Mahalliy elektromobil ishlab chiqarish boshlandimi?

O‘zbekistonda elektromobillar ishlab chiqarish haqida gaplar 2018-yildan beri davom etmoqda, 2019-yil oxirigacha Andijon viloyatining Asaka shahrida elektromobillar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi e’lon qilingan edi. Loyihaga Koreyaning “Rooper Teikom Co. Ltd.” kompaniyasi  sarmoya kiritmoqchi edi. 

HUKM: BAJARILMADI

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2019-yilning sentabr oyida Qo‘qon shahriga tashrifi chog‘ida “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasida faoliyat yuritayotgan “Shaffof Omadli Sanoat” xususiy korxonasiga tashrif buyurdi.  

Prezidentga kompaniya 2021-yildan boshlab elektromobillar ishlab chiqarishni rejalashtirayotgani ma’lum qilindi. Xitoyning “Silk Road” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihaning umumiy qiymati 30 million dollar, jumladan, 24 million dollar xorijiy sarmoya deyilgan edi.

Mahalliy elektromobil ishlab chiqarish boshlandimi?

Dastlabki hisob-kitoblar shuni ko‘rsatdiki, mahalliy elektromobilning taxminiy narxi 3000 dollarni tashkil etadi. Birinchi yilda bir quvvatlanishda 150 km yo‘l bosadigan 2 ming dona elektromobil ishlab chiqarishga va’da berishgandi. Biroq, e’lon qilingan narx hisob-kitoblarning haqiqiyligiga shubha tug‘diradigan bir qator savollarni tug‘dirdi. Hozircha mamlakat bozorida Qo‘qondan elektromobillar yo‘q.

Oradan to‘rt yil o‘tib, 2023-yilning yanvarida Prezident o‘sha yilning 1-sentabriga qadar Jizzaxda elektromobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni topshirdi. 

Biroq ish hali ham joyidan qo‘zg‘almadi, O‘zbekistonda elektromobillar ishlab chiqarilmayapti.

Balki, Prezidentning 2024-yil 18-martdagi “O‘zbekiston Respublikasida elektromobil va gibrid avtomobillar hamda ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarishni tashkil etish” investitsiya loyihasini amalga oshirish to‘g‘risidagi investitsiya shartnomasini tasdiqlash haqida”gi qarori vaziyatni o‘zgartira olar.

Buni vaqt ko‘rsatadi.