“Sizni aldashyapti, iqlim o‘zgarishi yo‘q narsa” – turli mediaplatformalarning materiallari shunga o‘xshash tezislar bilan nashr etilmoqda. Mualliflar davom etayotgan ekologik jarayonlar va insonning tabiatga ta’siri xavfi mavjudligini inkor etmoqdalar.
Bunday gaplar qayerdan kelib chiqqan va ular haqiqatga qanchalik yaqin?
Factchecknet.uz bilan birga o‘rganamiz.
1-mif: iqlim o‘zgarishi mavjud emas
Birlashgan Millatlar Tashkiloti muntazam ravishda iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hisobotlarni nashr etadi, shuningdek, dunyoda sodir bo‘layotgan jarayonlar haqida ma’lumot beradi. Klimatologlarning fikriga ko‘ra, so‘nggi 200 yil ichida sodir bo‘lgan deyarli barcha global isish uchun odamlar javobgardir.
Mutaxassislarning fikricha, agar CO2 emissiyasi trayektoriyasi hozirgi darajada saqlanib qolsa va iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini yumshatish bo‘yicha radikal choralar ko‘rilmasa, 2100 yilga kelib Yerning o‘rtacha harorati sanoat inqilobi boshiga ko‘rsatgichlarga nisbatan 4 ℃-6,1 ℃ ga oshadi.
Bu dengiz sathining ko‘tarilishiga va katta maydonlarnngi yashash uchun yaroqsiz holga kelib qolishiga olib kelishi mumkin, qolgan hududlar ekstremal ob-havo hodisalari, hosil yetishmasligi va misli ko‘rilmagan darajadagi migratsiyaga bog‘liq mojarolar tufayli katta bosim ostida qoladi.
2-mif: bu mavzu pul uchun ko‘tariladi
Moliyaviy oqim iqlim dissidentlari e’tibor beradigan masalalardan biriga aylanmoqda. Global isishni inkor etuvchilarni shunday atashadi.
Shu bilan birga, iqlim o‘zgarishining oqibatlari quyidagilardan iborat:
- kuchli qurg‘oqchilik;
- suv tanqisligi;
- kuchli yong‘inlar;
- dengiz sathining ko‘tarilishi;
- qutb muzining erishi;
- halokatli bo‘ronlar va biologik xilma-xillikning yo‘qolishi.
Oqibatlar sayyora aholisi uchun bir necha barobar qimmatga tushishi mumkin.
“Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash choralari hukumatlar va ishbilarmonlar doirasidan katta moliyaviy sarmoya talab qiladi. Biroq, iqlimga nisbatan harakatsizlik bundan ham qimmatga tushadi. Muhim qadamlardan biri sanoatlashgan mamlakatlar o‘z majburiyatlarini bajarishlari yo‘lida rivojlanayotgan mamlakatlarga, ular “yashil” iqtisodiyotlarga moslashishlari va o‘tishlari uchun yiliga 100 milliard dollar ajratishlari kerak”, – deyiladi BMT bayonotida.
3-mif: iqlim o‘zgarishini inkor etuvchilarning gaplari bir joydan chiqadi
CCDH (Raqamli nafratga qarshi kurash markazi) sun’iy intellekt tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, 2023-yilda YouTube’dagi iqlim harakati, ilm-fan va yechimlarga putur yetkazishga qaratilgan “Yangi iqlim inkori” nerrativlari hozirda kontentning 70 foizini tashkil qiladi, olti yil avval bu ko‘rsatkich 35 foizni tashkil etgan.
Sun’iy intellekt matndagi turli xil iqlim inkori bayonotlarining chastotasini aniqlashga yordam berdi. Xususan, 2018-yildan boshlab platformada 96 ta kanaldan minglab soatlik video stenogramma tahlil qilindi.
O‘shandan beri nafaqat raqamlar, balki mavzular ham o‘zgardi. Misol uchun, 2018-yilda inkorchilar orasida “havo sovuq”, “muzlik davriga yaqinlashmoqdamiz” kabi gaplar mashhur edi. Keyin global isishning dalillari paydo bo‘la boshladi va bunday da’volar kamroq bo‘ldi. Bundan tashqari, antropogen iqlim o‘zgarishi sodir bo‘lmaydi, degan da’volar soni ham kamaydi. 2018-yilda barcha chiqishlar taxminan 65%ni, 2023-yilda esa atigi 30%ni tashkil etgan.
4-mif: bu bayonotlar xavf tug‘dirmaydi
“Ilmni inkor etuvchilar. Yassi yerchilar, aksilvakserlar va fitna nazariyotchilari bilan qanday gaplashish kerak?” kitobi muallifi Li Makintayr ilm-fanni inkor etuvchilarni ishontirish kerakligiga amin, chunki ularning chalkashlaklari ba’zan halokatli.
Jamoatchilikdan ham javob bor. 2019-yilda yaratilgan “Team Ninja Trollhunters”ning onlayn faollari internetda paydo bo‘ldi. Ular iqlim o‘zgarishini inkor etuvchilarga qarshi ma’lumot berishmoqda.
Iqlim o‘zgarishini rad etishning onlayn to‘lqini atrof-muhitga oid yechimlarni buzishga harakat qilmoqda, ammo boshqa nazariyalar tarafdorlari har doim javob berishlari kerak. ScepticicalScience.com deb nomlangan portal ham mavjud. U ixlosmandlar tomonidan yurgiziladi va iqlim o‘zgarishi haqidagi eng mashhur raddiyalarga javob beradi.Bundan tashqari, Google iqlim o‘zgarishining mavjudligi va sabablari haqidagi umumeʼtirof etilgan ilmiy fikrga zid bo‘lgan kontentni reklama va monetizatsiya qilishni taqiqladi. Aniqlik kiritilishicha, oʻzgarish iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq boshqa mavzular, masalan, iqlim siyosati, iqlim oʻzgarishi oqibatlari va yangi tadqiqotlarning jamoatchilik muhokamasiga bagʻishlangan mavzulardagi kontentni reklama va monetizatsiya qilishga taʼsir qilmaydi.