi kimyoviy moddalarning past darajasi odatda xavfsiz hisoblanadi. Biroq ko‘plab ayollar homiladorlikning dastlabki 12 haftasida sochlarini bo‘yashdan qochishni afzal ko‘rishadi. Agar siz sochingizni bo‘yab qo‘ysangiz, bo‘yoqni imkon qadar qisqa vaqtga qoldirishingiz yoki o‘simlik bo‘yoqlaridan foydalanishingiz mumkin. Agar siz sartarosh bo‘lsangiz, soch bo‘yog‘idan foydalanganda qo‘lqop kiyganingizga ishonch hosil qiling va havo yaxshi aylanadigan joyda ishlang.

Homiladorlikdan oldin bajargan ko‘pgina mashqlaringiz odatda homiladorlik davrida ham xavf tug‘dirmaydi, ammo shifokor yoki akusheringiz bilan maslahatlashish zarar qilmaydi. Agar homiladorlik asoratlanmagan bo‘lsa, siz haftasiga 4-5 marta o‘rtacha 20-30 daqiqadan mashq qilishni maqsad qilishingiz kerak. Ot minish, chang‘i yoki velosipedda uchish kabi yiqilish xavfini tug‘diradigan mashqlardan saqlaning. 

5-mif. Ko‘ngil aynishi faqat ertalab sodir bo‘ladi

Homiladorlik paytida ko‘ngil aynishi (va/yoki qusish) kunning istalgan vaqtida sizning gormonlaringizdagi o‘zgarishlar tufayli paydo bo‘lishi mumkin. Aksariyat ayollarda bu holat odatda ertalab tez-tez uchraydi va 3 oydan keyin holat yaxshilana boshlaydi. Ammo ba’zi ayollarda jarayon butunlay boshqacha kechishi mumkin.

6-mif. Homilador ayol bor uyda mushuk bo‘lmasligi kerak 

Homilador bo‘lganda uy hayvonlaringizdan qutilishning hojati yo‘q. Biroq shuni ham unutmaslik kerakki, homilaga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan toksoplazmoz deb ataladigan kasallik mavjud va siz mushukning najasi bilan kontaktga kirishish orqali uni yuqtirishingiz mumkin. Mushugingizning axlatini tozalashda biror kimdan yordam so‘rang yoki buni qilish uchun qo‘lqop kiying, shuningdek, bog‘dorchilik paytida ham shu kabi ehtiyot choralarini ko‘ring.

7-mif. Maxsus krem cho‘zish (rastyajka) belgilaridan qochishga yordam beradi

Kremlar yoki moylar cho‘zilish belgilarini yo‘qotishi yoki ularning oldini olishi haqida hech qanday dalil yo‘q, ular ko‘pincha vaqt o‘tishi bilan yo‘qoladi.

8-mif. Jig‘ildon qaynashi chaqaloqning sochlari ko‘p ekanligini anglatadi

Kichik bir tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, homiladorlik paytida jig‘ildon qaynashi va chaqaloq sochining qalinligi o‘rtasida bog‘liqlik bo‘lishi mumkin. Biroq homiladorlik paytida jig‘ildon qaynashi busiz ham juda keng tarqalgan.

9-mif. Tug‘ruqdan oldin ko‘kraklarni emizish uchun tayyorlash kerak

Tug‘ishdan oldin ko‘kraklarni emizishga maxsus tayyorlash kerakligi haqida hech qanday dalillar yo‘q.