Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarga ko‘ra, “Ozempic” yordamida vazn yo‘qotmoqchi bo‘lgan qiz endi “bir umrlik diareya”dan aziyat chekmoqda”. Shuningdek, unda aytilishicha, “Ozempic” diabetga qarshi dori bo‘lib, ko‘plab qizlar tomonidan vazn yo‘qotish uchun ishlatilgan va minimal nojo‘ya ta’sirga ega deb hisoblangan.

Ushbu mazmundagi xabar “DailyMail” nashrida ham ulashilgan.
Factchecknet.uz ushbu xabarni tekshirib ko‘rdi.
HUKM: ROST
Ma’lum bo‘lishicha, “Ozempic” standart davolashga qo‘shimcha sifatida 2-toifa qandli diabet va yuqori yurak-qon tomir kasalliklari xavfi bo‘lgan bemorlarda bu xavfini kamaytirish uchun buyuriladi.
Vosita FDA tomonidan vazn yo‘qotishda qo‘llash uchun tasdiqlanmagan bo‘lsa-da, “Forbes Health” izlanishlariga ko‘ra, ishtahani bostirishga yordam beradi va shu boisdan ham iste’molchilar tomonidan ozish maqsadida qo‘llaniladi. Shuningdek, nashr “Ozempic”ning bir qancha xususiyatlarini o‘rgangani holda shifokor tilidan uning eng ko‘p uchraydigan nojo‘ya ta’sirlari sifatida ko‘ngil aynishi, qusish, diareya va ich qotishi kabilarni keltiradi.
“Mail Online” nashri “Ozempic”ning nojo‘ya ta’sirlaridan aziyat chekkan bir qancha iste’molchilar muammolarini o‘rganib, surishtiruv o’tkazgan.
Ilgariroq “People” nashri qizining to‘yigacha ozish maqsadida “Ozempic”ni qabul qilish ortidan vafot etgan ayol haqida yozgan edi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda “Ozempic” dori vositasi sotuvda bor va yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, undan ozish maqsadida foydalanish tavsiya etilmaydi.

Ekran tasviri dori vositalarini izlab topish imkoniyatlarini kengaytirish uchun ishlab chiqilgan Telegram botdan olingan bo‘lib, u O‘zbekistonda “Ozempic” vositasining qanday shakllari sotuvda mavjud ekanligini ko‘rsatmoqda.